Tinchlik — taraqqiyot va ilm-ma’rifat asosi

7

Tinchlik va xotirjamlik – inson hayotining eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. Inson qalbi osoyishta bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi. Har bir davrda tinchlik qadrlangan, chunki u taraqqiyot, ilm-ma’rifat va ibodat uchun mustahkam zamin yaratadi. Shuning uchun ham yurtimizda tinchlikni asrash eng ustuvor vazifalardan biri sanaladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mana bunday deb marhamat qiladilar: -“Musulmon – boshqa musulmonlar uning qo‘li va tilidan omonda bo‘lgan kishidir”. Demak, tinchlik nafaqat jamiyatdagi osoyishtalik, balki insonning qalb va harakatlarida boshlanishi lozim.

Xalq maqollarida esa:  “Yurti tinchning o‘zi tinch”— deb bejizga kelmagan. Qachonki, tinchlik bo‘lar ekan, insonlar xotirjam o‘z ishlariga borishi, ilm talabidagi esa bemalol bilim olishlari va hakazo holatlar, bularni barcha-barchasini amalga oshirishga keng imkoniyatlar eshigi ochiladi..

Tinchlik – urush va nizolarning yo‘qligi, jamiyatda barqarorlik va totuvlik hukm surishidir. Xotirjamlik esa inson qalbining osoyishtaligi, qo‘rquv va bezovtalikdan xoli bo‘lishidir. Bu ikki tushuncha bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Agar bir yurtda tinchlik, osoyishtalik va totuvlik bo‘lsa, u yerda farovonlik bo‘ladi, rivojlanish bo‘ladi, odamlar baxtli yashaydi. Aksincha, notinchlik hukm surgan joyda qo‘rquv, jaholat va qashshoqlik ildiz otadi.

Shuning uchun har bir inson o‘z oilasida, mahallasida va jamiyatida tinchlikni saqlashga hissa qo‘shishi kerak. Xotirjamlik esa avvalo qalb pokligi, Allohga tavakkul va sabr bilan bog‘liq. Qalbida iymon mustahkam bo‘lgan inson har qanday sinovda ham osoyishtaligini saqlay oladi. Zikr, duo va yaxshi amallar inson qalbiga xotirjamlik olib kiradi.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan dinimizni chuqur o‘rganish va ibodatlarni emin-erkin ado etishimiz uchun yaratilayotgan keng sharoitlar ham ana shu tinchlik va barqarorlikning yuksak mevasidir.

Xulosa qilib aytganda, tinchlik va xotirjamlik – insoniyat uchun bebaho ne’matdir. Alloh taologa hamd bo‘lsinki, Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffodir. Bunday ulug‘ ne’matning qadriga yetish, shukronalik qilish har bir fuqaro, xususan biz yoshlarning sharafli burchimizdir. Zero, tinchlik bor joyda baraka, taraqqiyot va saodat bo‘ladi.

Madaminov Muhammadsharif 3-kurs talabasi