NABIY SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING HAYOTLARIDA VAQTNING O’RNI
29

Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam vaqtiga eng haris inson edilar. Hech bir onlari Alloh uchun qandaydir amal yoki o’zlari uchun manfaatli ishdan xoli bo’lmas edi.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadi: “Payg’ambar alayhissalom uylariga qaytsalar, uy ichidagi vaqtlarini uchga taqsimlar edilar: Alloh uchun bir qism, ahllari uchun bir qism, o’zlari uchun bir qism. So’ng o’z qismlarini ham shaxsiy ishlari va odamlar uchun ikkiga taqsimlar edilar” (Ibn Sa’d “Tabaqotul kubro”da, Bayhaqiy “Shu’abul iymon”da Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Sunnati nabaviyada vaqtning ahamiyati haqida ko’plab misollarni ko’rishimiz mumkin. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Besh narsadan oldin besh narsani g’animat bil: keksalikdan oldin yoshligingni, hastalikdan oldin sog’ligingni, faqirlikdan oldin boyligingni, mashg’ullikdan oldin bo’sh vaqtingni, o’limingdan oldin hayotingni” (Hokim “Mustadrak”da, Ibn Abu Shayba “Musannaf”da, Munziriy “Targ’ib va tarhib”da Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilishgan).
Endi Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ajoyib hadisga e’tibor bering: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlardan biringizning qo’lida ko’chat turgan chog’da qiyomat bo’lib qolsa, agar uni ekishga ko’zi yetsa, albatta ekib qo’ysin!” (Imom Ahmad Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ibnul Qayyim rohimahulloh musulmon kishining hayotida vaqtning qiymati haqida bunday degan: “Orif banda vaqtining bolasi bo’ladi (vaqtini otasidek mahkam ushlaydi). Agar uni zoye qilsa, barcha manfaatlarini yo’qotadi. Demak, jamiki manfaatli ishlar vaqtdan paydo bo’ladi. Vaqtni zoye qilgan uni qaytarib ololmaydi! Zero, aslida kishining vaqti uning umridir, abadiy rohatda yashaydigan mangu hayoti yoki alamli azobda to’lg’onadigan tang ahvoldagi hayotining mohiyatidir. U bulutlardan ham tezroq o’tib ketadi. Insonning hayoti aslida Alloh uchun va Alloh bilan o’tkazgan vaqtidir. Bundan boshqasi uning hayotidan hisoblanmaydi, garchi hayvonlardek yashasa ham! Agar vaqtini g’aflat, shahvat va botil orzu-havaslar uchun ketkazsa, o’tkazgan eng yaxshi vaqti uyqu va bekorchilik bo’lsa, bunday odamning yashagandan o’lgani yaxshi! Banda namoz o’qiganida uning namozdan olgan nasibasi faqat tafakkur va xushu’ qilgan soniyalari bo’lganidek, butun umridan ham faqat Alloh bilan va Alloh uchun o’tkazgan vaqtidan boshqasiga ega emas!”.
Vaqtning qadrini bilmagan odamga shunday ikki lahza keladiki, o’shanda uning qiymatini anglab yetadi
Aziz birodar! Vaqtning qadrini bilmagan odamga shunday ikki vaziyat keladiki, o’shanda uning qiymatini aniq anglab yetadi:
- O’lim soati.
Birinchi vaziyat bu dunyo bilan vidolashib, oxiratga yuzlanish lahzasidir. Inson u kezda ozgina bo’lsa-da muhlat olib, noto’g’ri ishlarini isloh etish va qolib ketganlarini to’ldirish uchun biroz muddat orqaga surib turilishini orzu qilib qoladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Mollaringiz va bolalaringiz sizni Allohning zikridan chalg‘itmasin. Kim shunday qilsa, bas, ana o‘shalar yutqazuvchilardir. Va biringizga o‘lim kelib: “Ey Robbim, agar mening o‘limimni yaqin muddatga orqaga sursang, bas, sadaqa qilib solihlardan bo‘lsam”, demasdan avval Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan nafaqa qiling. Alloh ajali kelgan jonni hech-hech orqaga surmas. Zero, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir” (Munofiqun surasi, 9-11-oyatlar).
Yuqoridagi orzuni qiladigan insonlarning tushunchasi mazkur ilohiy raddiya bilan rad etilmoqda: “Alloh ajali kelgan jonni hech-hech orqaga surmas. Zero, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir”.
- Oxirat manzili.
Ikkinchi vaziyat oxiratda bo’ladi. Har bir jon qilgan amalini to’liq topshirib, bajargan ishlariga jazo-mukofot oladi, jannat ahli jannatga, do’zax ahli do’zaxga kiritiladi. Ana shu chog’da do’zax ahli birgina solih amal qilish uchun bu dunyoga qaytishni orzu qilib qolishadi, lekin hayhot! Amal qilish zamoni tugab bo’ldi, hisob berish vaqti keldi! Alloh taolo aytadi:
“Kufr keltirganlarga jahannam otashi bordir. Ularga na o‘lishlari uchun hukm qilinmas va na ulardan u (jahannam)ning azobidan yengillatilmas. Har bir kofirni shundoq jazolarmiz. Ular u yerda: “Ey Robbimiz! Bizlarni chiqar! Qilib yurgan amallarimizdan boshqa, solih amallar qilurmiz!” deb dodu faryod solurlar. “Sizlarga eslaydigan odam eslagudek umr bermagan edikmi?! Sizlarga ogohlantirguvchi kelmagan edimi?!” (Fotir surasi, 36-37-oyatlar).[1]
Sardor SAIDAXMEDOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
[1] «Vamazot fil Islom» kitobidan tarjima
