(davomi)

Xavorijlar bid’ati

Xavorijlar bir firqa bo’lib, Usmon va Ali roziyallohu anhulardan voz kechish kerak, degan da’vo, ularning asosiy qarashidir. Ular bunday qilishni har qanday toatdan ustun qo’yadilar. O’zgadan qiz olib berishda ham shu shartga ko’ra olin-berin qiladilar va eng yomoni katta gunoh qilgan odamni “kofir” deb e’tiqod qiladilar.

Xavorij toifasidan biri “azraqiy”lar bo’lib, ular Usmon, Ali, Talha, Zubayr, Oisha onamiz va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumlarni “kofir” deb da’vo qiladilar.

Husayn Karobisiy xavorijlarning aytgan so’zlarini hikoya qilgan kitobida quyidagicha zikr qiladi: “Xavorij toifasidan bo’lgan Mayminiylar qiz farzandning, o’g’ilning, aka-uka va opa-singillarning nabira qizlariga nikohlanish mumkin deyishadi, bunga dalil qilib, Alloh taolo kishi o’z qizi va opa-singlisining qiziga (ya’ni, jiyanlariga) nikohlanishni harom qilgan, bularning qizlariga emas, degan da’voni keltirishadi. Bu ham xavorijlarning o’ta yomon bid’atlaridan biri sanaladi.

Imom Ash’ariy va Ka’biylar ularning Qur’ondagi Yusuf surasini inkor qilganlarini hikoya qilganlar. Ularning da’vosicha ysuf surasi “ishq” haqidagi sura, Qur’onda esa ishq-muhabbat haqida qissa bo’lishi mumkin emas. Ammo sura unday emas, balki unda Alloh taolo Yusuf alayhissalomni ayollar makridan himoya qilganini bayon qilgan, bu yerda hech qanday o’zaro ishq-muhabbat bo’lmagan. Bunday deb o’ylash esa, Alloh va uning payg’ambariga nisbatan ochiq-oydin tuhmat sanaladi.

Hodis (paydo bo’lgan) narsalarning avvali yo’q deyish bid’ati

Olamdagi paydo bo’lgan narsalarni avvali yo’q, ya’ni azaliy deyish bid’ati bo’lib, bu qarash Ibn Taymiyadan naql qilingan. Bu esa Allohga azaliylikda sherikni isbot qilish bo’ladi, bunday qarashni ahli sunna val-jamoa ulamolari botil deyishgan. Abadiylik va azaliylik faqat Allohga xos sifatdir. Undan boshqaga bunday sifat to’g’ri kelmaydi. Chunki, Allohdan boshqa barcha maxluqotlar hodisdir, hodis narsaning avvali bo’ladi.

Qodiyoniylar bid’ati

Qodiyoniylar bid’ati, G’ulom Ahmad Qodiyoniy izdoshlari tarafidan kelib chiqqan bid’atdir. G’ulom Ahmad yaqin davrda yashab o’tgan shaxs bo’lib, o’zini payg’ambar deb, da’vo qilgan. Uning da’vosicha uning payg’ambarligi Islomni bekor qilmaydigan balki, uning soyasida bo’lib, undan istifoda olib turuvchidir. Da’volaridan yana biri, u go’yo oxirgi zamonda chiqishi va’da qilingan Masih, hatto Iso Masih ibn Maryam alayhisslomlardan ham afzalroqdir.

Qodiyoniy o’z izdoshlarini Ingilizlarga[1] ergashishga targ’ib qilib, Allohga o’zini ingilizlar bayrog’i hilpirab turadigan yurt farzandi ekaniga shukur aytadi. Hindistonda musulmonlar birligiga futur yetkazish va etiqodiga zarar berish uchun mustamlakachilik fitnasini ilgari surgan. Shuning uchun qachonki musulmon ulamolari bilan munozara qilish uchun borib qolsa, o’zini himoya qiladigan ingiliz askarini ham jalb qilar edi. Shunday qilib musulmon ulamolaridan bahsga yengilar va bu tufayli ularga turli zararlarni berardi. Alloh taolo uni ichketish kasalligi bilan baloladi, bu kasallik uni zaiflashtirib, tinkasini quritdi shu kasalligi bilan bir yil o’tmay xorlik o’limini topdi.

Yuqorida keltirganlarimiz aqida masalasida bid’atlardan bir misollar edi. Shu va shunga o’xshah adashgan firqalarning so’zlari aynan Payg’ambar alayhissalom aytgan: “Kim bizning mana bu ishimizda (dinda) undan bo’lmagan narsani paydo qilsa, u raddir (qabul qilinmaydi)”, so’zlarining o’zidir. Hamda: “Har bir bid’at zalolatdir”, degan hadislaridagi zalolat bid’at ham aynan anashu adashgan toifalarning bid’atidir. Chunki u toifalar aytgan so’zlari Qur’on va sunnat hamda sahoba va tobe’iyn hamda ahli sunna ulamolari ijmo qilgan narsaga xilofdir.

Demak, ularning bid’atlari botil va hech bir istisnosiz zalolatdir. Ularning birorta ham haq tarafi yo’qdir. U firqalarning asoschisi va ergashuvchilari Payg’ambar alayhissalomning ushbu so’zlarining aynan irodasidir: “Ogoh bo’ling, albatta, sizlardan oldingi kitob berilganlar yetmish ikki millatga bo’linib ketdi, bu ummat esa yetmish uch firqaga bo’linib ketadi. Yetmish ikkisi do’zaxda, biri jannatda va ular jamoat (ahli)dir”, (Imom Ahmad 4/102-hadis va Abu Dovud 4597-hadis). Abu Dovuddan bir rivoyatda: “Albatta, mening ummatimdan shunday qavmlar chiqadiki, ularga havoi nafslari huddi qutilgan it o’z egasiga tegib (tishlab) ketganiga o’xshaydi, undan (tishlagan joyidan) sulag va bo’g’ingacha kirgan (tish izi) qoladi”, degan hadis ham mavjud. Ya’ni, qutilgan itning zahri inson tanasiga tarqalgani kabi, usha qavmga ham nafsiga tobeligi egallab oladi. Alloh taolo O’zining haq yo’lidan adashtirmasin.

Muhibullayev Saidmuhammadxon

[1] Qodiyoniy Hindistonda to’g’ilib shu yerda yashagan. Uning davrida Hindistonni Ingilizlar mustamlaka qilib olgan davr bo’lgan. U esa ingilizlar tarafiga o’tib ketgan.