MUSULMONNING MUSULMON USTIDAGI HAQQIDAN BIRI

32

Alloh taolo insoniyatni behisob ne’matlar bilan siylagan. Ular orasida inson uchun eng bebaholaridan ikkitasi – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir. Darhaqiqat, bu ikki ne’matdan bahramand bo‘lib turganimiz uchun mehribon Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar aytamiz!

Alloh taolo O‘z xohish-irodasi bilan ba’zi bandasiga dard berib, u sababli bandalarining xato-kamchiliklarini o‘chirib, gunohlarini yuvadi. Xalqimizda “Issiq jon, isitmasiz bo‘lmas” degan naql bor. Albatta, bu naql bejiz aytilmagan. Zero, xastalik go‘dakni ham, yoshni ham, keksani ham chetlab o‘tmaydi. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

“Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)!” Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir (Baqara surasi, 155-157 -oyatlar).

Bemor kishining holidan xabar olib, ko‘ngil so‘rash – musulmonlarning vazifasi bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

حَقُّ المُسْلِمِ عَلَى المُسْلِمِ خَمْسٌ: رَدُّ السَّلاَمِ وَعِيَادَةُ المَرِيضِ وَاتِّبَاعُ الجَنَائِزِ وَإِجَابَةُ الدَّعْوَةِ وَتَشْمِيتُ العَاطِسِ رَوَاهُ «ِ

ya’ni: “Musulmonning musulmon ustidagi haqqi beshta: salomga alik olish, bemorni ko‘rgani borish, janozada qatnashish, chaqirilgan joyga borish, aksirgan kishiga (“Yarhamukallohu…”, deb) javob aytish” (Imom Buxoriy,  va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan ham ko‘rinib turibdiki, biz mo‘min-musulmonlarning bir-birimizdagi haq-huquqlarimizdan biri – kasal bo‘lgan yaqinlarimiz yoki qavmu qarindoshlarimizdan bemor bo‘lib qolganlarini darhol ko‘rgani borishlik ekan.

Dinimizda har bir xayrli ishning odobi bo‘lgani kabi, ulamolarimiz bemorning ziyorati bobidagi odoblarni quyidagicha sanab berganlar:

  • Xastalangan kishining huzuriga kirganda, ochiq yuz, xush ko‘ngil, shafqat bilan muomala qilinadi, uning yuziga sinchiklab qaralmaydi, ko‘p va qattiq ovozda gapirilmaydi.
  • Kasal ko‘rish chog‘ida bemorga dard – Allohning bir ne’mati ekani, banda unga sabr qilsa, Alloh taolo bilib-bilmasdan qilingan gunohlarni kechirishini aytib, bemorni ko‘ngli ko‘tariladi.
  • Bemorning bosh-ko‘zi, manglayi, oyoq-qo‘lini silab, yaxshi so‘zlar bilan ko‘ngli ko‘tariladi, dard vaqtinchalik ekanini aytib, tasalli beriladi.
  • Kasal kishining ziyoratiga ozroq hadya olib, salom bilan kiriladi va unga yaqin, iloji bo‘lsa, bosh tomonida o‘tirib, ahvoli so‘raladi.
  • Bemorni ziyorat qilish – Alloh taoloni ziyorat qilishga tenglashtirilgan, xasta kishi garchi g‘ayridin kishi bo‘lsa ham, hol so‘rash yaxshidir.
  • Kasal bo‘lgan odamni borib ko‘rishning savobi va fazilati juda ko‘p. Bemorni ziyorat qilish, undan hol-ahvol so‘rash, biror yetishmovchiligi bo‘lsa, ko‘maklashib yuborish – musulmon kishi zimmasidagi zarur vazifalardandir.
  • Uning huzurida past ovozda, tabassum bilan gapiriladi, “Ko‘nglingiz nima tilaydi?” – deb so‘raladi. Agar u xohlagan narsasini aytsa va bu unga zarar qilmasa, xoh o‘zi, xoh yaqinlari orqali topib berishga harakat qilinadi.
  • Bemor yotgan uyda kulish, yig‘lash yaxshi emas, har xil kinoyali, og‘ir botadigan, ko‘ngilga keladigan so‘zlarni aytilmaydi.
  • Agar zarurat bo‘lmasa, kasal ko‘rgani kechasi bormagan ma’qul, chunki dard odatda kechga borib kuchayib, bemorning ahvoli tanglashadi yoki u charchab, oromga shaylangan bo‘ladi.
  • Kasalni toliqtirib qo‘ymaslik uchun uning oldida uzoq o‘tirilmaydi. O‘zining roziligi bo‘lsa, bir oz o‘tirib, ko‘nglini ko‘taruvchi ibratli hikoyalar so‘zlab turiladi. Gapi sovuq, befarosat kishilarni bemorning yoniga yo‘latmagan ma’qul.
  • Xastalikka chalingan kishi ham, o‘z navbatida, kelganlarga dardi haqida gapirib, hikoya qilavermasligi, faqat so‘ralgandagina javob qaytarishi kerak. U dardi kuchayganida, o‘ziga o‘lim tilamay, Allohdan shifo so‘raydi va shukrona aytadi.
  • Bemorning huzuridan turayotganda, uning haqqiga duo qilib, Allohdan shifo so‘raladi. Imkon bo‘lsa bemorni duosi olinadi. Chunki uning duosi ijobatdir. Xayrlashishda “Xudo xohlasa, tezda tuzalib ketasiz”, “Dard ham bir mehmon, hali sog‘ayib ketasiz” kabi so‘zlar bilan tasalli beriladi.

Alloh taolo bergan har bir narsadan unimli va savob ila foydalanishimizni barchamizga nasib aylasin…

 

 

Оллоёр ОМОНОВ

“Хожа Бухорий” ўрта махсус таълим муассасаси

ўқитувчиси