Har bir mo’min banda o’zida iymon halovatini his qilishni istaydi. Ammo hamma ham iymon halovatini his qilavermaydi. Chunki, iymon halovati faqatgina namoz o’qish yoki ro’za tutish bilan his qilinmaydi. Balki iymon halovatini his qilishning shartlari bor. Quyidagi hadisda Rosulimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam iymon halovatini qaysi amallar bilan topish mumkinligini bayon qilib berganlar.

عن أنس بن مالك رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم قال ثلاث من كن فيه وجد حلاوة الإيمان أن يكون الله ورسوله أحب إليه مما سواهما وأن يحب المرء لا يحبه إلا لله وأن يكره أن يعود في الكفر كما يكره أن يقذف في النار

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimda uch hislat bo’lsa iymon halovatini topibti: Alloh va Uning rosuli boshqalardan ko’ra suyukliroq bo’lsa, kishi (boshqalarni) faqat Alloh uchun yaxshi ko’rsa, va kufrga qaytishni olovga uloqtirilish kabi yomon ko’rsa”.

Bu hadisdan quyidagi foydalarni olishimiz mumkin:

  • Iymon halovatini totish uchun banda eng avvalo Allohni va Rosulini dunyodagi jamiki insonlardan, ota-onasidan, bolasidan, do’stu birodarlaridan, hattoki, o’zidan ham ko’proq yaxshi ko’rishi kerak. Yaxshi ko’rishning alomatlaridan biri yaxshi ko’rgan kishisiga itoat qilishdir. Allohga va Rosuliga itoat qilish bu Allohni va Rosulini yaxshi ko’rishning eng asosiy shartlaridan biridir.
  • Iymon halovatiga erishishning ikkinchi sharti kishi do’st-u birodarlarini, ota-onasi-yu aka-ukalarini, farzandlarini va boshqalarni faqatgina Alloh uchun yaxshi ko’rishi va buning muqobilida biror kimsani yomon ko’rsa faqat Alloh uchun yomon ko’rishligidir.
  • Iyon halovatini topishning uchinchi sharti iymondan keyin kufrga qaytishni olovga uloqtirilishni yomon ko’rganidek yomon ko’rishidir. Ya’ni, bir mo’minga yo kufrni tanla yoki olovga uloqtirilishni tanla desa, kufrni tanlashni olovga uloqtirilishidan ham ko’proq yomon ko’rishi lozim. Kim o’zida mana shu uch xislatni jamlasa, u albatta iymon halovatini topadi. Kim iymon halovatini topsa, in shaa Alloh, qiyomat kunida do’zax azobini totmaydi. Alloh barchamizni iymon halovatini topadigan bandalaridan qilsin.

    Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi: Mirmaxamatov Muhammad