Bugungi kunda internet inson hayotining ajralmas bir qismiga aylanib qoldi. Afsuski, internetdan hamma ham faqat manfaatli maqsadlarda foydalanishmayapti. Ko’p o’rinlarda, ayniqsa yoshlar orasida internetdan noto’g’ri yo’larda, jamiyatni buzilishiga sabab bo’ladigan, insonlarga moddiy hamda ma’naviy zarar beradigan ishlarda foydalanish holatlari ko’p uchramoqda.

Islom dini bunday holatlarda insonlarga qanday yo’l tutishi kerakligini go’zal uslubda ta’lim beradi. Islom shariatida ba’zi qoidalar borki, bu qoidalar yordamida insonlar orasida paydo bo’layotgan ko’p muammolarga yechim topiladi. Shu qoidalar biri الاصل فى الأمور الإباحة ya’ni “ishlardagi asl ruhsatdir” qoidasidir. Ya’ni agar shariatda biror ishdan qaytariq kelmagan bo’lsa, u ishni qilish joiz bo’ladi. Va yana bir qoida “لا ضرر ولا ضرار” ya’ni “o’ziga ham o’zgaga ham zarar berish yo’q” qoidasidir. Shu ikki qoidadan kelib chiqib, internet haqida fikr yuritsak, internetdan jamiyatga foydali, insonlarni ongini rivojlantiradigan, ularga to’g’ri yo’lni ko’rsatadigan, xato va nuqsonlardan qaytaradigan ishlarni qilishda foydalanish joiz bo’ladi. Shu bilan birga, o’ziga va o’zgalarga zarar beradigan, jamiyatda fisqu-fasod tarqalishiga sabab bo’ladigan, insonlarni razillik va zalolatga chorlaydigan ishlarni qilishdan saqlanish shart bo’ladi.

Bugungi kunda internetda sof inson tabiatiga zid bo’lgan, insonni insoniylikdan chiqaradigan, jirkanch ishlarni targ’iboti jadal tus olmoqda. Internetdan foydalanishda inson mana shunday jirkanch ishlarni targ’ibotidan uzoqda bo’lishi, agar qo’lidan kelsa bu ishlarni jamiyatdan chiqarib tashlashda amaliy xizmat qilishi, bunga qodir bo’lmasa so’z bilan qarshi turishi, agar bu ishga ham qodir bo’lmasa, qalbi bilan bu ishlarga qarshi turishi va ishlarni targ’ibotiga hissa qo’shib qo’ymaslikka bor imkoni bilan harakat qilishi lozim va mana shu holat iymonning eng zaifidir.

Alloh barchamizni to’g’ri yo’lida bardavom qilsin.

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi: Mirmaxamatov Muhammad