Panoh soʻrashning ilohiy sirlari

126

O’zining haqiqati bilan botilni  yo’qqa chiqarib, haqiqatni yuzaga keltirgan va  bizlarni imonga, islomga, ilmga  hidoyat qilib, Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi vasallam)ning ummatidan qilgan. Alloh taologa beadad  hamdu sanolar bo’lsin.  U zotning  qiyomatgacha porlab turgan yo’lboshchi yulduzi, mo’minlarga bashoratchi, kofirlarga ogohlantiruvchi qilib, bizlarga hidoyat nuri bo’lgan Qur’onni olib kelgan haqgo’y va omonatdor elchi Payg’ambarimiz Rasuli Akram (sollallohu alayhi vasallam)ga  durudu salavotlar bo’lsin.  Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) islomni tarqatishda va bizgacha sof holda yetkazgan. U kishining sahobalariga, oilasiga va zavjalariga ularga haqiqatni topib, qiyomat kunigacha mustahkam qalb bilan ergashgan kishilarga Alloh haq taoloning rahmati bo’lsin.

Alloh taolo o’z kalomida (Ey mo’min bandam), har qachon Qur’on qiroat qilsang, albatta quvilgan-mal’un shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so’ragin!” —  deb buyuradi.

Bu oyatda Alloh shaytonning sharridan panoh so’rashni Habibiga (a.s.) va u  zot orqali musulmon ummatiga bildiradi. Shunga binoan biz mominlar ham Qur’oni Karim o’qiyotganimizda yoki har qanday xayrli amallarni boshlashdan oldin doimo shayton yomonligidan Alloh taologa siginamiz. Shayton vasvasasidan qalbimizni saqlashi va Ozining roziligiga erishtiruvchi amallarga muvaffaq qilishini soraymiz. Bu asli shaytonga qarshi kurashning bir korinishidir. Inson nafs va shaytonga qarshi kurashgani sayin ko’p yaxshi amallar bajarishga muvaffaq bo’ladi.

Demak, shayton ila mujodala etish mo’minlarning birinchi galdagi vazifasidir. Aks holda shayton insonlarni yomonlikka yaqin va yaxshilikdan uzoq qilib qo’yadi. Shaytonga qarshi kurash qurol-yaroq bilan bo’lmaydi. Taavvuzning ma’nosini bilib, talaffuz qilish va Alloh taolodan panoh so’rash bilan bo’ladi.

Mujodala deb dushman bilan kuch va quvvat yetgunicha muqoraba qilishga aytiladi. Bu kurash uch shaklda amalga oshadi.

Birinchisi, Allohni inkor qilgan va Uning yoqqan nurini o’chirmoqchi bo’lgan kofir bilan mujodala. Bu zohiriy mujodaladir. Qolgan ikki shakli botiniy muqoraba deyilib, bunda hech qanday aslaha yordam bermaydi. Bu shayton va nafsning vasvasasi, ig’vosi bilan muqorabadir. Shayton va nafs botiniy dushmanlardir. Ular har doim insonni tog’ri yo’ldan ozdirishga urinadi.

Shayton ichimizga kirib olib, qalbimizni yomon vasvasalar bilan buzadi. Xartumini qalbning ustiga qo’yib, unga ming turli vasvasani tashlaydi. Bunday yomon xislati sababli Alloh taolo shaytonni “Xonnas” (vasvasa qiluvchi) deb atagan. Agar mo’minning qalbi zikrullohning nuri bilan xushyor bo’lsa, shayton vasvasasi unga tasir etmaydi. Chunki zikrulloh nuri olovdan yaratilgan shaytonni kuydiradi. Shubhasiz, mo’minlar Sirot ustidan otayotganlarida ularning nuri jahannam olovini so’ndirgani sababli jahannam mo’minlardan tezroq o’tib olishlarini so’raydi.

Shayton insonlarning tomirida qonga o’xshab, oqib-aylanib yuradi. Nozik xilqatli bo’lgani uchun qalbning har tomonidan kira oladi. Ichimizga suqilib kirgan shayton bilan ichdan va tashqi tarafdan muttasil jang qilish mominlar zimmasidagi eng buyuk vazifadir. Qalb rahmoniy  va shaytoniy hislar mujodala etadigan joydir. Yomon hislar g’olib kelsa, inson ham yomonlashadi. Shu sababli Nabiy (s.a.v.) “Inson tanasida bir et parchasi bor, u sog’ bo’lsa, badan ham sog’-salomat bo’ladi. U buzilsa, butun badan ham buziladi. Ogoh bo’ling, u qalbdir”, deb aytganlar.

Bu hadisi sharif manosidan shuni yaxshi bilishimiz lozimki, qalb shaytonning turli xil vasvasasi va nafsning yomon hislaridan tozalanganidagina inson pokiza inson bo’ladi. Qalbi toza kishining ibodati ham xolis bo’ladi. Uning ibodati va darajoti pokligining qiymati bilan o’lchanadi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak shayton ham insonning qalbiga tinimsiz hujum qiladi. Dastlab, u insonning ko’ksiga vasvasalarni joylab, qalbiga o’rnashib oladi.

Bu haqda Alloh taolo Nas surasida shunday deydi:

قال الله تعالى: الَّذِي يُوَسْوِسُ فِي صُدُورِ النَّاسِ

“(U) odamlarning qalblariga vasvasa solur”, deb aytilgan, ya’ni insonlarning dillariga vasvasa soladigan shaytonning yomonligidan panoh so’rash buyurilgan. Muhaqqiq ulamolardan Muhammad Termiziy bu xususlarni shunday bayon etadilar: “Qalb aql va ma’rifat o’rnashgan joydir. Shayton aslida qalbni ishg’ol qilishga qasd etgan. Shayton avval  insonning diliga keladi, chunki dil qalbning qo’rg’onidir. Shayton yo’l topib, ko’ngilga kirsa, shaytoniy xayol va har xil buzuq fikrlar, g’am-g’ussa, xirs va ta’ma bilan qalbni to’ldiradi. Qalb bunday yomon fikrlar bilan to’lgani sari torayib boradi, ko’z faqat dunyoni ko’radi, oxiratni unutadi. Ibodat va toatdan lazzat topolmaydi. Lekin musulmon birinchi marta qalbiga hujum qilgan bu shaytoniy fikrni qalbning qo’rg’oni bo’lmish dildan quvsa, qalb talvasaga tushmaydi, ibodat qilib lazzatlanadi, dunyo dabdabasidan toraymaydi.”

Demak, dilni turli vasvasalardan tozalab, ilohiy nur bilan to’ldirish har bir mo’minning zimmasidagi birinchi vazifadir. Chunki shayton bu qo’rg’onni zabt etsa, qalb torayadi. Toraygan qalb  Haqdan g’ofil, dunyoning g’am-g’ussasi ostida ezilib qoladi.

 

Ibragimov Ahmad

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

4-A kurs talabasi