FIQHIY ISTILOHLAR
103

Boshqa ilmlardagi kabi, fiqh ilmida ham o’ziga xos istilohlar bor. Mazkur istilohlarni yaxshilab tushunib olish kishiga fiqhni anglab yetishda katta yordam beradi. Quyida o’sha istilohlarning ba’zilari bilan tanishamiz.
- Farz. Shariat jazm ila, shubhasiz va qat’iy dalil bilan talab qilgan ish farzdir. Bunga quyidagi misollarni keltirish mumkin : Qur’oni Karim ila sobit boʻlgan farz amalga Islomning besh rukniga o’xshash amallar kiradi. Mutavotir va mashhur sunnat ila sobit bo’lgan farzga namozda qiroat qilishni misol keltirish mumkin. Ijmo ‘ ila sobit bo’lgan farzga to’rt xil taom bug’doy, arpa, xurmo va tuzlarning ba’zilarini ba’zilariga nasiyaga sotish haromligi misol bo’ladi. Farz amalni qilish lozim va lobuddir. Uni qilgan odam savob oladi. Farz amalni qilmagan odam osiy bo’lib, iqobga qoladi. Farzni inkor qilgan kofir bo’ladi.
- Vojib. Shariat jazm ila, ammo qat’iy bo’lmagan dalil bilan talab qilgan amal vojibdir. Fitr sadaqasi, vitr namozi va ikki iyd namozlari kabi amallar vojib amallardir. Vojib amalni qilish lozim va lobuddir. Uni qilgan odam savob oladi. Lekin vojibning savobi farznikidan ozroq boʻladi. Vojib amalni qilmagan odam osiy bo’lib, iqobga qoladi. Lekin uning iqobi farzni qilmaganning iqobidan ozroq bo’ladi. Vojibni inkor qilgan kofir bo’lmaydi. Hanafiy mazhabidan boshqa mazhablar farz va vojibni bir narsa deb tushunadilar va ikkisini qo’shib « vojib » > deb ataydilar. Ammo Hanafiy mazhabi yuqoridagi daqiq farqni e’tiborga olib, ikkisini alohida hukmlar deb biladi.
- Sunnat. Shariat jazm etmasdan talab qilgan, uni qilgan odam savob olib, qilmagan mazammat qilinmaydigan amal « sunnat « deyiladi. Qarz oldi — berdisini vasiyqa sifatida yozib qo’yish haqidagi hukm buning misolidir. Sunnat amalni qilgan odam savob oladi. Uni tark etgan odam iqob qilinmaydi. Unday kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning malomatlariga va itoblariga qolishi mumkin. Hanafiylardan boshqalar sunnatni mandub, nafl, mustahab, tatovvu ‘, ehson va hasan kabi nomlar bilan ham ataydilar. Hanafiylar esa sunnat bilan mandub va mustahabning orasida farq bor, deydilar. Sunnat ta’kidlangan amal bo’lib, dinda shart bo’lmagan, ammo uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimiy ravishda qilib yurganlar va ba’zan uzrsiz tark qilganlar. Mandub yoki mustahab esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimiy ravishda qilmagan amallardir. Hanafiylar Sunnatni bir necha turga taqsimlaydilar :
- Sunnati muakkada. Jamoat namoziga o’xshash amallar.
- Sunnati mashru’a. Dushanba va payshanba kunlari ro’zasini tutishga o’xshash amallar.
- Sunnati zoida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yeyish — ichishlari, kiyinishlari, yurish — turishlari, uxlashlariga ergashishga o’xshash ishlar.
- Harom. Shariat tark qilishni shubhasiz, qat’iy dalilga suyanib, jazm ila talab qilgan narsa haromdir. Odam o’ldirish, aroq ichish, zino va o’g’rilik qilish kabilar shu jumladandir. Haromdan chetda bo’lish farzdir. Uni qilgan odam uqubatga sazovor bo’ladi. Harom yana ma’siyat, gunoh deb ham ataladi. Haromni inkor qilgan odam kofir bo’ladi.
Bulardan tashqari bazi istilohlar bor. Ular : Makruh, muboh, shart, rukn, ado, qayta qilish va qazodir. Yo’qorida kelgan makruhning o’zi ham ikkiga bo’linadi makruhi tanzihiy va makruhi tahrimiy. Manashu narsalar fiqhiy istilohlar deb nomlanadi.
Xojiasrorov Ahliddin
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti
4-kurs talabasi
