Фиқҳий масалалардаги бидъатлар

14

Bid’at deganda yomon ishni tushunmaslik kerak, balki sharoit va zamon taqazosi bilan odamlarning manfaatiga ko’ra joriy qilingan yangilik deb tushunish kerak. Chunki shari’at hech qachon insoniyatga mashaqqatni iroda qilmaydi. Payg’ambar alayhissalom davrida qilinmagan deb, odamlar ko’paysa ham azonni mikrafonda aytish bid’at yoki qo’shimcha zikr bid’at deyish aqlsizlik sanaladi. Quyida Payg’ambar alayhissalom zamonlarida bo’lmagan, balki keyinchalik paydo bo’lgan far’iy ya’ni fiqhiy ishlarga tegishli masalalar haqida bahs qilamiz.

Far’iy masalalrga aloqadar bid’at bu aqidaga tegishli bo’lmagan yangiliklar va hadisda nazarda tutilgan qoralangan yangilik emas. Chunki, fiqhiy ishlar zamonlar o’tishi bilan shu zamonga munosib tarzda paydo bo’lgan yangiliklar sanaladi. Ularning hukmi shar’iy dalil va insoniyatning maslahati hamda ularning maslahati bo’lmagan narsalarning rioyasiga qaratilgan umumiy qoidalar orqali talab qilinadi. Ya’ni, ushbu far’iy masalaga taalluqli paydo bo’lgan bid’atlarning hukmi yuqoridagi dalil va qoidalarga qiyoslanadi.

Ushbu bid’atlarni Payg’ambar alayhissalom davrlarida bo’lmaganligi yoki u kishi bu ishlarni qilmaganlari, ularni harom ekanligini taqozo qilmaydi. Zalolat bo’lgan bid’at esa bundan mustasno. Darhaqiqat, Payg’ambar alayhissalom barcha muboh ishlarni va barcha mandub (maqtalgan) ishlarni bajarib bermaganlar. Chunki, undan muhimroq ishlar ko’p bo’lgan. To qiyomatgacha ummatlari qilishi kerak bo’ladigan har bir ishlarni bajarib berishlari mumkin ham emas. Faqat asosiy bir namuna bo’larli amal yoki so’zlar va qoidalarni bayon qilib ketganlar, qolgan ishlar anashularga qiyoslanadi, xilof kelmaganlarini bajarsa bo’ladi, aksi bo’lsa, bajarish ma’qul bo’lmaydi.

Bunday bid’atlarni izohlash va yaxshi tushunish uchun ba’zi misollarni keltirib o’tishimiz mumkin.

  1. Juma namozini bir necha masjidlarda ado etilishi

Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam va sahoba hamda tobe’iynlar davrida bunday ko’rinish bo’lmagan. Imom Bayhaqiy Abu Dovudning “Marosil”ida Abu Dovudning tariqidan Bukayr ibn Ashajdan rivoyat qiladi, u aytadi: “Madinada Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari bilan birga (jami) to’qqizta masjid bor edi. Uning ahli Bilol (roziyallohu anhu)ning azonini eshitib, o’z masjidlarida namozlarini o’qir edilar”. Yahyo (ibn Yahyo) ziyoda qilib shunday degan: “Ular juma namozini ushbu masjidlardan birortasida o’qimas, faqat Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida o’qir edilar”[1].

Yana Bayhaqiy rivoyat qilib aytadiki: “Albatta, Zulhulayfa ahli (juma uchun) Madinaga jamlanar edilar”. Bayhaqiy shunday deb qo’shimcha qiladi: “Payg’ambar alayhissalomni biror kishi uchun Madina yoki unga yaqin qishloqlardagi masjidlarda jumani ado etishiga izn berganlari naql qilinmagan”. Ya’ni, barcha atrof mahalla va qishloqdagilar Masjidi nabaviyga kelib juma’ o’qir edilar, hech kimga o’z masjidida juma o’qishiga ruxsat yo’q edi.

Asram Ahmad (ibn Hanbal)dan shunday deb so’radi: “Bir shaharda ikki juma jamlanadimi (ya’ni, bir shahardagi ikki masjidda jumani bir vaqtda o’qisa bo’ladimi)? Imom Ahmad: “Biror kishini bunday qilganini bilmayman”, deb javob berdilar. Na sahobiy va na tobe’iyn bunday qilgan, hech kim qilmagan, dedilar.

Ibn Munzir ayatadi: “Odamlar (ulamolar) Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam va xulafoi roshdinlar[2] zamonida juma faqatgina Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida o’qilgani va barcha atrofdagi kishilar o’z masjidlarini tashlab, bitta masjidga jamlanishganiga ixtilof qilishmagan. Chunki u davrlarda juma namozi bir joyda o’qilardi, boshqa namozlar esa o’z joyida o’qilardi”. Ya’ni, hech kim bu masalada ixtilof qilmagan. Barcha ulamolar bir ovozdan Madina atrofidagi odamalar jumani bitta masjidda o’qilganiga ittifoq qilishgan.

Hofiz[3] Ibn Asokir “Damashq tarixi” nomli asarlarining muqaddimasida shunday deganlar: “Albatta, Umar (roziyallohu anhu) o’z hokimlari Abu Muso Ash’ariy, Amr ibn Os va Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhum)larga alohida jome va qabilalar (uchun) alohida masjid qilish, agar juma kuni bo’lsa, barcha odamlar jome masjidlarga yig’ilib, shu yerda jumaga qatnashishlari haqida maktub yozdilar”. Ya’ni, har bir qabila o’z masjidlarini qo’yib, asosiy jome masjidga yeg’ilishlari haqida amr qildilar.

Hofiz Xatib Bag’dodiy “Bag’dod tarixi” nomli kitoblarida shunday deganlar: “Bag’dod shahrida juma namozini jome masjiddan boshqa joyda o’qishni ilk paydo bo’lishi xalifa Mo’tazid davrida xalifaning (qasri) hovlisida bo’ldi. Buning uchun masjid bino qilinmadi. Jomega chiqmay qasrda alohida jamoat qilishning sababi islom xalifasaning xavfsizligi edi. Bu ish hijriy 208-yilda amalga oshdi. So’ngra xalifa Muktafi davriga kelib bu uchun bitta masjid bino qilinib, shunga jamlanib, juma o’qiladigan bo’lindi”[4]. Demak, bunda biz juma namozini bir shaharda bo’lak holatda o’qishning ilk paydo bo’lishini ko’ryapmiz. Bunday yangilik yaratishga undagan narsa vaziyat va sharoit taqozosi bo’lgan ekan.

Shunday qilib asta sekin bunday jamoatlarni alohida bo’lishi ko’payib, islom diyorlarida musulmonlar shunday qilishda davom etdilar. Hech kim buni bid’ati zalolat ya’ni, bu ish zalolat, demadi. Chunki bu fiqhiy masalaga tegishli bo’lgan far’iy hukmdir. Aqidaga tegishli emas. Dinning asli bo’lmish aqidga tegishli narsada yangilik paydo qilish zalolat ekanini aytib o’tdik. Lekin sharoit va odamlar maslahatidan kelib chiqib paydo bo’ladigan yangilik fiqh ilmiga oid bo’lib, shu ilm orqali usha yangilikga hukm beriladi.

“Xoja Buxoriy” madrasasi o’qituvchisi

Muhibullayev Saidmuhammadxon

[1] Hadisning isnodi (roviylari) sahih. Abu Dovud “Marosil”ining 15-hadisida rivoyat qilgan.

[2] Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhumlar.

[3] Ba’zi olimlar ismi oldidan “Hofiz” degan sifatni kelishi, uning ilmda yetukligi, ayniqsa hadis ilmida mohir ekaniga ishora qiladi.

[4] Tarixi Bag’dod. 4/3-4-8-betlar.