Soxta hadislardan saqlanish va ularning hukmi

65

Hozirgi kunda bazan ijtimoiy tarmoqlarda asli yo’q bo’lgan bazi soxta hadislar taqalib qoladi. Unda dinga oid terminlardan, jannat, do’zax, azob va savob kabi so’zlardan foydalaniladi, bu esa moʻmin lekin ilmsiz odamning qalbiga tez yetib boradi, insonning dinga, savob ko’paytirishga bo’lgan  hissiyotlarini joʻshtirib yuboradigan malumotlar tarqalgani yaxshi emas, ular yolgʻon boʻlib, kimdir tomonidan qandaydir maqsadda oʻylab topilgan toʻqima xabar boʻlishi mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilib, u kishiga oid bo‘lmagan va u zotnnig nomlaridan uydirilgan so‘zlarga mavzu’ hadis yoki mavzu’ xabar (uydirma, soxta) deyiladi.

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish, u kishi aytmagan gapni aytdi, qilmagan ishni qildi, deyish ulkan gunoh. Shuning uchun ham ulamolar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga nisbatan yolg‘on to‘qishni halol sanagan odam kofir bo‘ladi , deganlar.

Alloh taolo Qurʼoni Karimda “Ey iymon keltirganlar! Agar bir fosiq sizlarga xabar keltirsa, aniqlab koʻringlar! Bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qoʻyib, qilganingizga nadomat chekuvchi boʻlmanglar” degan emasmi? (Hujurot surasi, 6-oyat).

Muhammad ibn Sirin rohmatullohi alayhi: “Bu ilm – dindur. Diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar”, deganlar. (Buni imom Muslim rivoyat qilgan).

Alhamdulillah, xalqimiz ilmga chanqoq, maʼrifatga tashna xalq. Biroq, ilmni kimdan olishga ham koʻp narsa bogʻliq. Ayniqsa, turli buzuq aqiydalar, adashgan oqimlar ko’payib, ilmsiz, tajribasiz yoshlarni yoʻldan urib turgan bir paytda mazkur oyat-hadislarning dolzarbligi yanada ortadi.

Hozirgi kunda eng ko‘p tarqalgan achinarli odatlardan biri ma’ruza va suhbatlarda zaif va uydirma hadislar keltirilmoqda. Maqola yo kitoblarda ham shunday hadislardan foydalanilyapti. Bu esa jiddiy xatodir.

Mavjud uydirma hadislarga nazar tashlasak, ularning bir qismi Islom diniga zid, mantiqsiz, bir qismi esa, islomiy tamoyillarga mos, foydali so‘zlar ekaniga guvoh bo‘lamiz. Lekin ma’nosi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bunday uydirma so‘zlarga hadis deya amal qilish, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga bog‘lash joiz emas, harom va katta gunoh hisoblanadi.

Anas ibn Malik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom, bu borada “Kimki Men haqimda qasddan yolg‘on so‘zlasa, jahannamdagi joyiga tayyorgarlik ko‘raversin!” deya hadis to‘qishni qat’iyyan man eganlar. (Imom Buxoriy.)

Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki bir so‘z yolg‘on ekanini bilaturib mening hadisim sifatida rivoyat qilsa, uning o‘zi yolg‘onchilardan biridir” (Ibn Mojja, Muqaddima ).

Sahoba va tobe’inlarning ba’zilari bu hadislardagi ogohlantirishlardan qo‘rqqanlari uchun ham, xato qilib qo‘ymaylik, kamaytirib yoki qo‘shimcha qilib yubormaylik, degan andishada juda kam hadis rivoyat qilishgan.

Shuning uchun Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislari bo‘yicha aniq bilimga ega bo‘lgandan so‘nggina gapirish lozim. Gumon va taxmin bilan gapirish mutlaqo mumkin emas. Musulmon odam gumon va ishonchsiz narsalarni gapirmaydi, uydirma xabarlardan saqlanishi esa shart. Ayniqsa, dinu diyonatga, imon-e’tiqodga, halol-haromga, shariat ahkomlariga va oyat-hadisga tegishli mavzuda so‘z yuritganda juda ham ehtiyot bo‘lish kerak.

Alloh taoloning hukmiga, amr-farmoniga qatʼiy itoat qilish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish moʻminlikning asosiy belgisidir. Oxiratimizning yaxshi yoki yomon bo  ʻlishi dinimizni toʻgʻri tushunib, unga toʻgʻri amal qilishga bogʻliq ekan, diniy taʼlimotlarni, sharʼiy hukmlarni, fatvolarni kimdan, qaysi manbadan olayotganimizga hushyor boʻlaylik. Ayni paytda, oʻzimiz kimgadir mazkur taʼlimotlarni yetkazmoqchi boʻlsak, nihoyatda ehtiyot boʻlaylik, omonatdor boʻlaylik. Yaxshilik qilaman deb, oʻzimiz ham adashib, birovlarni ham adashtirib qoʻymaylik. Aslida bunday ishlarni oʻz ahliga, yaʼni olimlarga qoʻyib berilsa nur ustiga nur boʻlardi.

Muhtaram Birodarlar! Dinimizni oʻrganishda duch kelgan manbadan foydalanavermaylik, muqaddas dinimizni har kasu nokasdan emas, el-yurtning nazariga tushgan, nafaqat yurtimiz ulamolari, balki butun Islom olami eʼtirof qilgan ulugʻ allomalarimizning rasmiy chop etilgan asarlaridan, internetdagi rasmiy manbalaridan oʻrganaylik. Shunda barchamiz uchun yaxshi bo’ladi.

Qurbonov Xayrulla Yunusovich

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

Hadis fani o’qituvchisi