Uzrli ayollarning o’ziga xos hukmlari
79

Ayol zoti yaratilgandan buyon u ikki tomondan noqis qilib yaratilgan. Biri dini tomonidan, ikkinchisi aqli tomonidan. Dini tomonidan noqis qilib yaratilganiga kelsak, ayol kishi o’zida kechadigan hayz va nifos kabi omillar tufayli namozlarini to’liq o’qiy olmaydi, ro’zalarini Ramazon oyida batamom qilib tuta olmaydi. Aqli tomonidan noqis qilib yaratilganiga kelsak, bir ayol kishining guvohligi qabul qilinmaydi, ayol kishining guvohligi o’tishi uchun ikki ayol kishi bo’lishi kerak.
Ayol kishi shunday noqis yaratilgan ekan, mana noqislikning ham o’ziga yarasha hukmlari bo’ladi. Har bir muslima-mo’mina ayol bu hukmlarni bilib, yaxshilab o’rganib, amal qilishi lozim bo’ladi. Agar bu hukmlarni bilmasa o’ziga yomon bo’ladi,ibodatlarining qabul bo’lmasligiga, gunohkor bo’lishiga sabab bo’lib qolishi mumkin.
Hayzning qachon boshlangani to’g’risida payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir necha hadislar kelgan.Quyida ular bilan tanishib chiqamiz. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bu (hayz) Allohning Odam qizlariga yozgan narsasidir”, deganlar. Ba’zilar: “Hayz ilk bor Banu Isroilga yuborilgan” deyishgan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari ustundir .
Oisha roziyallohu anho aytadi: “Faqat hajni ko’zlab yo’lga chiqdik. Sarifga yetganimizda hayz ko’rib qoldim. Yig’lab o’tirgan edim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurimga kirdilar.” Senga nima bo’ldi, hayz ko’rdingmi?” dedilar. “Ha”, dedim. “Bu-Allohning Odam qizlariga yozgan narsasidir. Endi hoji bajaradigan hamma narsani bajaraver, faqat Baytni tavof qilma”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollari nomidan sigir so’yib, qurbonlik qildilar”.
Avvallari ba’zi bir xalqlar hayz ko’rgan ayollarni najas sanashgan.Ularga yaqinlashishmagan. Ular bilan birga o’tirishmagan, hattoki ular bilan gaplashishmagan ham. Lekin Islom kelib barcha bu johiliyat odatlariga barham berdi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Yahudiylar ayol kishi hayz ko‘rsa, uylarida u bilan birga taom yemas, unga jinsiy yaqinlik qilmas edilar. Sahobalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan bu haqda so‘radilar. Bas, Alloh: “Sendan hayz haqida so‘rarlar. Sen: “U ozor, nopokdir. Bas, hayz paytida ayollardan chetda bo‘linglar. Toki, pok bo‘lmagunlaricha ularga yaqinlik qilmanglar. Qachon pok bo‘lsalar, ularga Alloh amr qilgan tomondan kelinglar”, deb ayt” oyatini nozil qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Nikohdan boshqa hamma narsani qilaveringlar”, dedilar. Bu yahudiylarga yetib bordi va ular:
“Bu odam bizning ishimizdan birortasini qo‘ymay xilof qiladi”, deyishdi.
Keyin Usayd ibn Huzayr va Abbod ibn Bashrlar kelib:
“Ey Allohning Rasuli, yahudiylar bundoq, bundoq, demoqdalar, u(ayol)larga yaqinlik qilaveraylikmi?” dedilar.
Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari o‘zgarib ketdi, hatto bizdan achchiqlari chiqdi, deb o‘yladik. Ikkovlari chiqishdi. Shunda ularning qarshisidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hadyaga sut kelib qoldi. U zot ularning ortlaridan sut yuborib, ikkovlariga ichirdilar. Bas, ular u zotning o‘zlaridan achchiqlanmaganlarini bildilar”. Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan… .
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus bilim yurti talabasi
Abdurahmonov Zohidjon
