Darhaqiqat, mutaassiblik bugungi kunning dolzarb mavzusiga aylandi desak, adashmagan bo’lamiz. Aslini olganda, dini Islom faqat diniy ahkomlardan iborat bo’lgan din emas, balki u jamiyat ma’rifati va madaniyatini shakllantiruvchi, kamolga yetkazuvchi hamda uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma’naviy talablarini qondiruvchi dindir. Lekin din insonlarning diniy ilmsizligi sababidan tanazzulga yuz tutishi va ko’plab muammolarga duch kelishi sir emas. Mana shunday muammolardan biri, shubhasiz, mutaassiblikdir. Muqaddas dinimizda buzg’unchilikka asoslangan bu kabi illat qattiq qoralanadi. Mana shuning sababidan dinimizga misli ko’rilmas zararlar yetkazilib, bu hol hozirgi kunda ham boshqa nomdor shiorlar ostida jaranglamoqda.

Mutaassiblik nima? Mutaassiblik — o’z e’tiqodi to’g’riligiga o’ta qattiq ishonish, boshqa diniy e’tiqodlarga murosasiz munosabatda bo’lish, biron-bir iloh, shaxs, narsa, fikr yoki g’oyaga ko’r-ko’rona ergashish, uning chuqur mohiyatiga yetmasdan butun fikri-zikri va vujudi bilan qattiq ishonish, uni mutlaq haqiqat sifatida qabul qilish, har qanday holatda ham inkor etmaslikka harakat qilish hamda unga qo’shilmaydiganlar va rad etuvchilarga g’arazgo’ylik bilan qarash.

Imom G’azzoliy aytadilar: “Diniy mutaassiblar dindan foydalangan holda kishilarga hujum qiladigan katta yo’ldagi qaroqchilardir”. Mutaassiblikka yo’liqqan odamlar yoki ularning guruhlari jamiyatda barqarorlikni buzishga urinadi. Shu o’rinda, fransuz faylasufi Volterning “diniy mutaassib – shunday insonki, u o’z ahmoqligini o’zini tugatmagunicha (o’ldirmagunicha) qo’llab-quvvatlaydi”, — degan fikrini ham keltirishni lozim topdim. Insoniyat tarixida mutaassiblikdan g’arazli maqsadlarda ko’p foydalanilgan. Mutaassiblikning paydo bo’lishiga diniy ziddiyatlar, shuningdek, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarning hal qilinmagani ham sabab bo’lishi mumkin. Albatta, Islom dini mutaassiblikka xayrixohlik bildirmaydi. Aksincha, teran o’ylashga, boshqalargan nisbatan murosali bo’lishga chaqiradi. Mutaassiblik dinda chuqurlashishlik bilan bevosita bog’liq.  Zero, dinimiz chuqurlashishga buyurmaydi, balki dinda o’rtacha bo’lmoqlikka targ’ib etadi.

Hozirgi internet rivojlangan bir zamonda kishilar fatvoni ijtimoiy tarmoqlardan olishmoqda. Internetni ustoz tutgan mutaassiblar o’zini shayx sanagan kimsalarning ma’ruzalaridan ta’sirlangan holda jamiyatda fitnani qo’zg’amoqda. Bir hukmga ko’r-ko’rona ergashadi, uning asl mohiyatini tushunishmaydi, natijada o’sha masalani yoritib berguvchi shaxsga qattiq tobe bo’lib, uning fikrini qo’llab-quvvatlaydi. Tarafkashlik qilib undan o’zganing so’zini e’tiborga olmaydi, vaholanki to’g’ri bo’lsa ham. Soxta shayxlarning ta’siri ostida o’zini tubsiz jarlikka qulatadi. Diniy g’oyalarga mutaassibona yondashishlik halokatli ta’sir ko’rsatadi va ularning tanazzulga yuz tutishiga olib keladi. Har bir kishini o’ziga xoslik va ichki erkinlikdan mahrum etadi. Biz — mo’min-musulmonlar mutaassibona harakatlardan yiroq bo’lishimiz lozim. Yurtimizda ko’zga ko’ringan ulamolarimizga ergashib, dinda mo’tadil bo’lmog’imiz darkor. Ko’proq kitob o’qib, faqat ishonchli shaxslardan fatvo so’raylik. Alloh taolo bizlarni O’zining g’azabidan yiroq qilsin, hargiz siroti mustaqimdan adashtirmasin.

 

Fazliddin SAYFULLAYEV

Xoja Buxoriy islom bilim yurti talabasi

“Yosh ilmiy tadqiqtchi” a’zosi