Til – millat ko’zgusi

69

Til – bebaho qudrat. U nafaqat aloqa vositasi, balki go‘zal nutq yaratish san’atidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi istiqlolga erishish yo‘lidagi asosiy qadamlardan biri bo‘lgan edi. Yurtimiz mustaqil bo‘lgach, ona tilimiz o‘z o‘rni va mavqeyiga ega bo‘ldi. Bugunga kelib o‘zbek tilimiz xalqaro miqyosda e’tirof etildi. Xalqaro anjumanlarda o‘zbekona kalomning aytilishi, chet eldagi ta’lim dargohlarida o‘zbek tilini o‘rganish markazlarining borligi tilimizning nufuzi oshib borayotganligidan dalolatdir. Ona tilimiz qadimiy tillardan bo‘lib, dastlabki yozma manbalar VI-VII asrlarga borib taqaladi. O‘zbek tilini rivojlantirishda ulug‘ olimlarimiz Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy kabi ajdodlarimizning hissalari kattadir.

“Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganligiga 21-oktabrda 33 yil to‘ladi. Davlatimiz rahbarining so’zi bilan aytganda, o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi.

Albatta, xorijiy tilni o‘rganishda asos – ona tili bo‘lmog‘i lozim. Bu borada Prezidentimizning quyidagi gaplari o‘rinlidir: “Shunga alohida urg‘u berishimiz zarurki, chet tillarni o‘rganish minba’d ona tilini esdan chiqarish hisobiga bo‘lmasligi lozim”. Darhaqiqat xorijiy tilning eshigini ona tilining kaliti bilan ochish o‘zligimizni aslo unutmasligimizga kafili bo‘la oladi.

Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: «Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgʻon oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur».

Haqiqiy saodat-bu mustahkam iymonimizda! Iymonimiz mustahkamligi esa tilimizning go’zalligidadir!!!

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti 2-kurs talabasi Karomatov Alimardon