Iymon- qalb bilan tasdiqlash va til bilan iqror bo’lishdir
37

Dunyodagi barcha yaxshi amallar Allohning huzurida maqbul bo’lishi uchun, bu amallarni bajaruvchida iymon bo’lishi lozim. Iymonsiz qilingan har qanday yaxshi amal, har qancha ko’p va ulkan bo’lmasin, Alloh bu amalni iymonsiz qabul qilmaydi. Iymon barcha yaxshi amallarni asli ekan, eng birinchi iymonning o’zi nimaligi haqida o’rganishimiz lozim bo’ladi.
Ahli sunna va jamoa ulamolari iymonning ruknlari borasida ixtilof qilishdi. Asha’riylar “iymonning uchta rukni bor: qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror bo’lish va a’zolar bilan amal qilish”, deyishdi. Biz esa ya’ni moturidiylar “iymonning ikkita rukni bor: qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror bo’lish. Amal iymonning rukni hisoblanmaydi”, deb aytamiz.
Qalb bilan tasdiqlash iymonning asliy rukni hisoblanib, hech qanday uzr sababli bandaning zimmasidan soqit bo’lmaydi.
Ammo, til bilan iqror bo’lish masalasida ulamolarimiz ikki hil gap aytdilar:
- Til bilan iqror bo’lish iymonga zoida rukndir. Soqovlik, majburlash yoki joni xavfda qolishi kabi ba’zi hollarda til bilan iqror bo’lish soqit bo’ladi. Ammo, uzrsiz til bilan iqror bo’lishni tark qilgan inson mo’min hisoblanmaydi.
- Til bilan iqror bo’lish bu dunyoda unga nikoh, janoza kabi islom hukmlari bilan muomila qilish uchun shart. Tili bilan iqror bo’lmagan, ammo, qalbi bilan tasdiqlagan kishiga bu dunyoda mo’min deb hukm qilinmaydi. Lekin, u Allohning huzurida mo’min bo’ladi.
Moturidiy e’tiqodidagi sahih gap birinchisidir. Iymon borasidagi asha’riylar va moturidiylar orasidagi ixtilof lafziy ixtilof hisoblanadi. Chuki, Asha’riylar komil iymonga ta’rif berishadi. Biz esa iymonning asliga ta’rif beramiz. Moturidiylar nazdida ham iymonning komil bo’lishi amal bilan bo’ladi. Lekin iymonning asli asha’riylar nazdida ham iqror va tasdiqdir. Shu sababli asha’riylar ham amal qilmagan musulmonni kofir demaydi. Bu esa oradagi ixtilof lafziy ekaniga dalolat qiladi. Alloh taolo barchamizni iymonimizda qiyomat qoim bo’lgunicha sobit qilsin.
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi: Mirmaxamatov Muhammad
