Dinimizda ota-onaning o’rni

64

Barcha narsaga qodir Alloh taolo ,ota-onani o’rni buyukligi to’g’risida o’z bandalariga shunday ta’lim berib quyidagi oyatni Habibimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamga nozil qildi.

۞ وَقَضَىٰ رَبُّكَ أَلَّا تَعۡبُدُوۤا۟ إِلَّاۤ إِیَّاهُ وَبِٱلۡوَ ِٰدَیۡنِ إِحۡسَـٰنًاۚ إِمَّا یَبۡلُغَنَّ عِندَكَ ٱلۡكِبَرَ أَحَدُهُمَاۤ أَوۡ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُل لَّهُمَاۤ أُفّ وَلَا تَنۡهَرۡهُمَا وَقُل لَّهُمَا قَوۡلا كَرِیما

(Isro surasi: 23)

  1. Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!

Bu oyatda yagona ma’budga — Alloh taoloning O‘zigagina ibodat qilishga amr etilmoqda. Undan so‘ng, bevosita ota-onaga yaxshilik qilish buyurilmoqda.

“Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi.”

Bu, Allohning bandalariga amri, buyrug‘i, farmonidir; bu, bandalarning ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan ish emas. Xohlasa qilib, xohlamasa qilmaydigan havaskorlik ham emas. Qarib hech narsaga yaramay qolganda yuzlanadigan ko‘ngil hushi ham emas. Bu amr Alloh taoloning qat’iy va o‘zgarmas buyrug‘idir. Bu buyruqni bajarish har bir bandaning burchidir.

Allohning ibodatidan keyingi keladigan ish ota-onaga yaxshilik qilishdir. Bu ham Allohning amri. Alloh taolo o‘ziga ibodat qilishga chaqirgan amrdan keyin shu jumlaning davomida ota-onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu ikki hukmning bir oyatdagi bir jumlada bayon qilinishining o‘ziyoq Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini ko‘rsatadi.

“Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham kek- salikka yetsalar, bas, ularga “uff” dema.”

Bu jumlaning “uff” so‘ziga bog‘liq ikki xil ma’nosi bor. Birinchisi-  ota-onaga yomon so‘z aytib, behurmat qilma, degani bo‘lsa, ikkinchi ma’nosi — ota-onang oldida “uff” dema, ular “Bolam og’ir holga tushibdi”, deb ozorlanadilar, deganidir.

“…ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!”

Ota-onangga hech bir ozorni ravo ko‘rma! Qanday yaxshi so‘z bo‘lsa, o‘shani ota-onangga ravo ko‘r!

وَٱخۡفِضۡ لَهُمَا جَنَاحَ ٱلذُّلِّ مِنَ ٱلرَّحۡمَةِ وَقُل رَّبِّ ٱرۡحَمۡهُمَا كَمَا رَبَّیَانِی صَغِیرا)

(Isro surasi: 24)

  1. Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va “Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlari- dek, ularga rahim qilgin”, deb ayt.

Farzand ota-onaning huzurida o‘zini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi. U butun mehrini xokisorlik ila ota-onasiga poyandoz qilsa ham oz. Shu bilan birga, doimo ularga Alloh taolodan rahim-shafqat tilab duo qilib turishi lozim.

Ota-onani hurmatlash, e’zozlash masalasida hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi Islomga teng ham, yaqin ham kela olmaydi. Ota- onaning hurmati, farzand ustidagi haqqi to‘g‘risidagi oyatlar va hadislar bu borada dunyo tarixida misli ko‘rilmagan oliymaqom narsalar ekanligi ma’lum va mashhurdir. Xususan bu oyat va hadislarni, ilohiy ko‘rsatmalar va islomiy hikmatlarni hayotga tatbiq qilgan musulmonlarning ota-onalariga ko‘rsatgan yuksak ehtiromlari va fidoyiliklariga tarix shohiddir.

Hofiz Abu Bakr al-Bazzor Burdaydadan, u kishi o‘z otalaridan qilgan rivoyatda quyidagilar keltiriladi: “Bir odam ziyoratda onasini ko‘tarib yurib tavof qildirayotgan ekan. U Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan:

“Onamning haqqini ado qildimmi?” — deb so‘rabdi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

“Yo‘q, bir oh tortishining haqqini ham ado qilganing yo‘q», degan ekanlar”.

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

Gadaev Ramazon