Musulmon hayotida tavbaning o’rni
15

Alloh taolo bandalarida ixtiyor qilish sifatini yaratdi va ularga aql va qudratni berdi. Bandalar o’zlarining xohishlari bilan, aqllarini ishlatgan holda savob va yaxshilik yoki gunoh va yomonliklardan qodir bo’lganlarini qiladilar. Bandalarning barchasidan gunoh va xatolar sodir bo’lib turadi. Mana shu gunohkor bandalarning Alloh taolo uchun eng suyuklirog’i tavba qiluvchilaridir. Alloh taolo bandalarining gunohlarini kechirishni, ularning tavbalarini qabul qilishni suyadi.
Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislarida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
قال الرسول صلى الله عليه وسلم: والذي نفسي بيده لو لم تذنبوا لذهب الله بكم ولجاء بقوم غيركم يذنبون فيستغفرون الله فيغفر لهم
“Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nafsim qo’lida bo’lgan Zotga qasamki, agar sizlar gunoh qilmaganlaringizda Alloh sizlarni ketqazib (yo’q qilib), sizlardan boshqa gunoh qiladigan va Allohga tavba qiladigan qavimni keltirardi va ularning tavbalarini qabul qilardi”, dedilar”.
Bu hadis ikki muhim masalaga dalolat qiladi:
Birinchisi: Alloh taolo kechirimli va tavbalarni qabul qilguvchi Zotdir, kechirishni va tavbalarni qabul qilishni suyadi.
Ikkinchisi: Bu hadisda tavba qiluvchi bandalarga Alloh ularning tavbalarini qabul qilishi va ularni kechirishi xushxabari berilgan. Bandalar Alloh taoloning rahmatidan noumid bo’lmasliklari, gunohlarida qaysarlik qilib, bardavom bo’lmasliklari lozim. Balki, Allohga tavba qilib, istig’for aytishlari kerak. Chunki, Alloh taolo ularga tavba va istig’for eshiklarini ochib qo’ygandir.
Bu hadisda yana, inson o’zining ilmi va amallariga suyanib, amallarini ko’p sanab, o’zidan taajjublanib qolmasligi kerakligiga dalolat bor. Chunki, banda gunoh qiluvchi, xato-kamchiliklarni sodir qiluvchi mavjudotdir. Banda qilgan xato va kamchiliklariga doimo tavba qilib, istig’forda bardavom bo’lishi, ibodatlarni mukammal ado qilayapman, meni istig’forga xojatim yo’q deb o’ylab qolmasligi, lozim. Chunki, banda hech bir vaqt Allohning ulug’liliga loyiq ibodat qila olmaydi. Banda faqatgina Alloh buyurgandek ibodat qiladi. Zero, bandadan talab qilingan narsa ham aynan shudir.
Alloh barchalarimizni tavba qiluvchi bandalaridan qilsin.
Mirmaxamatov Muhammad
«Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
