SOʻZLARI QALBLARNI LARZAGA KELTIRGAN ZOT

38

Har doim olimlarning yashash tarzini oʻrganganimizda ularga Allohning fazli naqadar buyuk boʻlganligini anglashimiz qiyin emas. Ana shunday buyuklardan birlari hazrat Shayx Abdulloh ibn Muhammad Najib ibn Muhammad Sirojiddin Husayniy 1923-yilda Halab shahrida tug’ilgan. Bolaliklaridan Qur’onga muhabbatli boʻlgan shayx Usmon Qandil Tantoviydan Qur’on va tajvid ilmini oʻrganib oʻn ikki yoshlarida toʻliq yodlab tugatganlar. Undan keyin oʻqishni Falah institutida davom etadilar. Tez orada shariat ilmlarini oʻrganib, hadis va mustalahul hadis ilmlari bilan chuqurroq shugʻullanadilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sakson ming hadislarini yodlaydilar. Qur’oni Karimni yodlab bo’lgach, uni har yetti kunda, ehtimol har uch kunda xatm qilishni odat qiladilar. Payg‘ambarimizga ko‘rsatilgan eng kichik hurmatsizlikdan juda g‘azablanar edilar. Abdulloh Sirojiddin hazratlari shayx Isso Bayuniy, shayx Umar Masʻud Haririy, shayx Muhammad Asad va shayx Fayzulloh Ayyubiy Kurdiy kabi ustozlardan dars olganlar. Muhammad Avvoma va Nuriddin Itr ul zotning shogirdlaridan boʻlgan. “Ertalabki va kechki duolar”, «Qur’oni Karimning onasi bo’lgan Fotiha surasining tafsiri haqida», «Oxiratga ishonish va uning bosqichlari», «Manzumatul bayquniya sharhi» va yana bir necha asarlar muallifi hisoblanadilar. «Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam» «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishning fazilatlari, hukmlari va foydalari» va «Oxirat olamiga iymon keltirish» kabi asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Abdulloh Sirojiddin hazratlarining  kitoblarini oʻqiganda kishi islom dini haqida toʻgʻri tushuncha hosil qiladi va mutaassiblikdan yiroq boʻladi. Abdulloh Sirojiddin hazratlari 2002 yil 3-aprelda  Halab shahrida vafot etadilar. Ul zotning vafot xabarlari tez tarqalib islom ummatini mahzun qiladi. Alloh taolo oʻtgan ulugʻ zotlarni oliy darajalar bilan mukarram etsin.

 Anisjon XOJIYEV 

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi