HAR KIM RIZQINI TO’LIQ OLADI

48

Bugungi kunda barchamiz rizq uchun yelib-yuguramiz, harkat qilamiz va natijada ba’zan oz, ba’zan ko’piga erishamiz. Biz, rizq harakatning ko’p va ozligiga qarab bo’ladi deb o’ylaymiz. Agar rizqni kam va ko’pligi harakatga qarab bo’lish kerak bo’lsa, bozorda ertadan kechgacha mehnat qilayotgan ishchi hammamizdan boy bo’lishi kerak edi. Rizqni yolg’iz Alloh belgilaydi va buni mehnatga qarab belgilamaydi. Demak, rizq taqdirga bog’liq ishdir. Hech kim birovni rizqini yemaydi. Shu bilan birga barcha insonlar peshonasiga yozilgan rizqini to’liq olmaguncha o’lmaydi. Rizqi hoh u pul bo’lsin, taom bo’lsin yoki umr bo’lsin farqi yo’q, barchasi rizqdir.

Payg’ambar alayhissalom har kim o’z rizqini to’liq qilib olishi haqida muborak hadislarida shunday deganlar:

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Sizlardan biringiz o’z rizqini to’liq qilib olmaguncha vafot etmaydi. Shuning uchun rizqingizga sabrsizlik qilmang. Allohga taqvo qiling va (rizq) talabini go’zal qiling. Halol bo’lgan narsani oling, harom bo’lganini tashlang”. (Ibn Moja va Ibn Hiboonlar rivoyat qilishgan).

Hadisda Nabiy alayhissalom ummatlarini har bir ishda sabrli bo’lishga, dunyo ishlarida xotirjam bo’lishga hamda Allohga tavakkul qilib, dunyo ortidan itdek yelmaslikka chaqirmoqdalar.

Allohga taqvo qilib, buyurganini bajarib, qaytarganidan qaytarishga shu bilan birga, rizq talabida ham o’rtachalikni tutib, xotirjam bo’lishga va rizq talabida haddan oshib ketmaslik, shoshmaslikka chorlamoqdalar. Zero, har bir jon o’z rizqini to’liq qilib olmaguncha bu dunyodan o’tmaydi. Uninng nazarida rizqi biroz kechikkanga o’xshab ko’rinishi mumkin. Rizq Alloh tarafidan o’lchab qo’yilgan, har bir bandaga taqdir qilingani albatta yetadi, boshqaga o’tib ketmaydi. Eng asosisi Alloh halol qilgan narsani olish, harom qilganidan chetda bo’lishdir.

Demak, dunyo ortidan quvib, rizq topaman deb, o’zimizni o’tdan-cho’qqa urishimiz, o’zgani haqqiga ko’z olaytirish, qanday yo’l bilan bo’lsa ham pul topsa bo’ldi demay, balki halol-pokizasini olib, harom va shubhasidan o’zimizni olib qochishimiz muhim ekan. “Yo’lini topibdimi, qandini ursin” degan shiordan qochish musulmonning vazifasi ekan. Chunki musulmon topayotgan mol-mulkini halolligiga va qilayotagn tijorat va kasbi shariatga muvofiq kelishiga doimo etibor berib borishi lozim ekan. Agar har kim yuqoridagi hadisga amal qilib yashasa, jamiyatda turli harom-xarishlik, firibgarlik, o’g’rilik va qotilliklar kamaygan bo’lar edi. Halol rizq uchun qiyomatda hisob kitob bo’lsa, harom va botil yo’l bilan topilgan rizq uchun esa Allohning azobi, uqubati haqdir. Allohdan halol rizqni so’rab so’zimizni tugatamiz.

 

 

Said-Muhammadxon MUHIBULLAYEV

Xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi