ONALAR HURMATINI O‘Z O‘RNIGA QO‘YAYLIK

36

Ma’lumki, muqaddas dinimiz onalarimizni e’zozlashga ularga hamisha mehribon, shirinso’z, xokisor bo’lishga va xizmatlarida doimo shay turishga buyurgan. Chunki, farzandini to’qqiz oy qornida avaylab ko’tarib yurish, homiladorlikning qiyinchiliklariga bardosh berish, tug’ish chog’idagi mashaqqatlar, tuqqanidan so’ng ikki-uch yilgacha qo’lidan qo’ymay ardoqlab parvarishlash, bolasi uchun bir tunni bir necha bo’lakka bo’lib oromdan kechish, hatto ulg’ayib, uyli-joyli bo’lib ketganida ham mehrini, shafqatini, marhamatini ayamaslik faqat onalargagina xos buyuk fazilatdir. Alloh taolo ham Qur’oni karimni bir nechta joylarida biz bandalarni O’zining ibodatiga amr qilib, uning izidan ota-onaga yaxshilik qilishga buyurib, xossatan onaning ba’zi bir mehnat va mashaqqatlarini ham bayon qilgan. Masalan, Qur’oni karimning Ahqof surasida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ إِحْسَانًا حَمَلَتْهُ أُمُّهُ كُرْهًا وَوَضَعَتْهُ كُرْهً

ya’ni: “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko’tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir” (Ahqof surasi 15-oyat).

Boshqa oyati karimada esa Alloh taolo bunday degan:

ya’ni: “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishga) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko’tarib yurdi” (Luqmon surasi 14-oyat).

Ushbu oyati karimalarda aynan onaning mehnatlari zikr qilinishini tafsir qilib, Imom Mutavalliy Sha’roviy rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Aslida, bola tarbiyasida ota-onaning alohida mehnatlari bor. Lekin, Qur’onda aynan onaning mashaqqatlari zikr qilinmoqda. Sababi, bola esini tanishi bilan otaning mehnat va xizmatlarini ko’rib ulg’ayadi. Otaning ro’zg’or tebratishi, farzandga kerak bo’lgan kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa ehtiyojlar bilan ta’minlayotganini guvohi bo’ladi. Ammo onaning eng og’ir mashaqqatlari bo’lmish homiladorlik qiyinchiliklari, dunyoga keltirish azoblari, go’daklik davridagi kechalaridagi bezovtalik kabi zahmatlar farzand aqlini taniganida o’tib ketgan bo’ladi. Farzand bularning birortasini eslay olmaydi. Shu sababli ham oyatlarda alohida onaning mashaqqatlari eslatilmoqda”.

Shuning uchun ham Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyilgan:

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning huzuriga bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli! Odamlar ichida mening chiroyli muomalamga eng haqli kishi kim?” – deb so’radi. “Onangiz”, – dedilar U Zot. “Keyin kim?”, – deb so’radi. “(yana) Onangiz”, – dedilar U Zot. “Keyin kim?”, – deb so’radi. “(uchinchi martada ham) Onangiz”, – dedilar U Zot. “Undan keyin kim”, – deb so’radi. Shunda “Otangiz”, – deb javob berdilar (Muttafaqun alayh).

Ona zotini farzandiga o’ta mehribonligi haqida Oisha raziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan:

 “Huzurimga bir kambag’al ayol ikki qizini ko’tarib keldi. Shunda unga uchta xurmo berdim. U har bir qiziga bittadan xurmo berdi. Bir dona xurmoni o’zi emoqchi bo’lib, og’ziga ko’targanda, qizlari uni ham berishini so’rashdi. U o’zi emoqchi bo’lgan xurmoni ikkiga bo’lib, qizlariga berdi. Uning bu ishi meni hayron qoldirdi. Uning qilganini Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga aytganimda, U Zot: “Bu sababli Alloh unga jannatni vojib qildi yoki uni do’zaxdan ozod qildi”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, farzandlarini dunyoga keltirish, keyin boqib katta qilishda bemisl matonat va fidoiylik ko’rsatuvchi onalarimizning hurmatlarini joyiga qo’yib, xizmatlarini qilib, nazarlarini topib, duolarini olish farzandning eng muhim burchlaridan hisoblanadi.

Bir kuni Muoviya ibn Johima raziyallohu anhu Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, shunday dedilar:

“Ey Allohning rasuli! Men g’azotga bormoqchi edim, maslahatingizni olish uchun keldim. Shunda Rasululloh: “Onangiz bormi?”, – dedilar. U kishi: “Ha”, –dedi. Payg’ambarimiz: “Onangizningxizmatlarini g’animat biling, chunki jannat uning oyog’i ostidadir!” – dedilar (Imom Nasaiy va Imom Hokim rivoyatlari).

Demak, onaning roziligi va uning xizmati Payg’ambar alayhissalom bilan g’azotda qatnashishdan ham yuqori martabada turar ekan.

Ibni Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh o’zlarining “Al-isoba” nomli kitoblarida shunday deganlar: “Onalarni hurmat va ehtirom qilish, ularga g’amxo’r va mehribon bo’lish, ularni oldilaridagi farzandlik burchini ado qilish biz ummatlarga Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan merosdir. Ma’lumki, Rasululloh go’daklik paytlarida onalari olamdan o’tganlar, biroq U Zotni emizgan Halima onamiz Payg’ambarimizni huzurlariga kelganlarida o’rnilaridan turib, kiyib turgan muborak ridolarini Halima onamizga to’shab, ustiga o’tqizar edilar.

Mehribon onalarimizga qancha xizmat qilsak ham ularni haqlarini ado qila olmaymiz. Bu haqda quyidagi rivoyat keltirilgan:

Bir kishi onasini elkasida ko’tarib Baytullohni tavof qildirar edi. Tavofni tugatgach: “Onamning mendagi haqqini ado etdimmi?” deb so’radi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Yo’q, sen to’lg’oq azobidagi bir marta oh urishining haqqini ham ado etolmading” –  dedilar (Imom Bazzor rivoyatlari).

Onaga yaxshilik qilish, kishining tavbasi qabul bo’lishiga ham sabab bo’ladi. Bu haqda bunday hadisi sharif keltirilgan:

Bir kishi qayg’uga botib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga bordi va: “Ey Rasululloh! Men katta gunoh qilib qo’ydim, mening tavbam qabul bo’larmikin?” – dedi. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Onangiz bormi?” – dedilar. U “Yo’q”, – dedi. Rasululloh: “Xolangiz bormi?” –deb so’radilar. “Ha” – deb javob berdi. Rasululloh:  “Unday bo’lsa, xolangizga yaxshilik qiling”, –  deb marhamat qildilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Onaga xizmat qilish duo ijobat bo’lishiga sababdir. Bu haqda Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

 “Albatta, tobe’inlardan eng yaxshisi Uvays bo’lib, uning bir onasi bor.  Uvaysni (qo’lida tangachalik) oqligi bo’lib, (u doimo onasining xizmatidadir) (Sizlardan kim unga yo’liqsa), u zotdan iltimos qilinglar, sizlarning haqqingizga istig’for aytsin (duo qilsin)!”(Imom Muslim rivoyatlari).

Shuni ham unutmasligimiz kerakki, ota-onalar keksayib, nochor qolishganda ularning emoq-ichmoqlari, kiyim-kechaklari va turar joy kabi moddiy ta’minotlari farzandlarning zimmasiga farz bo’ladi. Buni har bir farzand doimo yodda saqlashi kerak.

Kim ota-onasi bo’la turib, jannatni qo’ldan chiqarsa, uning holiga voy bo’ladi. Payg’ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deganlar:

“Ota-onasining har ikkisi yoki birortasi uning huzurida qarilikka etsayu, (ularning xizmatlarini qilib, roziliklarini olib)jannatga kira olmagan kishi xor bo’lsin, xor bo’lsin, xor bo’lsin!”  (Imom Muslim rivoyatlari).

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi farzandlar ota-onalarining qadriga etmasdan, ularni qariyalar uyiga olib borib qo’ymoqdalar. Bu bizni dinimizga, urf-odatlarimizga mutlaqo ziddir.

Shunday ekan, Alloh taolo barchamizga ota-onalarimizning xizmatlarini qilish, duolarini olish va ular sababli ikki dunyo saodatiga musharraf bo’lish baxtini nasib aylasin!

Mo’’tabar onaxonlarimizni qadrlariga etish, vafot etganlarining ruhlarini shod etishni barchamizga nasib aylasin! Omin!

 

Olloyor OMONOV

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus ta’lim muassasasi

o’qituvchisi