TUHMAT – IYMONGA ZID AMAL
52

Tuhmat — bu boshqalarga yomon gumonni oshkor qilish va ularga haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan amallarni nisbat berishdir. Tuhmat harom amallardan va katta gunohlardan hisoblanadi. Uning bajaruvchisiga beriladigan jazo — ta’zirdir. Qur’on karimda Alloh taolo tuhmatchiga ulkan azob va’da qilgan. Tuhmat, bo‘hton va uydirma o‘rtasidagi farq shundaki, kim boshqalarga tuhmat qilsa, u ularning aybi borligiga aniq ishonchda bo‘lmaydi, ammo bo‘hton yoki uydirma qiluvchi kishi esa, boshqalarga nisbat berayotgan gapining yolg‘on ekanini aniq bilgan holda qiladi.
Islomiy ta’limotlarda boshqalarga yomon gumon va tuhmat bo‘ladigan joylar va yig‘inlarda qatnashishdan qaytarilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam o‘z hadislarida: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, tuhmat maqomlariga yaqinlashmasin” deganlar.
Tuhmatning oqibatlaridan biri – iymonga futur yetishidir. Uning davosi esa — boshqalarning ishlarini poyloqchilik qilib kuzatmaslikdir. Uning o‘rniga har kim o‘z xatosini ko‘ra olishi va uni tuzatish payidan bo‘lishi kerak. Tuhmat katta gunohlardan sanaladi. Hadisda kelishicha, tuhmat shunchalik qabih amalki, hatto shayton ham bunday kishini qabul qilmaydi. Rivoyat qilingan manbalarda uning haromligi bayon qilingan alohida boblar ajratilgan. Tuhmat yomon gumonni oshkor qilish ma’nosidadir. Yomon gumon esa inson qalbiga boshqa harakat va amallar sababli kirib keladi. Agar boshqalarning ishlarini yomon tushunish inson ichida qolib, uni hech kimga oshkor qilmasa, bu yomon gumon bo‘ladi, tuhmat emas.
Tuhmat quyidagi holatlarni ham o‘z ichiga oladi. Yozish orqali, ishora bilan tuhmat qilish, telefonlar, kompyuterlar va ijtimoiy tarmoq kabi vositalar orqali tuhmat qilish. Hadislardagi tuhmatning eng qabih ko‘rinishi omonatga xiyonatda ayblash, ya’ni ish topshirilgan kishini tuhmat qilishdir.
Bo‘hton va uydirma bilan farqi shuki, tuhmat, bo‘hton va uydirma ma’no jihatidan bir-biriga o‘xshash bo‘lib, urfda ko‘pincha yonma-yon yoki birining o‘rniga biri ishlatiladi. Shu bilan birga, ular orasida farqlar bor. Tuhmat yomon gumonni oshkor qilishdir. Uning manbai gumon va yomon gumondir. Bu gumon voqealikda bo‘lmasligi yoki hali isbotlanmagan bo‘lishi mumkin. Bo‘hton — bu yolg‘onni nisbat berishdir va buni qiluvchi kishi uning yolg‘on ekanini biladi. Uydirma — dalilsiz yolg‘on demakdir.
Tuhmatning shar’iy hukmlari:
Tuhmatning bir qancha shar’iy hukmlari mavjud. Jumladan, tuhmat qilish va uni tarqatish fiqhda harom, jazosi esa ta’zirdir. Tuhmat qilishda, ayblanayotgan kishining hozir yoki g‘oyib bo‘lishi o‘rtasida farq yo‘q. Agar tuhmat shaxsning huzurida qilinsa, bu hurmatni poymol qilish hisoblanadi va haromdir. Boshqalarni ayblashni tinglash joiz emas. Agar tinglagan bo‘lsa, tuhmat qilinayotgan odamni himoya qilish va tuhmatni bartaraf etish lozim. Tuhmatchi gunohiga tavba qilishi shart, ehtiyotrog‘i (istihbob yo‘li bilan) agar zarar bo‘lmasa, ayblangan shaxsdan rozilik so‘rashi ham tavsiya etiladi.
Tuhmatning oqibatlari.
Tuhmatning bir qancha oqibatlari bor. Ilohiy azob. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda Nur surasining 23-oyati tuhmat gunohining naqadar og‘irligiga dalil ekani aytilgan. Ushbu oyatda Alloh taolo pokiza, mo‘mina ayollarni zino bilan ayblaganlarga dunyo va oxiratda la’nat va ulug‘ azob tayyorlagan. Shuningdek, Ifk voqeasi oyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oilasidan birini ayblaganlar uchun ham ulug‘ azob va’da qilingan. Tuhmat mo‘minning iymonini ketkazadi. Tuhmat birodarlik rishtalarini uzadi va ular orasidagi diniy aloqa yo‘qoladi.
Tuhmatdan saqlanish va davolash yo‘llari.
Tuhmatni oldini olish va uni davolashning bir qancha yo‘llari bor. Jumladan, yomon niyati bilan tanilgan kishilar bilan yaqin bo‘lmaslik. Qabih va jirkanch gaplar aytiladigan majlislarda qatnashmaslik. Fosiq va buzuq shaxslarga nisbat beriladigan joylar va yig‘inlardan uzoq bo‘lish. Eng afzali boshqalarning ishlariga poyloqchilik qilmaslik, yomon gaplarni ham yaxshi ma’noga yo‘yishdir.
O‘tkir Mahmudov
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
