Imom Muhammad Ali Sobuniyning ijodiy uslubi
28

Muhammad Ali ibn Shayx Jalil Halabiy Sobuniy 1930 yilda Suriyaning Halab shahrida tug‘ilgan. Uning otasi obro’li oilaning farzandi bo’lib, u ham Halab shahri ulamolaridan bo’lgan. Oʻrta taʼlimni Halabda, universitetni Al Azharda tamomlagan Muhammad Ali, keyinchalik chorak asr davomida Makkadagi Ummulqura universitetida dars bergan. Shundan keyin Bursa-Yalova va Makkadagi yozgi uyida mualliflik ishlari bilan band bo’lganlar.
Imom Muhammad Ali Sobuniy koʻp sohalarda oʻttizdan ortiq qimmatli asarlar yaratgan. Bu asarlarning bir qismi oʻzining mualliflik asarlari, bir qismi qisqartma, yana bir qismi tadqiqotlardir. Lekin tafsir ilmidagi ijodining salmog‘ini hisobga olsak, uni mufassir sifatida ta’riflashimiz mumkin. Hazrat Sobuniy o‘tgan davr mufassirlari orasida eng ko‘p asar yaratgan mufassirlarimizdan hamdir.
Muhammad Ali Sobuniyning asarlaridan bo‘lgan “Qobasun min Nuril Qur’onil Karim” va “At-Tibyon fî Ulumul Qur’on” asarlari uslubi haqida qisqacha ma’lumot bersak. Muhammad Ali Sobuniyning “Qobasun min Nuril Qur’onil Karim” asari muallifning ziyrakligini ko‘rsatadigan asardir. Muhammad Ali Sobuniy Qur’onni tafsir qilishda o’ziga hos chiroyli bir yo’l tutgan. Undagi oyatlarning nozik jihatlariga urg‘u berib, ilohiy murojaatning adabiy jihati va o‘ziga xosligiga doimiy e’tibor qaratishi ham shundan dalolatdir. Sobuniy hazratlarining ushbu asaridan ahli kitob bo’lgan yahudiy va nasroniylarning bir xil emasligi tushuniladi. Yahudiylar masihiylardan ko’ra imonlilarga nisbatan zo’ravonroq ekanligi ta’kidlangan. Ularning Muhammad alayhissalomga qarshi fitna va rejalari tanqid qilinib, e’tiqod va qarashlari rad etilib, umumiy so‘zga, ya’ni tavhidga da’vat etilgan.
Muhammad Ali Sobuniyning “At-Tibyon fî Ulumul Qur’on” nomli asarida Qur’on ilmlari haqidagi qarashlarini kiritgan. Uning Qur’on ilmlari haqidagi qarashlari jamoatchilik fikrini qo‘llab-quvvatlaydi. U zot oʻz asarida Qurʼon ilmlarining bir qismini oʻz ichiga olgan. Xususan, mumtoz davr mualliflarining qarashlarini tahlil qilib, kitobiga kiritgan. Shunga ko‘ra, u zot ham mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o’tgan.
Hazratning tafsir borasidagi o’ziga xos xususiyati sodda til, ravon uslub va tushunarli iboralardan foydalanishdir. Keraksiz tafsilotlarga berilmasdan, o‘quvchilarni ko‘p tariqat va rivoyatlarga kirgizmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri maqsadni bildiruvchi rivoyat usulini qo‘llagan. Salafiy mufassirlarning eng mashhurlari fikrlarini umumlashtirib, o‘z asarlariga kiritgan Imom Sobuniy o‘tmishda yozilgan barcha tafsir kitoblaridan ham yaxshi xabardor bo’lganlar va bor ma’lumotlarning sarasini jamlab berganlar.
Asha’riy va Moturidiy aqidalarini himoya qilish bilan tanilgan Sobuniy amalda hanafiy ekanligini takidlagan. Shundanki, u zot Ahli sunna val jamoatining solih olimlaridan hisoblanadi. Balki shu sababdan Arabistondagi ba’zi doiralar tomonidan bezovta bo’lgan Sobuniy o’zi ishlagan universitetni tark etishga majbur bo’lgan. Uni tanqid qilganlarga raddiyalar yozib, ularga kerakli javoblarni berib, haqligini isbotlagan.
Hayoti, ijodi va uslubi bilan tanishishga harakat qilayotgan aziz ustozimiz professor, doctor, Muhammad Ali Sobuniy 2021-yil may oyida Turkiyaning Yalova Shahrida vafot etdilar. O’zidan minglab shogirdlar va hofizi qur’onlar qoldirgan ulug’ olimni Alloh rahmatiga olsin.
G’ayratov Shaxzodbek
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom yurti
4-kurs talabasi
