TAVHID TUSHUNCHASI
247

“Tavhid” lugʻatda “vahhada yuvahhidu” feʻlining masdari boʻlib, biror narsaga birlik va yolgʻizlik sifatini nisbat qilish degan maʻnoni anglatadi. Chunki arab tilidagi tafʻil bobining bir necha xususiyatlari mavjud boʻlib shulardan biri, nisbat berish hisoblanadi. [1]
Sharʻiy istilohda esa:
“Tavhid” – Inson Allohga shirk keltirishning turli koʻrinishlaridan voz kechish va Alloh subhanahu va taoloning zotida ham, sifatlarida ham, ishlarida ham, hukmlarida ham sherigi yoʻq deb eʻtiqod qilishdir.[2]
Qurʻon va sunna olimlari tavhidga quyidagicha taʻrif berganlar:
التوحيد: هو إفراد الله تعالى في ألوهيته وربوبيته وفي أسمائه وصفاته
Tavhid – Bu uluhiyatda, rububiyatda va ism sifatlarida Allohni bir deb bilish.[3]
Yaʻni, ibodatga loyiqligida, barcha narsalarni yaratishida va barcha ism sifatlarida uning sherigi yoʻq deb etiqod qilish.
Taftazoniy rahmatullohi alayh tavhidga quyidagicha taʻrif berganlar:
حقيقة التوحيد: اعتقاد عدم الشرك في الألوهية و خواصها
Tavhid haqiqati – uluhiyatda (ibodatga sazovorlikda) va uning xususiyatlarida (Allohga) sherik yoʻqligini eʻtiqod qilishlikdir.
Islom ahli oʻrtasida hech bir xilofsiz, olamning tadbirini qilish, jism va ruhlarni yaratish, ibodatga haqdorlik va qadimdan mavjud boʻlish Allohning xos xususiyatlaridandir. Bu taʻrif Alloh taoloning sifatlaridan toʻrtasini oʻz ichiga qamrab oladi:
- Olamning tadbiri. Alloh taolo yeru osmonning tadbirini barchasini oʻzi qiladi.
- Borliqdagi barcha narsani yaratish. Bu borliqda nimaki boʻlmasin ularning barchasini Alloh yaratgan.
- Ibodatga haqdorlik. Ibodat qilishga haqli zot faqatgina Allohdir. Undan boshqa barcha narsalar ibodat qilishga yaramaydi.
- Azaldan zoti bilan mavjudligi. Allohdan boshqa barcha narsalar hodis, yaʻni kyeyinchalik paydo boʻlgan. Faqatgina Alloh Taolo qadimdan, azaldan bor boʻlgan zotdir.
Tavhid ilmining darajasi va martabasi juda oliydir. Ulamolar: “Ilmning darajasi oʻrganilayotgan narsaning darajasiga qarab belgilanadi”, deyishgan. Tavhid ilmida Allohning zoti va sifatlari oʻrganiladi. Shuning uchun bu ilmning sharafi boshqa ilmlarga qaraganda juda yuqori hisoblanadi. Bundan tashqari bu ilmning oliyligiga bir necha sabablar bor:
- Barcha paygʻambarlar qavmini tavhidga chaqirgan. Qaysiki paygʻambar boʻlmasin ularning barchasi oʻz qavmiga:
وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا نُوحًا إِلَى قَوْمِهِ فَقَالَ يَا قَوْمِ اعْبُدُوا اللَّهَ مَا لَكُمْ مِنْ إِلَهٍ غَيْرُهُ أَفَلَا تَتَّقُونَ
“Ey, qavmim Allohga ibodat qiling. Sizlarga undan boshqa iloh yoʻq”, deb xitob qilgan.[4] (Muminun surasi, 23-oyat)
Yana shuni aytish mumkinki, balogʻatga yetgan kishiga birinchi oʻrinda bilishi lozim boʻlgan narsa bu tavhid hisoblanadi. Islom diniga kirmoqchi boʻlgan kishining birinchi eʻtiqod qilishi lozim boʻlgan narsa ham tavhid hisoblanadi.
Suluk egalari: “Allohga yuzlangan muridning birinchi bilishi kerak boʻlgan narsasi tavhiddir. Agar murid tavhidsiz yoʻlga kiradigan boʻlsa u hech qachon Allohga yeta olmaydi”, – deyishadi.
- Tavhid barcha insonlar uchun hayot hisoblanadi. Musulmon kishi uchun tavhidsiz hayot yoʻqdir. Alloh Taolo Anʻom surasining 122-oyatida marhamat qilib aytadi:
أَوَمَنْ كَانَ مَيْتًا فَأَحْيَيْنَاهُ وَجَعَلْنَا لَهُ نُورًا يَمْشِي بِهِ فِي النَّاسِ
“Avval oʻlik boʻlgan odamni tiriltirib, unga odamlar orasida yuradigan nurni berib qoʻygan boʻlsak.”[5]
Yaʻni, Allohdan boshqa iloh yoʻq, degan kalima uning oʻlik qalbini tiriltirdi va u oʻsha kalima asosida hayot kechirdi, degani.
- Tavhidni Alloh taolo nur qilib qoʻydi. Bu nur bilan insonlar zulmatdan iborat boʻlgan bu dunyoda adashmay maqsad qilgan yoʻllariga yeta oladilar. Bu haqda Alloh Taolo Shuro surasining 52-oyatda quyidagicha marhamat qiladi:
وَكَذَلِكَ أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ رُوحًا مِنْ أَمْرِنَا مَا كُنْتَ تَدْرِي مَا الْكِتَابُ وَلَا الْإِيمَانُ وَلَكِنْ جَعَلْنَاهُ نُورًا نَهْدِي بِهِ مَنْ نَشَاءُ مِنْ عِبَادِنَا وَإِنَّكَ لَتَهْدِي إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ
“Ana shunga oʻxshash, Biz senga Oʻz amrimizdan bir ruhni vahiy qildik. Sen kitob nimaligini ham, iymon nimaligini ham idrok qilmas eding. Lekin, Biz uni bir nur qildikki, u bilan bandalarimizdan kimni xohlasak hidoyat qilurmiz”.[6]
Insonni hidoyatga boshlaydigan, uning qalbini nurga toʻldiradigan narsa bu tavhiddir. Shuning uchun kufr va shirk ahlining qalbi zulmatdan iborat deyladi. Chunki ularning qalbiga tavhid nuri kirmagan.
Tavhidning nuri quyosh nuridan ham kuchliroqdir. Chunki tavhid tufayli inson bu dunyoda ham oxiratda ham saodatga erishadi.
- Inson koʻz ochib yumgudek miqdor ham, tavhidsiz yashay olmaydi.
Agar namozga eʻtibor beradigan boʻlsak, bomdodni oʻqib boʻlgach, peshingacha maʻlum vaqat oʻtadi, peshidan keyin asrgacha ham maʻlum muddat oʻtadi. Xuddi shuningdek shom va xufton oralarida ham vaqt bor. Demak qaysidir vaqtda namoz oʻqisak, qaysidar vaqtlarimiz namozsiz oʻtadi. Ramazon roʻzasi ham xuddi shunday bir yilda bir marta 30 kun tutiladi qogan vaqtlarda umrimiz ramazon roʻzasisiz oʻtadi. Haj ham xuddi shunday umrimizda bir marta qila olamiz agar Alloh nasib qilgan boʻlsa. Boshqa ibodatlar ham xuddi shunday maʻlum bir vaqtda qilinib boshqa paytlarda qilinmaydi. Ammo tavhidga keladigan boʻlsak, hech bir musulmon koʻz ochib yumgudek vaqtda ham undan ayrila olmaydi. Biror bir musulmon kishi: “Hozir bu payt mening tavhidsizlik vaqtim”, deb ayta olmaydi.
- Tavhid insonni bu dunyodan chiqib ketayotganda aytishi kerak boʻlgan oxirgi soʻzi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida quyidagilarni marhamat qildilar:
( من كان آخر كلامه من الدنيا لا إله إلا الله دخل الجنة )
“Kimning bu dunyoda oxirgi aytadigan soʻzi “La ilaha illallloh” yaʻni “Allohdan boshqa iloh yoʻq”, degan soʻz boʻlsa jannatga kiradi”. (Manba: Baxrul kalom)
Demak dunyodan chiqib ketish arafasida oxirgi soʻzi tavhid kalimasi boʻlishi lozim. Aks holda katta neʻmat sanalgan jannatdan mahrum boʻladi. Alloh barchamizga ushbu neʻmatni nasib aylasin. Yuqoridagi xabarlardan yana shuni bilib olish mumkinki, insonni boshlanishi va nihoyasi ham tavhid bilan boʻladi. Nafaqat boshlanishi va oxiri, balki hayotining hammasi tavhid bilan boʻladi. Alloh taolo Anʻom surasining 162-163-oyatlarida marhamat qilib aytadi:
قُلْ إِنَّ صَلَاتِي وَنُسُكِي وَمَحْيَايَ وَمَمَاتِي لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ . لَا شَرِيكَ لَهُ
“Sen: «Albatta, mening namozim, ibodatlarim, hayot va mamotim olamlarning Robbi Alloh uchundir. Uning sherigi yoʻq”, deb ayt”[7].
Bu oyat musulmon odam butunlay Allohga ajralib chiqishi lozimligini koʻrsatadi. U namozni faqat Alloh uchun oʻqiydi. Boshqa zot uchun yoki badantarbiya, axloqiy mashq, ota-onasini xursand qilish uchun emas. U ibodatlarini faqat Alloh uchun ado etadi. Haj qilsa, roʻza tutsa, zakot bersa, Alloh uchun qiladi. Birovning gapi, maqtovi yoki ehtiromi uchun qilmaydi. Hatto uning hayoti va mamoti ham Alloh uchun boʻladi.
- Tavhid qalbdagi kasalliklarga shifodir. Islom diniga kirgan kishilardan bu dinni tanlaganini sababini soʻraganimizda ular: “Ichidagi savollarga malham boʻladigan javoblar va qalbini qiynab turgan dardga islom dini shifo boʻlganini”, – deb aytishadi. Olimlar Qurʻoni karim toʻlaligicha tavhiddan iborat, deyishadi. Chunki Qurʻon quyidagi narsalarni oʻz ichiga qamrab olgan:
* Alloh taolonig ism sifatlari haqida xabar berish.
* Alloh taoloning yolgʻiz oʻzigagina ibodat qilishga chaqirish.
* Allohning toatini lozim tutib buyruq va qaytariqlariga amal qilish.
* Ahli tavhid va Allohning doʻstlarini Alloh ikrom qilishi.
* Ahli shirk va osiylarga Allohnng azobi qattiq boʻlishi.
* Tavhidga qarshi chiqqan qavmlarning balolarga duchor boʻlgani.
Bularning bari tavhid bilan bogʻliq boʻlgan narsalardir. Demak, shunday ekan, Qurʻon yaʻni tavhid barcha moʻminlar uchun shifodir. Alloh taolo Isro surasining 82-oyatida marhamat qilib aytadi:
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ وَلَا يَزِيدُ الظَّالِمِينَ إِلَّا خَسَارًا
“Qurʻonni moʻminlar uchun shifo va rahmat oʻlaroq nozil qilurmiz”[8].
Demak, ilmlarni ichida tavhid ilmi inson oʻrganishi va unga eʻtiqod qilishi va shu eʻtiqodi asosida yashashi lozim boʻlgan eng muhim ilmlardan biri ekan. Alloh barchalarimizni tavhidda sobit qadam qilsin va barchalarimizga soʻnggi aytadigan soʻzimiz tavhid kalimasi boʻlishligini nasib aylasin.
S. Muhibullayev
«Xoja Buxoriy» o’rta maxsus islom bilim yurti o’qituvchisi
[1] Ahmad ibn Muhammad al-Hamalaviy. Shazzal arfi fi fanni sarfi. – Bayrut.: Dorul ulum. 2003. – B. 34.
[2] Anvar al- Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatu tahoviy. – Madina.: Dorul Hikma. 2009. – B. 67.
[3] Omal binti Abdilaziz. Al-alfaz val mustalahat. – Qohira: Turosul arab. 2000. – B. 248.
[4] Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolar tarjima va tafsiri. – T.: Toshkent islom universiteti. 2009. – B. 343
[5] Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolar tarjima va tafsiri. – T.: Toshkent islom universiteti. 2009. – B. 143
[6] Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolar tarjima va tafsiri. – T.: Toshkent islom universiteti. 2009. – B. 36
[7] Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolar tarjima va tafsiri. – T.: Toshkent islom universiteti. 2009. – B. 150
[8] Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolar tarjima va tafsiri. – T.: Toshkent islom universiteti. 2009. – B. 290
