OLAMLARGA RAHMAT PAYG’AMBARNING VASF VA ODOBLARI
29

Bizni oxirgi payg’ambar bo’lmish Muhammad Mustafo s.a.v.ning ummatlaridan qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo’lsin.
Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo’lgan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad alyhissalomga batamom va mukammal salovatu durudlar bo’lsin.
Alloh taolo yaratgan bandalari ichida eng afzali, payg’ambarlarning oxirgisi va mukammali bo’lmish Muhammad alayhissalomning muborak hayotlari barcha insoniyat uchun o’rnak ekaniga zarracha shubha yo’q. Shuningdek, Alloh taoloning inoyati ila qurshalgan ushbu muborak hayotning har bir lahzasi o’ta aniqlik va diqqat bilan o’rganilganiga ham zarracha shubha yo’q.
Ha, bu ulug’ hayot qanchalik ehtimom bilan o’rganilsa, shuncha yaxshi.
Chunki bu hayot Odam Atoning sulbidaligidan to oxirgi lahzasigacha Alloh taoloning alohida inoyatiga sazovor bo’lgan bir hayotdir!
Chunki u eng afzal bandaning, eng so’nggi va eng mahbub Payg’ambarning muborak hayotidir.
Chunki bu hayotning yigirma uch yili osmon bilan yerning, ya’ni Robbul olamiyn bilan olamlarning bevosita bog’lanishiga sabab bo’lgan hayotdir.
Chunki bu hayot uning sohibi ilohiy dastur asosida to’laqonli va yer yuzida jonli Qur’on bo’lib yashagan hayotdir.
Chunki bu hayot barcha uchun go’zal o’rnak manbai bo’lib, mo’min — musulmonlar uchun ilhom chashmasi bo’lgan hayotdir.
Chunki bu hayot uni diqqat bilan o’rganib, undan o’rnak olib, ergashib yashagan kishilar uchun Jannat yo’liga yetaklovchi hayotdir.
Chunki bu hayot osmonlar malakutiga ko’tarilgan, har lahzasi Alloh taoloning vahiysi ila yo’lga solingan va farishtalar ham havas qilgan hayotdir.
Shu bilan birga, bu hayot yer voqeligidan ajralib qolmagan, oddiy insonlik tabiatidan hech chetlamagan, oddiy ota – onadan tug’ilib o’sgan kamtar bir bandaning hayotidir.
Qolaversa, bu hayot dunyodagi barcha ezgu fazilatlarni o’zida mujassamlashtirgan va barcha razolatlardan uzoqda bo’lgan zotning hayoti ekani diqqatga sazovordir.
Chunki bu hayot Alloh taoloning O’zi tomonidan yetarli darajada maqtalgan hayotdir.
Chunki bu hayot oshiqlari ishqida yonib, uni diqqat bilan o’rgangan va undan imkoni boricha o’rnak olgan hayotdir.
Chunki bu hayot uning dushmanlari undan kamchilik topa olmay dog’da qolgan, unga tuhmat qilib, sharmanda bo’lgan va oxiri uning buyukligiga tan bergan hayotdir.
Chunki bu hayot butun olamlarga rahmat payg’ambarning hayotidir.
Bizlarga mana shunday zotning sifat va odoblarini bilishimiz suv bilan havodek zarurdir
Payg’ambar alayhissalomning barkamol sifatlari, go’zal axloqlari va chiroyli xilqatlari haqida mashhur rivoyat bilan kifoyalanamiz.
Hasan ibn Ali r.a. aytadilar:” Tog’am Hind ibn Abu Holadan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tasvirlab berishlarini so’radim, chunki tog’am u zot sollallohu alayhi va sallamni hammadan yaxshi vasf qilardi, men esa ularni yodlab olmoqchi edim. Tog’am dedilar:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o’zlari nihoyatda ulug’ inson edilar, shuningdek, insonlar qalbida ham yuksak hurmatga sazovor edilar. Muborak yuzlari o’n to’rt kunlik to’lin oy misoli porloq edi. Qomatlari o’rta bo’ydan balandroq edi, lekin o’ta novcha ham emas edilar. Muborak boshlari katta, sochlari biroz buralgan edi. Sochlari o’z holicha ochilsa, farq ochar, bo’lmasa, ataylab orasini ochib yurmas edilar. Sochlarini o’stirsalar, quloqlarining yumshog’idan oshib turardi. Ranglari oq, peshonalari keng, qoshlari kamon, ingichka, uzun va qalin bo’lip, bir-biriga tutashmagan edi. Ikki qoshlari o’rtasida bir tomirlari bo’lip, g’azblangan paytlarida qimirlab ko’rinar edi. Muborak burunlari biroz baland va qirrali edi. Burunlarida biroz nur bor ediki, yaxshi diqqat qilmagan odam burunlari kata va baland deb o’ylar edi. Soqollari qalin, ko’zlari tim qora, yanoqlari tekis, og’izlari keng, muborak tishlari mayda va yaltirab turar edi. Oldingi tishlari bir-biridan alohida ko’rinar edi. Muborak ko’kraklaridan kindiklariga qadar nozik mo’ydan bir chiziq tortilgan edi. Bo’yinlari shundoq yarashgan ediki, go’yo oq marmardan tarashlangan haykalning bo’yni misoli, kumush kabi musaffo edi. A’zolari bir-biriga mutanosib, badanlari go’shtdor edi. Qorinlari ko’kraklari bilan tekis, keng yelkali kishi edilar. Bo’g’inlari yo’g’on edi. Badanlarining ko’rinib turadigan qismi o’ta nurli edi. Ko’kraklaridan kindiklarigacha bir chiziq mo’y bor edi, lekin ko’kraklari tukdan xoli edi. Bilaklari, yelkalari va ko’kraklarining yuqori tomonlarida biroz tuklar bor edi. Bilaklari uzun, kaftlari keng, qo’llari va qadamlari go’shtli edi. Barmoqlari uzun-uzun, bo’g’im va paylari baquvvat edi. Tovonlari bilan yerga tegmaydigan qismi bir-biridan uzoqroq edi. Qadamlari silliq bo’lib, suv to’xtamay o’tib ketar edi. Qachon yursalar, quvvat bilan qadam tashlar edilar. Oldinga moyil bo’lib, ohista va ildam yurardilar. Yurslar tepalikdan tushib kelayotgan kishi kabi viqor bilan shahdam yurardilar. Qarasalar, butun tanalari bilan o’girilib qarar edilar. Nazarlari pastga bo’lar, osmondan ko’ra ko’proq yerga qarar edilar. Ko’p mulohazali kishi edilar. Sahoblarini oldinda yurg’izib, o’zlari orqada yurar, yo’liqqan kishiga doimo birinchi bo’lib salom berar edilar.”
Men: “Tog’ajon, menga u zot sollallohu alayhi va sallamning so’zlashuv odoblarini tasvirlab bering”, dedim. Tog’am:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko’pincha g’amgin, doimiy tafakkurda yurar edilar. Ummat tashvishi bilan bo’lin, deyarli rohat ko’rmadilar. Ko’p sukut qilar, faqat kerakli o’rindagina so’zlar edilar. Gapni boshlash va tugatishda to’liq qilar edilar. Qisqa so’zlar bilan ko’p ma’nolarni ifoda qilar, dona-dona so’zlar edilar. Muloyim gapirar, qo’pol va tahqirlab so’zlamas edilar. Yaxshilikni juda oz bo’lsa ham, albatta e’tirof qilar, hech narsani malomat qilmas, yeb-ichiladigan narsalarni yomonlamas ham, maqtab ham yubormas edilar. Haqqa tajovuz qilinsa, g’azablari qarshisida turib bo’lmas, haqni qoim qilmasdan, aslo tinchlanmas edilar. Lekin o’zlariga nisbatan qilingan nohaqlik uchun aslo g’azablanmas, intiqom ham olmas edilar. Agar biror narsaga ishora qilsalar, kaftlari bilan ishora qilar, biror narsadan taajjubga tushsalar, kaftlarininig orqasini ko’rsatar edilar. Biror narsa haqida gapirsalar, qo’l harakatlaridan ham birga foydalanib gapirar, ba’zan o’ng qo’llarining bosh barmog’ini chap kaftlariga urib qo’yar edilar. Agar biror kimsadan jahllari chiqsa undan yuz o’girib, tark qilar, xursand bo’lsalar, ko’zlarini yumib, boshlarini quyi qilib olar edilar. Aksar kulgilari tabassum bo’lar, jilmaysalar, qor kabi oppoq tishlari ko’rinar edi”.
Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mana shu sifat va odoblarini o’rganib, hayotimizga tatbiq qilishimiz va farzandlarimizga o’rgatishimiz zarurdir. Zero Alloh taolo o’zining kitobida «Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo’lgan va Allohni ko’p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go’zal o’rnak bor », degan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham hadislarida: “sizlardan birortalaringiz Men unga otasidan, bolasidan va barcha odamlardan ko’ra suyukliroq bo’lmagunimcha haqiqiy mo’min bo’lolmaydi” dedilar. Alloh hammamizni haqiqiy mo’minlardan bo’lishimizni nasib qilsin! Omiin!
“Hadis va hayot” 19-juz, Olamlarga rahmat Payg’ambar va Qozi Iyozning “Shifo” kitoblari asosida
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi S. Jahonov tayyorladi.
