ILM TALABIDA YURGANLAR ALLOH YO‘LIDADIR

63

Ilm olish dinimizda eng ulugʻ ibodatlardan sanaladi. Chunki banda ilm vositasida Rabbini tanishga, U Zotning farzlarini bajarishga, shuningdek, barcha mavjudotlarga taalluqli haqlarni ado etishga muvaffaq boʻladi. Biror din ilm olishga islomchalik targʻib qilmaydi. Islom jaholatga qarshi ilm-maʼrifat bilan kurashishga ham katta eʼtibor qaratadi. Johillikdan ma’rifat sari intilish bu dinimiz ko’rsatmasidir. Qur’oni karimda ham musulmonlar barcha narsaning haqiqatini bilish uchun doimo ilm payida bo’lishga chaqiriladi:

وَقُل رَّبِّ زِدْنِي عِلْمًا

«…“Robbim, ilmimni ziyoda qilgin”, degin» (Toha surasi, 114-oyat).

Islom dini musulmonlarga taraqqiyot yo’lida yurishni farz qilgan, kishilarni ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa narsa to’g’ri yo’lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi. Ilmga qiziqtirish borasida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

«Kim ilm talab qilish yo’liga yursa, Alloh unga jannat yo’lini oson qilib qo’yadi. Farishtalar tolibi ilmni qilayotgan ishidan rozi bo’lgan hollarida qanotlarini yozadilar. Olimga osmondagilar, erdagilar, hatto suvdagi baliqlar ham istig’for aytishadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o’xshaydi. Olimlar anbiyolarning merosxo’rlaridir. Anbiyolar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar, xolos. Kim o’shani olsa, ulug’ nasibani olibdi» (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).

            Boshqa bir hadisi sharifda Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

«مَن خرَج في طَلَبِ العِلمِ، كان في سَبيلِ اللَّهِ حَتَّى يرجِعَ»

«Kim ilm talabida yo’lga chiqsa, toki qaytib kelgunicha Alloh yo’lidadir» (Imom Termiziy rivoyati).

Shuning uchun ham ko’pchilik ulamolarimiz pok niyat va ixlos bilan ilm izlash va ilm yo’lida harakat qilish dinimizdagi nafl ibodatlardan afzal ekanini ta’kidlaganlar.

Abdulloh Ibn Muborak aytadilar: “Ilm o’rganmasdan turib ulug’likka intilgan kishiga hayronman”.

Agar biz haqiqiy taraqqiyotga erishmoqchi bo’lsak, dunyoning peshqadam xalqlari safiga qo’shilmoqchi bo’lsak, ilmga bo’lgan bugungi munosabatimizni Islom ta’limotlari asosida tamoman o’zlashtirishimiz lozim.

Barchamiz yosh avlod ta’lim-tarbiyasi borasidagi davlatimiz olib borayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda o’zaro hamjihatlik ruhida sa’yu-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o’zgartirsak, ko’zlangan maqsad va natijalarga erishamiz.

Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to’g’ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo’lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan jiddiyroq shug’ullanishga undaydi. Tarixda musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko’plab kashfiyotlarni taqdim etganlar. Kashfiyotlarning ko’pi aniq fanlarga to’g’ri kelgan, ya’ni matematika, geometriya, astronomiya, fizika, kimyo hamda tibbiyot fanlari rivojlangan.

Bugungi kun yoshlariga juda ko’p imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay ba’zi yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to’g’ri foydalanishmayapti. Vaholangki, yoshlik davrida vaqtning qadriga yotish, undan unumli foydalanish lozim. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh:

الْعِلْمُ فِي الصِّغَرِ، كالنَّقشِ فِي الْحَجَرِ

«Yoshlikda o’rganilgan ilm toshga o’yilgan naqsh kabidir”, – deganlar.

Buyuk tobeinlardan Alqama ibn Qays rahmatullohi alayh: “Yosh yigitlik davrimda nimani yodlagan bo’lsam, go’yo unga (yodlagan narsamga) varaqqa qaraganday bo’laman”. Ya’ni yoshlikda o’rgangan ilmim shunchalik qalbimda o’rnashdiki, uni biror bir yozilgan qog’ozdan o’qigandek aytishim mumkiin”, der ekanlar.

Shuningdek, ba’zi oilalarda farzand tarbiyasi to’lig’icha televizor yoki telefon vositalariga topshirib qo’yilgan. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so’ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak.

Ma’lumki, dinimizda ilmni diniy va dunyoviyga ajratilmaydi. Qadimda ota-bobolarimiz bu qoidaga amal qilganlaridan ularning ichidan Abu Rayhon Beruniy,  Ahmad Farg’oniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino va Ulug’bek kabi qomusiy olimlar etishib chiqqan. Ular ham diniy ham dunyoviy ilmlarda peshqadam bo’lganlar.

Har qanday yomonlik va razolat ortida ilmsizlik va jaholat yotadi. Shuning uchun ham jamiyatning olimlari, ziyolilari, ayniqsa, ota-onalar millatning ma’naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqi buzilmasligi, soxta va buzg’unchi e’tiqodlar va madaniyatlar ta’siriga tushib qolmasligiga mas’uldirlar.

Farzandlarimizga maktabga borib ta’lim olish ham ibodat ekanini etkazishimiz kerak. Yoshlarning maktabda berilayotgan darslarni puxta o’zlashtirishlariga alohida e’tibor qaratish har bir ota-ona va ustozlarning mas’uliyatidir. Ularni o’z hollariga tashlab qo’yib, qaerda yurgani, kimlar bilan o’rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo’lmaslikning oqibati ayanchli bo’ladi. Alloh asrasin!

Alloh taolo O’zi buyurganidek ibodatlarimizni ado etishga muvaffaq etsin. Xalqimizni xuddi ajdodlari kabi ilm va ma’rifat bilan yuksalishiga va natijada O’zining rozligiga erishishiga muvaffaq etsin! Omin! 

 

Olloyor OMONOV

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus ta’lim muassasasi

o’qituvchisi