ISLOMDA QIZ FARZANDNING TARBIYASIGA E’TIBOR
120

Islom dini, insoniyatni yuksak axloqiy qadriyatlar, mehr-oqibat va adolat asosida yashashga chaqiradi. Bu diniy tizimda ota-ona va farzand o‘rtasidagi aloqalar juda muhim o‘rin tutadi. Qiz farzandning ahamiyati ham Islomda katta e’tiborga ega. Islomda farzandning genderiga nisbatan hech qanday kamsitish mavjud emas, aksincha, qiz farzandning tarbiyasi, uning qadri va huquqlari alohida urg‘u beriladi.
Islomdan oldingi davrda, arab jamiyatida qiz farzandlarga nisbatan nohaqliklar keng tarqalgan edi. Ular ko‘pincha jamiyatdan chetlashtirilgan va o‘ldirilgan.
Alloh talo Nahl surasining 58-59 oyatlarida shunday marhamat qiladi.
وَإِذَا بُشِّرَ أَحَدُهُم بِٱلۡأُنثَىٰ ظَلَّ وَجۡهُهُۥ مُسۡوَدّٗا وَهُوَ كَظِيمٞ
Qachonki ulardan biriga qizning xushxabari berilsa, g‘am-alamga to‘lib, yuzi qorayib ketur. 58
يَتَوَٰرَىٰ مِنَ ٱلۡقَوۡمِ مِن سُوٓءِ مَا بُشِّرَ بِهِۦٓۚ أَيُمۡسِكُهُۥ عَلَىٰ هُونٍ أَمۡ يَدُسُّهُۥ فِي ٱلتُّرَابِۗ أَلَا سَآءَ مَا يَحۡكُمُونَ
Unga berilgan xushxabarning yomonligidan (uyalib) qavmidan berkinadir. U(qiz)ni xorlik-la olib qolsamikin yoki tuproqqa ko‘msamikin? Ogoh bo‘ling! Ular qilgan hukm naqadar yomon. 59
Ammo Islom dinining paydo bo‘lishi bilan bu odatlar qat’iyan taqiqlanib, qizlarga hurmat va e’tibor ko‘rsatilgan. Rasululloh (s.a.v) qiz farzandlarni sevish, ularga hurmat ko‘rsatish va ularni to‘g‘ri tarbiyalashni muhim vazifa deb bilgan.
Islomda ota-ona uchun qiz farzandni tarbiyalash katta savobli ishdir.
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : » لَا يَكُونُ لِأَحَدِكُمْ ثَلَاثُ بَنَاتٍ، أَوْ ثَلَاثُ أَخَوَاتٍ، فَيُحْسِنُ إِلَيْهِنَّ ؛ إِلَّا دَخَلَ الْجَنَّةَ «.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Agar sizlardan kimning uchta qizi yohud uchta opa-singlisi bo‘lsa va ularga yaxshilik qilsa, albatta jannatga kiradi.” (Termiziy rivoyati). Bu hadis orqali Islomda qiz farzandning tarbiyasi nafaqat ota-onaning balki akaning ham burchi ekanligi, balki ularga katta savob keltiruvchi amalligini ham bilib olish mumkin.
Qiz farzandni tarbiyalashda Islom odob-axloq va mehr-oqibatni asosiy unsur sifatida ko‘rsatadi. Bu farzandga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, uni ta’lim-tarbiya bilan o‘sishga yordam berish, diniy va dunyoviy bilimlarni o‘rgatish demakdir. Ayniqsa, qizlar uchun eng muhim narsalardan biri to‘g‘ri diniy ta’limdir, chunki ularning islomiy qadriyatlar bilan tarbiyalanishi, hayotlarini yanada barqaror qilishga yordam beradi.
Qiz farzand nafaqat oilada, balki jamiyatda ham katta o‘ringa ega. Ularning o‘qishi, o‘rganishi va jamiyatga o’ziga xos bo’lgan ish ila xizmat qilishi islomda rag‘batlantiriladi. Islom qizlarni ham o‘qish, bilim olish va mehnat qilishga da’vat qiladi.
Islomda qiz farzandning ahamiyati ulkan. Ularning tarbiyasi, e’tiborga olinishi va huquqlari himoya qilinishi zarur. Farzandlar, xususan qizlar, to‘g‘ri tarbiya olishlari va iymonli bo‘lishlari kerak, chunki ular nafaqat oilaning, balki jamiyatning kelajagi hamdir. Islomda qiz farzandning maqomi juda yuksak bo‘lib, ularning tarbiyasi orqali nafaqat ota-onalar, balki butun jamiyat baxtli va farovon bo‘ladi.
Hikmatulloxon HOMIDOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
