MUSTAQILLIK — MILLIY G‘URUR VA BUYUK TARAQQIYOT TIMSOLIDIR
68

2026-yil O‘zbekiston xalqi hayotida alohida tarixiy ahamiyatga ega. Bu yil Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanmoqda. O‘tgan 35 yil — xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy davlatchiligini mustahkamlash va taraqqiyotning o‘ziga xos yo‘lidan dadil borish davri bo‘ldi. Mustaqillik, avvalo, milliy g‘ururimiz, erkinligimiz va kelajakka bo‘lgan ishonchimizning mustahkam poydevoridir.
1991-yil 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilinib, xalqimiz tarixida yangi davr boshlandi. 1-sentabr esa mamlakatimizning eng ulug‘ va qadrli bayramlaridan biri — Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadigan sana sifatida belgilandi.
Mustaqillik xalqimizga nafaqat siyosiy erkinlik, balki o‘z tarixini, milliy qadriyatlarini, ona tilini, urf-odat va an’analarini erkin tiklash hamda rivojlantirish imkonini berdi. Eng muhimi, O‘zbekiston jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosini o‘rganish, buyuk ajdodlarimiz xotirasini e’zozlash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat, ma’rifat va davlatchilik rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim manbaga aylandi.
Bugun mustaqillik tushunchasi yoshlar qalbida yanada chuqur ma’no kasb etmoqda. Chunki erkin va farovon kelajakni barpo etish, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash, dunyo bilan raqobat qila oladigan salohiyatli avlodni voyaga yetkazish uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning barchasi yurtimiz mustaqilligi bilan chambarchas bog‘liq.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiyotni rivojlantirish va jamiyat hayotining turli sohalarini isloh qilishga qaratilgan muhim ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda bu jarayon yangi bosqichga ko‘tarilib, inson qadri, xalq farovonligi, qonun ustuvorligi, ta’lim va innovatsiyalar, iqtisodiy taraqqiyot hamda jamiyatdagi ochiqlik va faollik muhim ustuvor yo‘nalishlarga aylanmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun muhim siyosiy-huquqiy va strategik asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan davlat tomonidan ham bu tarixiy sanaga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-yilda yubiley tadbirlarini “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida o‘tkazish belgilangan.
Har qanday davlat taraqqiyotining eng muhim sharti — tinchlik va barqarorlikdir. O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini umumiy Vatan, yagona maqsad va ezgu intilishlar birlashtirib turadi. Turli millat va elat vakillarining o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikda yashayotgani yurtimizdagi tinchlik muhitining muhim ifodasidir.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ham tobora yuksalib bormoqda. Mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik, tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari uning mintaqaviy va xalqaro munosabatlardagi o‘rnini yanada kuchaytirmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi shunchaki bayram sanasi emas. U bosib o‘tilgan yo‘lni sarhisob qilish, erishilgan yutuqlarni qadrlash va kelajak oldidagi ulkan vazifalarni belgilash uchun muhim imkoniyatdir. Rasmiy hujjatlarda ham ushbu sana milliy taraqqiyot yo‘limizni tahlil qilish va kelgusi rejalarni aniq belgilashga xizmat qiladigan muhim voqea sifatida qayd etilgan. Bugun biz mustaqillikning qadrini nafaqat bayram kunlarida, balki kundalik hayotimizda ham his etamiz. Tinch osmon, obod mahallalar, zamonaviy ta’lim maskanlari, bunyodkorlik ishlari, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi — bularning barchasi istiqlol bergan imkoniyatlarning yorqin namunasidir.
Shu bois mustaqillikni asrash va uning qadriga yetish har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Vatanga sadoqat, halol mehnat, chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va jamiyat ravnaqiga daxldorlik tuyg‘usi mustaqillikni yanada mustahkamlashning eng ishonchli omillaridir.
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi — xalqimizning kechagi kuni, buguni va ertasini birlashtiradigan qutlug‘ sana. O‘tgan yillar bizga bir haqiqatni yaqqol ko‘rsatdi: xalq va Vatan taqdiri bir-biridan ajralmasdir. Yurtimizning kelajagi esa bilimli, vatanparvar, tashabbuskor va bunyodkor avlod qo‘lidadir. Istiqlol — bizga berilgan bebaho ne’mat, uni asrash esa barchamizning sharafli vazifamizdir. Zero, mustaqil O‘zbekistonning bugungi yutuqlari ertangi buyuk marralar uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! O‘zbekistonimiz tinch, xalqimiz farovon, kelajagimiz yanada porloq bo‘lsin!
Muzaffar Qosimov,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islomta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
