Vaqt qadri

1 031

Inson bu dunyoga kelar ekan albatta “vaqt” degan o`lchov ichida bo`ladi. Bu o`lchovni Alloh taolo O`zi olamlar ustiga qoyim qilgandir. Shu o`rinda Alloh taolo vaqtdan behojatligini eslatib o`tmoqchimiz. Vaqt bu bizning hayotimiz o`lchovi, taqsimoti hisoblanadi. Quyosh va Oy esa ana shu biz “vaqt” deb ataydigan o`lchovning alomatlaridan hisoblanadi. Bu ikkisi Allohning amriga muvofiq  o`ziga xos qonuniyat ila insoniyat uchun xizmat qilishadi.  Bu haqida Alloh taolo shunday deydi:«U doimo aylanib turuvchi quyosh va oyni ham sizlar uchun bo‘yinsundirdi (ya’ni, sizlar yaxshi yashashingiz uchun tartib-intizomga solib qo‘ydi). Yana u Zot kecha va kunduzni sizlar uchun bo‘yinsundirdi. Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar sizlar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga yetolmaysizlar», deydi. (Ibrohim surasi, 33–34 oyatlar mazmuni).

Demak, bizning ustimizda kecha-yu kunduz aylanayotgan bu jismlar vaqtimizni tartibga solish uchun, uni g`animat bilishimiz uchun ochiq-oydin belgi ekan.  Uni behuda ishlar bilan o`tkazish har zamonda qoralangan. Xususan,Muoz ibn Jabaldan rivoyat qilingan hadida, payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Banda qiyomat kuni to‘rt xislatidan so‘ralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Bu savollardan birinchisi — umrini nima bilan o‘tkazgani; ikkinchisi — yoshlik davrida nima bilan mashg‘ul bo‘lgani; uchinchisi — mol-dunyoni qay yo‘sinda (qaysi kasb orqali) topgani va nimalarga sarflagani; to‘rtinchisi — o‘rgangan ilmiga qanday amal qilgani so‘raladi». Bazzor va Tabaroniy rivoyati.

Qiyomatda inson hali hisob-kitob qilinmay turib to`rt savol bilan so`ralar ekan. Ularning ikkitasi vaqt bilan bog`liq. Siz bilan bizga lozim bo`lgan narsa ana shu savollar berilganda mum tishlagan odamdek gapirolmay, hisobini berolmaslikdan saqlanishimiz lozim bo`ladi.

Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

«Ko‘p insonlar bebahra bo‘lgan ikki ne’mat bor: sog‘lik va bo‘sh vaqt».

(Buxoriy, Termiziy va Ibn Mojalar rivoyati)

Hadisda kelgan ikki ne’matga haris bo`lganimizda edi hayotda duch kelayotgan ko`plab muammodan omonda qolar edik. Chunki, inson umri o`tgani sayin ortda qolgan vaaqtini behuda o`tkazganidan iztirob chekadi. Yozuvchi: “Umrimning yarimini keyingi yarimini kutish bilan o`tkazdim. Keyingi yarimini esa avvalgi yarimini qo`msab o`tkazdim”-deganda adashmagan edi.

Ulamolarimiz vaqtni g`animat bilish haqida juda ko`plab gap aytib ketganlar. Shuningdek o`zlari ham bu narsaga qattiq amal qilganlar. Hasan Basriy aytadilar: “Shunday zotlar bor ediki, sizlar dirham-dinorlaringizga haris bo’lganingizdan ko’ra ular vaqtlariga qattiqroq haris edilar”.

Maxsumov Maqsud

 Xoja Buxoriy o`rta maxsus islom bilim yurti o`qituvchisi