YAXSHILIK VA TAQVO YO’LIDA HAMKORLIK QILING!

71

Har bir mo’min inson o’zi qiloyatgan ishini islom o’lchovi va ulamolar ko’rsatmasi asosida qilishi zarur. O’z bilganicha yoki uzoqni o’ylamay qilgan ishi nafaqat o’ziga balki, eng yomoni o’zgalarga ham zarari hatto islom diniga ham futur yetqazishi muqarrar. Shu bilan birga o’zaro hamkorlikda ham islom dini va ko’pchilikning manfaatini ko’zlab ish qilishi kerak. Zero Alloh taolo Qur’oni azimu shainda shunday marhamat qilgan:

“Yaxshilik va taqvo yo’lida hamkorlik qiling, gunoh va dushmanlik yo’lida hamkorlik qilmang”. (Moida surasi 2-oyat).

Ushbu qisgina jumla dunyodagi barcha hamkorliklar uchun asosiy qoida hisoblanadi. Har bir hamkorlik avvalo Allohning rizosi va taqvo hamda yaxshilik asosiga qurilishi shart qilindi. Agar g’arazli maqsadda, kimgadir, nimagadir zarar berish yoki musulmonlar orasida tafriqa solish, xalqni o’z vataniga nisbatan yomon kayfiyatni yuzaga keltirish uchun bo’lsa, bu “gunoh va dushmanlik” asosidagi hamkorlik sanaladi.

Bugungi kunda “gunoh va dushmanlik” asosida hamkorlik qiluvchilar ko’payib ketdi. Lekin ular o’zlarini din “peshvosi”, din “xodimi”, islom “shayxi” qilib ko’rsatib, doim ijtimoiy tarmoqda turib olib, ilm olib, islom rivoji, yurt ravnaqi uchun hissa qo’shishga imkoniyat bor yosh avlodni urush uchog’iga, halokatga chorlamoqdalar. Bularning barchasi, fitna uchun qilanayotgan hamkorliklar, musulmonlarni tafriqaga solish uchun bajarilayotgan xufyona harakatlardir.

Oqil musulmon kishi turli shayxlarga, o’zlariga chiroyli taxallus qo’yib olgan amalda bo’lib kelayotgan shar’iy ahkomlarni buzayotganlarga ergashib, ularga ishonib ketavermasligi kerak, anashundagina tinchlik bardavom bo’ladi, anashundagina fitnalar barham topadi.

Alloh taolo barchalarimizni yaxshilik va taqvo yo’lida hamkorlik qiladigan va turli fitnalarga aldanib qolmaydigan bandalaridan qilsin!

Xalqaro islom akademyasi 1-bosqich tayanch doktoranti

Xoja Buxoriy islom bilim yurti oqituvchisi

Saidmuhammadxon Dovudxon o’gli