Bir oyat tafsiri…
26

Birovning uyiga iznsiz kirmaslik
Alloh taologa hamdlar bo’lsin, Unga hamd aytamiz, Undan madad so’raymiz, Undan mag’firat so’raymiz, o’zimizning yomonligimizdan va amallarimiz yomonligidan panoh so’raymiz. Alloh taolo kimni hidoyat qilsa, hech kim uni adashtirolmaydi, kimni zalolatga keltirsa , hech kim uni hidoyatga boshlay olmaydi.
Bizlarni o’z Kalomi ila haq yo’lga hidoyat qilgan Alloh taologa bitmas tuganmas hamdu sanolar bo’lsin. Alloh taoloning Kalomini biz ummatga yetkazib, u ila zulmatlardan nurga olib chiqqan hidoyat elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durudu salomlarimiz bo’lsin.
Ey iymon keltirganlar! O‘z uylaringizdan boshqa uylarga to izn so‘ramaguningizcha va ularning ahliga salom bermaguningizcha kirmang. Ana shunday qilmog‘ingiz siz uchun yaxshidir, shoyadki eslatma — ibrat olsangizlar.
Johiliyat davri arablarida kishilarning haq-huquqlari ularning shaxsiy, oilaviy sirlarini ehtirom qilishmasdi. Bir-birlarining uyiga, ertalabki salom, kechki salom deb to’g’ri kirib borishaverardi. Uyda ayollar borligi, uy egalarining qanday holatda ekanliklarini o’ylab ko’rishmasdi ham. Bu esa o’ta ketgan beodoblik va turli yomonliklarga sabab bo’ladigan holat edi.
Alloh taolo bu oyat bilan o’z shariatidagi odoblardan birini ta’lim beryapti. Ushbu oyatga binoan, birovning uyiga kirmoqchi bo’lgan odam uy egasining izni bilangina va u yerdagilarga salom berib kirishligi lozim ekanligi aytilayapti.
Islomda nafaqat birovning uyiga ruxsatsiz kirish, balki nazar solish ham, hatto maktubini iznsiz o‘qish ham taqiqlanadi.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qavmning hovlisiga ularning iznisiz qarasa, bas, ular uning ko‘zini o‘yib olsalar, xun to‘lamaydilar”, deganlar.
Imom Abu Dovud Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan boshqa hadisda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Kim birodarining maktubiga uning iznisiz nazar solsa, xuddi do‘zax otashiga nazar solgandek bo‘ladi”, derlar.
Birovning huzuriga kirishga izn so‘rashning ham o‘ziga yarasha odoblari bordir. Musulmon kishilar ushbu islomiy odoblarga amal qilmoqlari lozimdir. Avvalo, izn so‘rayotgan odam hovliga, uy ichiga nazar solmasdan, boshqa tomonga qarab turib izn so‘rashi kerak.
Imom Abu Dovud Huzayl ibn Sharayhbiyldan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar zikr qilinadi:
“Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eshiklariga qarab turib izn so’ray boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga, sen undoq yoki bundoq tur, izn so‘rash nazardan saqlanish uchun joriy qilingandir, dedilar”.
Izn so‘rab kirishning eng katta foydalari fohisha ishlarning oldi olinishida, bexosdan avratlarga ko‘z tushishdan, nomahramlar xilvatda birga qolishidan, turli shubhalar, nosharʼiy holatlar yuzaga kelishidan saqlanishda ko‘rinadi. Bular suraning siyoqiga mos ekanligi oldin ham aytib o‘tildi.
Albatta, favqulodda holatlar bundan mustasno. Misol uchun biror uyga o‘t ketganida yoki uy egalari, ularning molu mulki xavf-xatar ostida qolganida, yordam berish uchun iznsiz kiriladi.
Ushbu oyati karimadagi taʼlimotlardan ko‘rinib turibdiki, Qurʼoni Karim islomiy hayot tarzini o‘rgatuvchi ilohiy kitobdir. U ijtimoiy hayotdagi mazkur masalalarga o‘xshash juzʼiy bo‘lib ko‘ringan odob-axloqlarni ham bayon qilib beradi. Birovning turar joyiga faqat izn so‘rab, ruxsat berilgandan keyingina kirish mumkinligini joriy qilish bilan har bir insonga katta bir insoniy haq ato etilgandir. Inson o‘zini eng erkin, eng tinch, eng xotirjam sezadigan joy uning uyidir. Inson o‘z uyida bemalol bo‘la olmasa, hayot tashvishlaridan qayerda forig‘ bo‘lib, qayerda hordiq chiqaradi? Shuning uchun ham Islom dini insonlarni yetarli darajada daxlsizlik bilan taʼminlagan. Hech kim birovning turar joyiga iznsiz kirishga haqli emas.
Neymatov Ayyub Muxamadi o’g’li
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti
3-kurs talabasi
