Islom ravnaq topishida ayollarning tutgan o’rni 

57

Alloh taolo yer yuziga Islom nurini yubora boshlagan vaqtda butun dunyo jaholat botqog’iga botgan edi. Chor atrofda johillik, adolatsizlik, zulm va jabru sitam hukm surardi. Ayniqsa, ayollarga tegishli masalalarda bu ishlar avj olib, eng cho’qqisiga chiqqan edi. Hatto ayolni odam o’rnida ko’rmaydigan toifalar bor edi. Masalan, nasorolar olamida alohida yig’ilish o’tkazib, o’sha vaqtdagi rahnamolar tomonidan “Ayol erkakni yo’ldan urish uchun yaratilgan shaytondir, unga ko’zi tushgan odam ham gunohkor bo’ladi, ayol havoni bulg’atmasligi uchun og’ziga to’siq tutib turishi kerak”, degan qarorlar qabul qilingan edi.

Islom dini mukammal ilohiy tuzum o’laroq, dunyodagi mavjud barcha nuqsonlarni, jumladan, insonlarning nafis bo’lagi sanalmish ayollarga munosabatdagi mavjud nuqsonlarni ham tuztishga kirdi. Shu bilan birga, islomiy qonun-qoidalarni, axloq odoblarni, tasavvur va madaniyatni joriy qila boshladi. O’sha vaqtda ayollarga yetkazilayotgan zulmning cheki yo’q edi. Shu tufayli ham Islom dini ularga katta e’tibor berdi.

Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitoblaridagi quyidagi hadisi sharifni keltiganlar: Bahs ibn Hakimdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qilinadi: “Yo Rosululloh kimga yaxshilik qilay?” U zot: “Onangga”, — dedilar.  “Kimga yaxshilik qilay? — dedim. “Onangga”, — dedilar. “Kimga yaxshilik qilay?” – dedim. “Onangga”, — dedilar. “Otangga va yana yaqinlaringga”, — dedilar”.

Mana shu hadisdan ulamolar “onaning haqqi otanikidan ko’ra uch baravar ko’p” degan xulosaga kelishgan. [1]

“Butun musulmonlar onasi”, “barcha ayollar a’losi” (xayrunniso) Xadicha roziyallohu anho, Oisha r.a, shuningdek, Payg’ambarimizning boshqa xotinlarning hayoti ibrat, saboqdir. Ular dinu diyonat ravnaqi yo’lida fidoyilik qilgan, xizmat etgan. Payg’ambarimiz s.a.v ning qizlari Fotima r.a hayotlari-chi? U kishining go’zal surat va siyratlari shoiru adiblar dostonlar, she’rlar yozgan.  Bu dono ayollar fiqh, hadis ilmlarida o’z davrining yagonasi edi. U ayollar va boshqa sahobiy ayollar erkaklar bilan birga urushlarda (Vatan himoyasi uchun bo’ladigan janglarda hamshira sifatida) ishtirok qilgan, diniy bahslarda faol qatnashgan shu bilan birga yosh avlodni barkamol insonlar qilib tarbiyalashda xizmat qilganlar. Ma’lumki, islomdan avval qulchilik avj olgan edi. Islom birinchi bo’lib insoniyat tarixida qulchilikka, cho’richilikka qarshi kurash boshlagan. Qul (cho’ri)ni ozod qilishni islom ibodat darajasiga ko’tardi.

Deylik, bir ayol asir tushdi. U cho’ri sifatida  o’z egasining xonadonida yillar davomida xizmat qilib, yashashiga to’g’ri keladi. Axir u ayolning ham nafsi bor. Buzuqchilik qilsa, gunohkor bo’ladi. Islom jamiyatida erkaklarni buzishga, fahsh ishlar qilishga chorlash mumkin emas. Xo’sh, agar u o’z egasi bilan shar’iy, halol pok aloqada bo`lsa-chi? Albatta cho`ri, ya`ni asira o`z egasi bilan pok-halol aloqada bo`lsa, ya`ni uylansa, bu uchun kelajakda hur bo`lishiga, ozod bo`lishiga yo`l ochadi. Agar hojasi, ya`ni egasi cho`ri qizga yoki ayolga uylansa, uning insoniylik sha`nini ko`ratgan bo`ladi. Bunday hollarda ko`proq hur er o`zining cho`ri xotinini ozod qiladi, ammo ozod qilmay, cho`ri holida olib qolsa,yursa ham, tug`ishi bilan ayol ummu valad hisoblanadi. Shariat bo`yicha uni sotish mumkin bo`lmay qoladi. Hamda hojasi vafot etgan kuni u ayol ozod hisoblanadi.

Imom Buxoriy quyidagi hadisni o`z kitoblarida keltirganlar “Abu Hurayra r.a rivoyat qiladilar: Rosululloh s.a.v: ”Tul (beva) ayolni, uni o`zi bilan maslahatlashmay va bokira (qiz) ni, uning o`zidan ijozat so`ramay nikohlab qo`yilmaydi” – dedilar. Sahobalar: “Yo Rosululloh! Bokira qiz qanday ijozat beradi?” “Ha!” — deydi”, deyishdi. Ul zot: ”Agar sukut qilsa (rozi bo`lganidur)” deb javob berdilar. Yuqorida misol keltirilgan oyat va hadislardan ma`lum bo`layaptiki islom ayollarga hurlik, tenglik ne`matlarini bergan din ekan. Ushbu dinda xotin-qizlar sha`nini tahqirlamoq, ularni haqorat etmoq, ularga tan jarohati yoxud moddiy va ma`naviy zarar yetkazmoq gunoh hisoblanarkan.

Buyuk olmon adibi Yohan Volfgang Gyote (1749-1832) o`zining jahonga mashhur “G`arbu Sharq devoni”  nomli asarini Qur`oni Karim, Hadisi Sharif, shuningdek, Sharqdan o`tgan shoirlarimiz ijodidan ilhomlanib yozgan. “G`arbu Sharq devoni” ning bir bobi “Xuldnoma”dir. “Xuldnoma” da “Jannatiy ayollar” she`ri bor:

Sadoqatli to`rt ayol bor,

Behisht ichra kirar beshak.

Pokdir alar va taqvodor,

Iymoniga keltirmang shak.

 

Biri dilbar Zulayhodur,

Yusufini u chorlaydi.

Aning oftob jamoli hur –

Kabi behishtda porlaydi.

 

Ikkinchisi Bibi Maryam

Ona erur Isoga u.

Lek Isoni xochga mixlab,

O`ldirmoq bo`ldilar, yohu!

 

Xadichai Kubarodur

Uchinchi jannatiy ayol,

U tufayli payg`ambarga

Boqdi baxtu, shuhrat, iqbol.

 

To`rtinchisi Fotimadir,

Farishtaday aning qalbi.

Nodir qiz u, asl xotin

Ezgulikdir har matlabi.

 

Har to`rtovin jannatda biz

Ko`rib qancha madh etsak kam.

Xotirjamu yoshu, quvnoq

Unda yashar mangu odam.

 

(Olmon tilidan o`zbek tiliga Sadriddin Salim Buxoriy tarjimasi)

Islomdan avval turmushga chiqadigan xotun-qizlarning mahrini ularning valiylari olishar edi. Qizning otasi, yoxud aka-ukasi, yoki boshqa yaqin qarindoshlari kuyov tomon bilan savdoni pishirib, mahrni olib, o`zlari tasarruf qilishardi. Ta`bir joiz bo`lsa birorta sigirni sotgandek munosabatda bo`lishardi. Islom bu noma`qul oldi-berdini harom qildi. Mahrni esa kelinga berishi farz bo`lgan haqqa aylantirildi.

Qur`oni karimdagi quyidagi oyat nozil bo`lganida:

يُوصِيكُمُ اللّهُ فِي أَوْلاَدِكُمْ لِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الأُنثَيَيْنِ فَإِن كُنَّ نِسَاء فَوْقَ اثْنَتَيْنِ فَلَهُنَّ ثُلُثَا مَا تَرَكَ وَإِن كَانَتْ وَاحِدَةً فَلَهَا النِّصْفُ وَلأَبَوَيْهِ لِكُلِّ وَاحِدٍ مِّنْهُمَا السُّدُسُ مِمَّا تَرَكَ إِن كَانَ لَهُ وَلَدٌ فَإِن لَّمْ يَكُن لَّهُ وَلَدٌ وَوَرِثَهُ أَبَوَاهُ فَلأُمِّهِ الثُّلُثُ فَإِن كَانَ لَهُ إِخْوَةٌ فَلأُمِّهِ السُّدُسُ مِن بَعْدِ وَصِيَّةٍ يُوصِي بِهَا أَوْ دَيْنٍ آبَآؤُكُمْ وَأَبناؤُكُمْ لاَ تَدْرُونَ أَيُّهُمْ أَقْرَبُ لَكُمْ نَفْعاً فَرِيضَةً مِّنَ اللّهِ إِنَّ اللّهَ كَانَ عَلِيما حَكِيمًا

“Alloh sizga farzandlaringiz haqida vasiyat etib, bir o`g`ilga ikki qiz nasibasini berishni amr etdi. Agar ular iktadan ko`p (ayol) bo`lsalar, ularga u (ota) qoldirganning uchdan iktasi.agar qiz bitta bo`lsa, uning yarmi. Agar u (mayit)ning bolasi bo`lsa, u tark qilgan narsadan ota-onasining har biriga oltidan bir. Agar uning bolasi bo`lmasa, va ota-onasi merosxo`r bo`lsa, onasiga uchdan bir. Agar uning aka-ukalari bo`lsa, onasiga oltidan bir. U qilgan vasiyat va qarzini ado etgandan so`ng. Otalaringiz va bolalaringizdan qaysi birlari sizga manfaatliroq ekanini bilmassizlar. Bu, Alloh joriy qilgan farzdir. Albatta, Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir”. (Niso surasi 11-oyat) ba`zi kishilarga yoqmadi. “Qizga merosning yarmi beriladimi?”, deb ayyuhannos solganlar ham bo`ldi. Lekin bu hukm Allohning hukmi, u qat`iy. Mana shu hukmga muvoffiq xotin-qizlar meros olish huquqiga ega bo`ldilar.

Islomda ayol  dunyoga kelganidan to umrining oxirigacha moddiy jihatdan ta`minlangandir. U qiz bo`lsa, moddiy ta`minotiga ota javobgar. Singil bo`lsa, aka-ukasi, xotin bo`lsa eri, ona bo`lsa, o`g`li mas`ul. Ya`ni xotin kishi o`zi kasb qilib molu mulk topishga ehtiyoji ham, shar`iy burchi ham yo`q. Binobarin, merosga oladigan molni o`z ehtiyojlaridan ortiqcha narsa sifatida qabul qilib oladi. Buning aksicha, erkak kishi doimo moddiy mas`uliyat ostida yuradi. O`g`il sifatida ota-onasining, ota sifatida farzandlarining, aka yoki uka sifatida opa-singillarining va ukalarining, er sifatida xotinining moddiy ta`minotiga javobgar hisoblanadi. Uylanayotganda ham kelinga mahr beradi, to`y va ro`zg`or anjomlarini tayyorlaydi. Boshqacha qilib aytganda, u qancha mol topsa ham, o`rni bor. Shular e`tiborga olinsa, ikki qiz nasibasicha miqdorida merosga ega bo`lishi adolat hisoblanadi.

Ayollarga bo’lgan e’tiborning tasdig’i o’laroq, Rosululloh s.a.v musulmon ummatiga qilgan ommaviy va’z-nasihatlardan tashqari, yana ayollar uchun alohida majlislar ham o’tkazib turardilar.

Shu bilan birga, Qur’oni karim oyatlarini, Payg’ambarimiz s.a.v ning sunnatlarini, shariat ahkomlarini muslima ayollarga o’ziga xos uslub bilan yetkazadigan, xususan,ayollarning o’zlarigagina xos bo’lgan masalalarni tushuntirib beradigan muallimalar kerak edi.

Bu vazifani faqat Payg’ambarimiz s.a.v ning ayollarigina bajarishlari mumkin edi. Shuning uchun ham quyidagi kelgan oyatlarda ularga alohida e’tibor  bilan qaralib, alohida talablar qo’yildi. Payg’ambarimiz s.a.v ning ayollari ko’p bo’lgani ham, asosan shu e’ tibordandir.

 

Pirmatov Sirotillo

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi

 

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Odob xazinasi. Imom Buxoriy. Al adab al mufrad I juz  Sharq nashriyoti Toshkent. 2008. 60 bet