HALOL  KASB TALABI HAQIDA

101

Dinimizda halol kasbga targ’ib qilingan bo’lib, tanballik, dangasalik, ishyoqmaslik kabi jamiyatga zarar keltiruvchi illatlardan qaytarilganmiz. Hatto halol rizq yo’lida qilinadigan sa’yu harakatlar uchun ulkan savoblar va’da qilingan.

Alloh taolo Qur’oni karimda barcha mo’minlarga o’z toqatlariga yarasha kasb qilishni farz qilib “Juma” surasining 10-oyatida shunday marhamat qiladi:

قَالَ اللهُ تَعَالَي: {فَإِذَا قُضِيَتِ الصَّلَاةُ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ وَاذْكُرُوا اللَّهَ كَثِيرًا لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ} (۱۰)

“Bas, namoz tugagandan so‘ng er yuzi bo‘ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni ko‘p zikr qiling , shoyadki, yutuqqa erishsangiz” (10 – oyat).

“Jum’a” surasidagi ushbu oyatda Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni er yuziga tarqalib, halol yo‘l bilan rizq topishlariga targ‘ib qilmoqda va bu ishni “Alloh taoloning fazlidan talab qilish” deb nomlanmoqda.

Albatta, rizq talab qilishda turli holatlar vujudga kelishi mumkin. Misol uchun, ko‘proq rizqqa erishish maqsadida harom-xarishga qo‘l urish ehtimoli ham bor. Shuning uchun Alloh taolo rizq talab qilishga amr qilganidan so‘ng bevosita:

“va Allohni ko‘p zikr qiling”, demoqda.

Alloh taoloni ko‘p zikr qilish esa rizq topish ishida haromni chetlashga omil bo‘ladi.[1]

Alloh taolo“A’rof” surasida shunday deydi:

وَلَقَدْ مَكَّنَّاكُمْ فِي الْأَرْضِ وَجَعَلْنَا لَكُمْ فِيهَا مَعَايِشَ قَلِيلًا مَا تَشْكُرُونَ (۱۰)

“Batahqiq, biz sizlarni er yuzida imkonli qildik va unda sizlarga maishat (vositalari) qildik. Juda oz shukr qilasizlar” (10 – oyat).

G‘oyat qisqa iboralardan tashkil topgan ushbu oyati karima cheksiz haqiqatni, voqe’likni mujassam qilgan. Er yuzida insonga yashash imkonini berish oson ish emas. Bu imkonni yaratish uchun qanchadan-qancha bir-biriga bog‘liq ishlar amalga oshirilgan. Avvalo, olam inson hayotiga moslangan, keyin inson bu dunyoda yashashga moslashtirilgan. Bu ikki taraflama moslashishning vujudga kelishiga sabab bo‘ladigan ishlar haqida olimlar qanchadan-qancha kitoblar yozganlar va yozmoqdalar ham.

No‘‘mon ibn Bashir roziyalllohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Albatta, halol ochiq-oydindir. Albatta, harom ochiq-oydindir. Va ikkovlari orasida shubhali narsalar bordir. U (shubhali) narsalarni odamlarning ko‘rlari bilmaslar. Bas, kim shubhalardan saqlansa, diyni va obro‘si uchun poklangan bo‘ladi. Kim shubhalarga tushsa, haromga tushadi. Bu xuddi qo‘riqxona atrofida (hayvon) boqqan Cho‘ponga o‘xshaydi. Undan o‘tlab qo‘yishi turgan gap.

Ogoh bo‘linglar! Albatta, har bir podshohning o‘z qo‘riqxonasi bordir.

Ogoh bo‘linglar! Albatta, Allohning qo‘riqxonasi Uninng harom qilganlaridir.

Ogoh bo‘linglar! Albatta, jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur.

Ogoh bo‘linglar! O‘sha narsa qalbdir”, dedilar”.

Ushbu hadisi sharif eng ulug‘ hadislaridan hisoblanadi. Ulamolarimiz “Bu hadis Islomga mador bo‘lgan uchta hadisning biridir, shuning uchun bu hadisni Islomning uchdan biri, desak bo‘ladi”, deganlar.

Ular “Bu hadisdan boshqa qolgan ikki hadis: “Albatta, amallar niyat bilandir” deb boshlanuvchi va “O‘ziga yarashmagan narsani tark qilish kishi Islomning go‘zalligidandir”, degan hadisdir”, deganlar.

Imom Abu Dovud “Ushbu uh hadisga “Sizlardan biringiz to o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani o‘zlarga ham ravo ko‘rmagunicha komil musulmon bo‘lmaydi”, degan hadis ham qo‘shiladi”, deganlar.

Bu hadisi sharifning ulug‘ligi shundaki, unda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam eyish, ichish, kiyish, nikohdagi va boshqa hamma sohalardagi narsalarning halol bo‘lishi qoidasini bayon qilib berganlar.

Shuningdek, u zot bu hadisda harom narsalarni ham bayon qilib, halolga urinish, haromdan hazar qilishga chaqiradilar. Shu bilan birga, halol bilan haromning o‘rtasida shubhali narsalar borligini, kim diyni va obro‘sini pok saqlay, desa, shubhali narsalardan ehtiyot bo‘lishi zarurligini ta’kidlaydilar. Shubhali narsalarga yaqinlashish xuddi podshoh o‘zi uchun xos qilgan qo‘riqxona yonida hayvon boqishdek xatarli ekanligini bayon qiladilar.

So‘ngida esa bu jabhada eng muhim masala – qalb masalasi ekanligini, qalb halol-haromda solih bo‘lishi lozimligini tushuntiradilar.

Imom Ibn Arabiy:

“Birgina ushbu hadisning o‘zidan hamma ahkomlarni chiqarib olish mumkin”, deganlar.

Imom Qurtubiy esa:

“Bu hadis halol va boshqa narsalarni batafsil ravishda hamda barCha amallar qalbga bog‘liq ekanligini o‘z ichiga olgandir. Shuning uchun ham barcha ahkomlarni unga qaytarib, solishtirib ko‘rish mumkin”, deganlar.

Endi hadisi sharifni tahlil qilib chiqaylik:

“Albatta, halol ochiq-oydindir”.

“Halol” so‘zi lug‘atda “tugunni echish” ma’nosini bildiradi.

Scariatda esa haromlik tuguni echilgan, ya’ni haromlik sifati yo‘q narsaga halol deb aytiladi. Chunki harom narsaning man qilish tuguni bo‘ladi. Halol narsa ana o‘sha tugun bo‘lmaydi.

Hadisi sharifda “Halol ochiq-oydindir”, deyilishi juda keng ma’noni anglatadi. Avvalo, nimalar halol ekanligi ochiq-oydin: suv, sut, meva suvlari kabi ichimliklar, non, meva, poliz ekinlari, Allohning ismi aytib so‘yilgan halol hayvonlar go‘shtlari, ruxsat berilgan kiyimlar va nikohga olingan ayollar haloldir.

Qolaversa, ushbu narsalarga ishonchli, shariatda ruxsat berilgan yo‘l bilan ega bo‘lish lozim. “Halol kasb” deganda aynan shu ma’noda, ya’ni halol narsaga halol yo‘l bilan ega bo‘lish haqida gap bormoqda. Bu holat ham ochiq-oydin bo‘lganligi uchun uni hamma biladi. Halol mehnat, meros, hadya, ikki taraf roziligi bilan bo‘lgan tijorat tufayli qo‘lga kirgan mulk halol bo‘ladi. Bu oddiy haqiqatni bilish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rishning keragi yo‘q. Musulmon odam uchun halol narsani talab qilish, haloldan molu mulk topish farz hisoblanadi. Ulamolarmiz “Ushbu hadisi sharif ba’zi bir johillarning “Dunyoda suv va nabototdan boshqa halol narsa qolmadi”, deyishlariga raddiyadir. Shubha va haromning doirasini kengaytirish johillik va ilmsizlik alomatidir”, deganlar.

“Albatta, harom ochiq-oydindir”.

“Harom” lug‘atda “man qilish”ni anglatadi.

Shariatda hech qanday shubhasiz, ochiq-oydin ravishda man qilingan narsa haromdir.

Buni ham bilib olish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rishning keragi yo‘q. Aroq, najosat tushgan suv kabi ichimliklar, cho‘chqa go‘shti, Allohning ismi aytilmay so‘yilgan xayvonlar go‘shti, erkak kishilarga ipak kiyimlar va nikohda  bo‘lmaganlar bilan jinsiy aloqada bo‘lish kabilar haromdir.

Shu bilan birga, o‘zi halol bo‘lgan narsalarga shariatda man qilingan yo‘l bilan ega bo‘linsa, ular ham haromga aylanib qoladi. Misol uchun, zulm, o‘g‘rilik, riboxo‘rlik, aldamchilik, poraxo‘rlik yo‘li bilan topilgan har bir narsa, o‘zi qancha pok bo‘lsa ham, ularni topuvchilarga haromdir. Shuning uchun ham ulamolarimiz mutlaq haromni “O‘zida haromlik sifati bor yoki man qilingan yo‘l bilan topilgan narsadir” deb ta’rifladilar. Musulmon kishi uchun haromdan hazar qilish farzdir.

Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni harom yo‘l bilan birovning molini eyishdan qat’iy ravishda qaytargan.

Alloh taolo “Baqara” surasida shunday marhamat qiladi:

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ (۱۸۸)

“Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan emang. Bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini gunoh ila eyishingiz uchun uni hokimlarga tashlamang”,[2] (188 – oyat).

Bu oyati karimada Alloh taolo musulmonlarni bir-birlarining molini botil – harom yo‘l bilan eyishdan qaytarmoqda.

Ushbu oyati karimani tushuntirish uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

“Bu “bir odam qarzdor bo‘ladi, lekin o‘ziga qarshi hujjat yo‘qligidan foydalanib, u molni olganidan tonadi”, deganidir. Birovning molini haromdan eb, gunohkor bo‘layotganligini bilib turib, hokimga arz qiladi”, degan ekanlar.

Ayniqsa, musulmon kishi harom yo‘l bilan molu dunyo kasb qilishdan xuddi cho‘chqaning go‘shtini eyishdan xazar qilgandek xazar qilishi kerak. Harom yo‘l bilan molu dunyo topgan odam ikki dunyoda sharmanda bo‘ladi. Bu dunyoda azob-uqubat, turli balo-ofatlarga yo‘liqib, u dunyoda jahannam ichida turib, qorniga taom o‘rniga olovni eydi.

“Va ikkovlari orasida shubhali narsalar bordir”.

Ya’ni, halol bilan harom orasida shubhali narsalar bordir.

Demak, ba’zi narsalarning halolligi ham, haromligi ham ochiq-oydin bilinmaydi. Halol deyin desa, haromga o‘xshaydi, harom deyin desa, halolga o‘xshaydi. Bunday narsalar shubhali narsalar deyiladi. Asosiy mushkul xuddi shu narsalardir.

“Shubha” so‘zi lug‘atda “o‘xshash” ma’nosini bildiradi. YA’ni shubhali narsa o‘zidan boshqa narsaga o‘xshashdek tuyuladi. Uning aniqligi yo‘q bo‘ladi.

Ulamolarimiz halol va harom bobidagi shubhali narsani “Ikki xil e’tiqodni taqozo qiluvchi ikki narsa sodir bo‘lganligi uchun ikki xil e’tiqodga sazovor bo‘lgan narsa shubhali narsa deyiladi”, deganlar.

Demak, shubhali narsalar bir necha xil bo‘ladi:

  1. Bir narsaning halolligi haqida bir tomondan, haromligi haqida ikkinchi tomondandan dalil kelgan bo‘lsa, ulardan qaysi biri oldin ekanligini bilinmasa, u shubhali narsa bo‘ladi.

Bunga ulamolarimiz kelajakda o‘rganiladigan “Muhobara” nomli muomalani misol qiladilar.

  1. Shariatda hukm bayon qilingan bo‘lsa ham mashhur bo‘lmaganligi uchun ko‘pchilik bilmaydi.

Misol uchun, kaltakesakdan katta, echkiemardan kichik bo‘lgan “zobb” nomli hayvon halol, ammo o‘sha hayvon yashamaydigan joylarda buni ko‘pchilik bilmaydi.

  1. Umumiy ma’no yoki qiyosdan olinadigan hukm bo‘ladi, ulamolar turlicha tushungan narsalar.
  2. Shariatda mubohligi yoki muboh emasligi haqida hukm kelgan, ammo vaqtinvchalik yoki doimiy ekanligi haqida ixtilof bor narsalar.

Yovvoyi eshak, xachir va otga o‘xshash hayvonlrning hukmini, halol yoki haromligini mujtahid ulamolar oyat, hadis, ijmo, qiyos va boshqa fiqhiy qoidalar bilan solishtirib, o‘rganib chiqadilar. So‘ngra ularning halol yoki harom ekanligi haqida hukm chiqaradilar. Shundan keyin u halollik yoki haromlik sifatini oladi. Yuqorida keltirgan fikrlar mazkur hayvonlarning zotidagi halollik yoki haromlik haqidagi ma’lumotlarga asoslanadi.

Ammo zoti halol bo‘lgan hayvonlarning biror kishiga halol mulk bo‘la olishiga tegishli shubhalar ham bir necha xil bo‘ladi:

Birinchi xili – halol yoki harom qiluvchi sababda shubha paydo bo‘lishi.

Misol uchun, bir odam asli halol qushga o‘q otdi. Bu xildagi ovlangan qush aslida halol bo‘ladi. Lekin otilgan qush suvga tushsa-yu, ovchi uni suvdan olib chiqqanda o‘lgan bo‘lsa, shubha paydo bo‘ladi. Qush otilgan o‘q bilan o‘ldimi yoki suvga tushib, bo‘g‘ilib o‘ldimi, bilib bo‘lmaydi. Ulamolar shu va shunga o‘xshash shubhali holatlarda haromlik ustun ekanligini fatvo chiqarganlar.

Bunday shubhalar, ayniqsa, halol bilan haromning aralashib ketishidan kelib chiqadi. Misol uchun, bir dona harom o‘lgan hayvon go‘shti halol yo‘l bilan so‘yilgan bitta yoki o‘nta hayvonning go‘shtiga aralashib ketsa, hamma go‘sht shubhali bo‘lib qoladi. Harom go‘shtni ajratib olishning imkoni bo‘lmaganligi uchun mazkur halol go‘shtlar ham harom, deb e’lon qilinadi.

 

Zafarbek Raxmatov,

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti bitiruvchisi

[1] «Tafsiri Hilol» Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “HILOL-NASHR” Toshkent 2018

 

[2] «Tafsiri Hilol» Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “HILOL-NASHR” Toshkent 2018