Insonni iymon bilan azizu mukarram qilgan, xohlagan kishisiga ilmu- hikmat berib iymonga, baxtu-saodatga hidoyatchi qilgan buyuk robbimizga hamdu-sanolar deymiz. Payg’ambarlar sayyidi, olimlarning imomi bo’lgan habibimiz Muhammad Mustafoga salovatu salomlar yo’llaymiz. Ilmu-hikmatni bizlargacha yetib kelishiga vosita bo’lgan salafi solihlarimizga va olimlarimizga rahmat va salomlar yog’ilsin.

Ushbu maqolada o’zlarini  islom olimi deb, hoyu-havaslari yo’lida ummatning buyuk imomlariga ta’na qiluvchi, kamsituvchi johil toifalarga raddiya va nasihat qilish ko’zda tutildi.

Bugungi kunda o`zlarining buzuq g’arazlari yo`lida, o`zlarining hoyu- havaslariga erishish, mol-u davlat, obru- mansabga erishish yo`lida islomni niqob qilib oladigan toifalar ko’payib ketdi. Ular o`zlariga jarangdor nomlarni  qo’yib olib insonlarni o`ziga jalb qilmoqchi bo`ladilar. Bu albatta, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning xabarlarining ma`nosini taqozosi bo`yicha, ya`ni, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning barchamizga ma’lum, ko’pchiligimiz yod biladigan mashhur hadislarida aytganlaridek “Mening ummatlarim yetmish uch firqaga bo’linib ketadi. Yetmish ikkitasi do’zaxda, bittasi jannattadir. Ular kimlar, yo Rasululloh (ya`ni, o`sha jannatdagi toifa kimdir, yo Rasululloh) deb so’raganlarida Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam aytdilarki, mening va mening sahobalarim yo’lida bo’lganlar. Yoki yana  boshqa bir rivoyatda, ular sunnat va jamoat  ahlidir, dedilar[1]. Demak men musulmonman deb da’vo qiluvchi, namoz o`quvchi, ro’za tutuvchi, Qu’ron o`quvchi  kishilarning o’zlari yetmish uch firqaga, yetmish uch bo’lakka bo’linib ketar ekan. Ulardan yetmish ikkitasi do’zaxda, ya’ni, agarchi do`zaxda abadiy qolmasa ham do’zaxga kiradigan, olovda kuyadigan, Allohning qahru  g’azabiga giriftor bo`lib do’zaxda azoblanadiganlardir. Faqat bir  toifasigina jannatda. Ya`ni, mahshar maydonidan, hisob kitobdan to`g`ri jannatga kiradigan ahli sunnat, ahli jamoadurlar. Endi, mana shu yetmish ikkita adashgan toifa kimlar, ular nima  sababdan adashdilar? Ular asosan,  kibru- g`ururlari, hasadlari sababli , hoyu- havasga  ergashganliklari sababli adashdilar.  Ularning ko`pchligi  o`zlarini to`g`ri yo`lda, eng  to`g`ri yo`l bizniki, eng haqli yo`l bizniki deb da`vo qiluvchilardir. Endi, mana shunday adashgan toifalardan bittasi, ya’ni  buzuq g`arazlari yo`lida oyat va  hadislardan dalil keltirib o`zlarining xohish-istaklari ortidan quvuvchi  toifalardan bittasi  salafiylardir, ya`ni hozirgi kunda  o`zlarini salafiylar deb nomlaydigan bir toifadir. Ular, biz salaflarga  ergashuvchilarmiz, shu paytgacha musulmonlar juda buzilib ketdilar, dindan chiqib ketdilar, shirkka berilib mushrik bo`lib ketdilar va salafi solihlarga ergashmayaptilar. Endi, biz ularning yo`lini qayta yo`lga qo`yamiz, salafi solihlarga ergashamiz. Endi kim bizga ergashsa, ular salafi solihlarga ergashgan bo`ladi, deb da`vo qilib chiqyaptilar. Shu o`rinda, avvalo, salaf so`zining ma`nosini bir ko`rib chiqishimiz kerak.

Salaf degani  bu o`tkanlar, oldingilar, ajdodlar degan  ma`noda bo’lib, shar’iy  istilohda salafi-solihlar  ya`ni, solih peshvolarimiz, eng salohiyatli, eng diyonatli avvalgi ajdodlarimiz degan ma`noni anglatadi. Bu ibora asosan dastlabki uch asrda yashagan sahobalar, tobe’iynlar va taba’a tobe’inlarga nisbatan ishlatiladi. Bu Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarining ma`nosiga muvofiqdir. Imron ibn Husayn roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizning yaxshilaringiz mening asrimdagilardir. So‘ngra ulardan keyin keladiganlar, so‘ngra ulardan keyin keladiganlar”[2].

Shu uch avlod, uch asr odamlari insonlarning eng yaxshisidir, dedilar. Shu  hadisga muvofiq  butun islom ummati mana shu uch asrda yashagan  sahobalarni , tobi’inlarni va taba’ tobi’inlarni butun insoniyatning eng salohiyatli,  eng yaxshilari deya e’tiqod qildilar va ularning e’tiqodlarini mahkam  changallashga, ularning amallari bilan ziynatlanishga  harakat qildilar. Xususan,  islom ulamolari, peshvolari anashu salafi solihlarning e`tiqodlarini, amallarini pokiza saqlab,  chiroyli ko’rinishda keyingi avlodlarga yetkazib berish uchun tinimsiz, jiddu-jahd bilan mehnat qildilar va buni o’zlarining burchi deb hisobladilar. Buni avlodlarning hidoyati, baxt saodati uchun asosiy vosita deb bildilar. Salafi solihlarga ergashishni  insoniyatning baxt saodati deb tushundilar. Shuning uchun mehnat qildilar va bu mehnatlari evaziga butun islom olamida hurmat, obru e’tiborga ega bo’ldilar. Natijada butun ummati islomiyya ularni o’zlariga imom deb tan oldilar, ularga ergashdilar va ularni aytganlariga amal qilib kelmoqdalar. Mana shunday imomlardan, misol uchun  sarmazhablarimiz imom A’zam, imom Molik, imom Shofeiy va imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhimlar, ulardan  keyingi imom Motrudiy, imom Tahoviy, imom Ash’ariy rohmatullohi alayh kabi ahli sunnat va  jamoaning  imomlari barchalari butun islom olamida katta e’tiborga ega bo’lgan muqtado, peshvo zotlar bo’lgan. Endi mana shu kunda,  bir toifa kishilar, salafi solihlarga ergashuvchilar bizlarmiz, bizgacha ko`p bir necha o`n asrlardan beri hech kim salafi solihlarga ergashmay qo’ydilar, salaflarga haqiqiy ergashuvchi bizlarmiz, deb da`vo  qilmoqdalar. Ularning da’volari puch, noto’g’ri ekanligiga  eng birinchi dalil shuki,  ular shu paytgacha salafi solihlarning aqida va amallarini  bizgacha yetib kelishiga vosita bo’lib turgan imomlarni, din peshvolarini, ulamolarni  ta’na qilmoqdalar. Ularning  ayblarini   axtarib  masxara qilish, ularni adashgan , odamlarni adashtirgan deb ta’na qilish bilan shug`ullanmoqdalar. Mana shu ularning salafi solihlarning  yo`lida emasliklariga ochiq ravshan  dalildir. Salafi solihlar, sahobalar, tobe’inlar, taba’ tobe’inlar hech qachon birovning ayblarini izlash, musulmonlarni masxara qilish, din peshvolarini, ulug’larni ta`na qilish bilan shug’illanishmagan. Chunki,  din peshvolarini  ta`na qilish, malomat qilish, masxara qilish dinning o`zini ta`na -malomat qilish, masxara qilish demakdir. Yana balki, mana shu o`zlarini  salafiy  deb atab ko`pgina ulamolarni ta`na va kamsitish bilan  shug`ullanuvchi   toifalarning amallari, aytadigan gaplari xuddiki, hazrati Ali roziyollohu anhu davrida, hazrati Muoviya roziyollohu anhu davrida chiqqan xorijiylarning  amallariga aynan o’xshash keladi. O’sha davrda xorijiylar  hazrati Ali roziyallohu anhuning jamoasidan ajralib chiqib, tog` yonbag’ridagi chekka bir qishloqqa yashirinib, qarorgoh qilib olib, kunduzi yotib dam olib payt poylab turishar ekan. Qulay fursat kelganda musulmonlarning qishloqlariga  hujum qilib  ularni o’ldirib, mollarini, boyliklarini talab, xotin bola-chaqalarini o’ldirib yoki asir olib  qaytardilar. Qaysi bahona bilan, qaysi dalil bilan?  Ya’ni ular: Mana hazrati Ali adashdi, Qu’ronga amal qilmay mushrik bo’lib dindan chiqib ketti. Alini to’g`ri deysizmi, Aliga qo’shilasizmi yoki bizlarga qo’shilasizmi, bizning  gapimiz to’g`rimi yoki  noto’g`rimi, deb qo’lida qilich va qalqon bilan musulmonlarni fitnaga, mashaqqatga solardilar.  Ana endi xalq fitnaga tushadiki, ularni gapini inkor qilsa boshiga qilich ko’tarib turibdi, ularni gapini tasdiqlashsa  o’zlari dindan chiqib qoladi. Hazrati Ali yo hazrati Muoviya roziyallohu anhumlarning  mazhabiga ta’na qilishsa o’zlari  gunohkor bo’ladi, Xudoni qahru- g`azabiga giriftor bo’ladi. Buni tushinib turgan musulmon xalq  fitna ichida, mashaqqat ichida qoladi. Ularga, yo’q sen noto’g`ri gapiryapsan, Ali bu ilm shahrining eshigi, Payg`ambar sollallohu alayhi vasallam  bashorat bergan o’nta jannatiylarning biri, buyuk sahobiy degan kishini, sen bizga qo’shilmading,  Alining tarofdori bo’lding. Ali bo’lsa o’zi Qur’onga amal qilmay dindan chiqib ketdi. Sen yana uni to’g`ri deding, sen kofir bo’lding, mushrik bo’lding deya uni o’ldirardilar. Bunga tarix ochiq  guvohlik berib turibdi.  Bu tarixda bo’lib o’tgan voqealar o’sha xorijiylarning  qanday o’z hoyu- havaslariga ergashib,  o’z xohish istaklarini yuzaga chiqarish uchun qanchalik haddidan oshganlari, qanchalik haqiqatdan adashib ketganliklarini so’zlaydi. Vaholangki, ular ham Qur’on tilovat qilar, tinimsiz  namoz o’qir, tahoratda va ibodatda edilar. O’zlariga hadislardan, Qur’on oyatlaridan dalillar keltirardilar. Shunday buyuk  sahobalarni  mushrik deb, kofirga chiqarib Islom olamiga,  musulmonlar boshiga qancha fitnalar soldilar. Bugungi kunda  ba’zi bir  xorijga chiqib olib mana shunday, internet tarmoqlari orqali fitna tarqatayotgan   kishilarning ahvoli ham xuddi o’sha bir chetga, tog` yonbag`riga chiqib  yashirinib olib, payt poylab hujum qiladigan  xorijiylarga o’xshaydi.

Bular ham chetga chiqib  olib payt poylab   turadilar.  Ularning amalidan, aytoyatgan gaplaridan  his qilasizki,  sidqu-ixlos  bilan Alloh taologa  ibodat qilish,  din  rivoji uchun  qilinadigan  ishlarga  intilish, musulmonlarning turmush-tarzini yaxshilash maqsadida qayg’urish degan  narsa  yo’q. Balki, soatlab, kunlab,   balki,  oylab  bir  din  peshvosining,  bir  imomning,  bir olimning  aybini  kutib, axtarib  yashaydilar.  O`sha olim bitta  xato gap gapirib qo`ysa yoki  unda odamlarning  ko`zida aybga o`xshab ko`rinadigan bir xislatni  sezib qolsalar, ana o’shani  topib birdan internet tarmoqlarida,  falonchi  mana shunday ishni qildi, mana shunday dedi,  falonchi adashgan,  falonchiga ergashsanglar  sizlar ham adashasizlar, mushrik bo`lib ketasizlar, dindan chiqib ketasizlar, degan gaplarni tarqatib odamlarni fitnaga soladilar. Islom uchun xolis xizmat qilayotgan, minglab insonlarni hidoyatiga sababchi bo’layotgan olimlarimizni, xalqimizga, yoshlarimizga  ilm-u ma’rifat  tarqatayotgan, butun islom olamida katta e’tiborga ega bo’lgan peshvolarimizni ta’na qiladilar. Sizlar bizga ergashinglar,  bizlarni gaplarimiz to’g`ri,  mana oyatdan dalil,  mana hadisdan dalil deb yolg’on da’vatlarni qiladilar. Ularning maqsadlari shu olimlarni aybini , xatosini va kamchiligini  axtarish bilan  musulmonlarni o’sha olimlarga va imomlarga nisbatan ishonishdan, quloq solishdan qaytarish. Odamlarni   yuzini o’zlariga qaratib, buzuq g’oyalarini singdirishdir. Vaholanki  Rasuli akram mustafo  sallollohu alayhi va sallam bir hadis muboraklarida:

وعن ابن عمر رضي الله عنه قال : صعد رسول الله ﷺ المنير، فنادى بصوت رفيع فقال : يا معشر من أسلم بلسانه ولم يفض الإيمان إلى قلبه لا تؤذوا المسلمين ولا تعيروهم ولا تتبعوا عوارتهم فإنه من يتبع عورة يفضحه ولو في جوف رحله. رواه الترمذ. أخيه المسلم يتبع الله عورته ومن يتبع الله عورته

“Kim insonlarning ayblariga ergashsa , ayblarini axtarsa, Alloh taolo uning ayblariga ergashadi.  Kimki,  Alloh taolo uning ayblariga ergashsa,  qiyomat kuni  butun xaloyiq oldida  uni sharmanda qiladi”[3] dedilar.

Shunday ekan, ana o’sha internet tarmoqlaridan turib, o’zlarini islom uchun eng to’g`ri yo’lda deb, salafi solihlarga biz ergashyapmiz  deya ulamolarni, din peshvolarini hamda imomlarimizni  masxara  qilayotganlarga maslahatimiz shuki,  Alloh taoloning  qahri-g’azabi va do’zax olovidan qo`rqsinlar,  qiyomat kuni sharmanda bo’lishdan uyalsinlar. Bu ishlarini to’xtatib, tafakkur qilsinlar  va zalolat yo’lidan hidoyat yo’liga o’tsinlar. Masxara qilishni, islom peshvolarini , din ulomlarini aybini axtarishdan tiyilsinlar . Bugungi kundagi yoshlarimizga ularning kelajagini, dunyo va oxiratini  o’ylagan holda aytadigan gapimiz, maslahatimiz shuki; olayotgan ma’lumotlarini bo’libam diniy ilmlarni kimlardan olayotganligiga, qanday kishilardan o’rganayotganliklariga qattiq e’tibor qaratsinlar. Zero Payg’ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida marhamat qilib: Albatta bu ilm dindur. Demak, sizlardan har biringiz dinini kimdan olayotganiga qarasin, e’tibor bersin, dedilar.                                                                                                                                   Demak,    internitdagi har xil   saytlardan  tanigan – tanimagan kishilardan  shunday gaplarni eshitib,  ularning  gaplariga qiziqib  yurgan bazi bir  yoshllarimizga aytamizki, bu din ilmini  har joydan o`rganmaslik kerak.  Har kimni ustoz deb tutmasdan, yonida turgan o’zi bilan birga bo`lgan ahli ilmlardan  ustoz tanlash kerak .  Ularning amalidan o’rnak olib yashamoq  kerak.

 

Maxtumquli Toshqulov,

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom

ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

 

[1] Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari

[2]

[3] Termiziy rivoyati