Hijratning eng afzali- Alloh qaytargan narsalardan qaytishdir

18

Shariatimizda shunday so’zlar borki, u so’zlar aslida go’zal va muqaddas amallarga nisbatan ishlatiladi. Ammo bugungi kunda ba’zi adashgan va buzg’unchi toifalar bu so’zlar bilan o’zlarining xunuk va noshariy ishlarini nomlashib, omma xalqni bu so’zlardan beziydigan va qo’rqadigan qilib qo’yishdi. Mana shunday muqaddas so’zlardan biri “hijrat” so’zidir.

“Hijrat” kalimasi lug’atda “bir narsadan ajrash, uzilish, tark etish, uzoqlashish” kabi ma’nolarni anglatadi. Shariatimizda esa, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiliklarida bir qancha sahobai kiromlarni Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga ko’chib o’tganlariga aytiladi. Demak, “hijrat” deb, musulmon kishining o’z yurtida joniga, moliga va diniga tajovuz bo’lganda boshqa yurtga ko’chib o’tishiga aytiladi. Ammo eng ulug’ hijrat bu emas. Komil hijrat bu- musulmon kishi Alloh qaytargan ishlardan o’zini chetga olishi va gunohlarni tark qilishidir. Bu haqida muhaddislar sultoni imom Buxoriy rohmatullohi alayh o’zlarining sahihlarida quyidagi hadisni rivoyat qilganlar:

عن عبدالله بن عمرو رضى الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «المُسْلِمُ مَن سَلِمَ المُسْلِمُونَ مِن لِسَانِهِ ويَدِهِ، والمُهَاجِرُ مَن هَجَرَ ما نَهَى اللَّهُ عنْه»

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: (Komil) Musulmon uning tilidan va qo’lidan (boshqa) musulmonlar omonda bo’lgan kishidir. (Komil) Muhojir Alloh qaytargan narsalardan hijrat qilgan kishidir.

Bu hadisda Nabiyyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bizni musulmonlarni orasida do’stlikni va hamjihatlikni ziyoda qiladigan islomiy odob-axloq bilan bezanishga yo’llab qo’ymoqdalar. Quyida hadisni qisqacha sharxlab o’tamiz: Yaxshi xislatlarni o’zida jamlagan, komil musulmon  tili va qo’li bilan musulmonlarga zarar bermaydigan musulmondir. Til yolg’on so’zlaydi, g’iybat qiladi, so’kadi, yolg’on guvohlik beradi. Qo’l esa uradi, o’ldiradi, o’g’irlik va boshqa gunohlarni sodir qiladi. Hadisda til bilan aziyat berish qo’l bilan aziyat berishdan avval keltirildi. Chunki til bilan aziyat berish insondan ko’proq sodir bo’ladi, til bilan o’lganlarga ham, tiriklarga ham birdek aziyat berish mumkin. Komil muhojir esa, Alloh qaytarrgan narsalardan qaytgan kishidir. Kishi vatanidan hijrat qilib chiqib ketib, boshqa diyorda gunohlarda bardavom bo’lib yashashi haqiqiy hijrat bo’lmaydi. Balki haqiqiy komil hijrat har qanday joyda gunohlardan chetlanishdir.

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi: Mirmaxamatov Muhammad