MA’NAVIY JINOYATLARNING XATARI

MA’NAVIY JINOYaTLARNING XATARI
Alloh taolo biz insonlarga boshqa maxluqotlarda bo‘lmagan til orqali so‘zlash, fikrimizni bayon eta olish imkoniyatini ato etdi. Bu eng ulug‘ ne’matlardan sanaladi. Dinimizda tilni faqat yaxshilik yo‘lida ishlatishimiz, yomon gaplarni so‘zlashdan saqlanishimiz ta’lim beriladi. Musulmon kishi tiliga juda ehtiyot bo‘lishi, og‘zidan chiqayotgan har bir so‘zi yo uning foydasiga yoki zarariga hujjat bo‘lib qolishi mumkin ekanligini aslo unutmasligi lozim. Alloh taolo bu haqda biz bandalarini ogohlantirgan. Alloh taolo aytadi: “U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir” (Qof surasi, 18-oyat).
Shuning uchun, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Islom dinimiz biz mo‘min-musulmonlarni bir qancha gunoh sanalgan ishlardan qaytarganki, ular asosan til orqali sodir etiladi va ularni bir so‘z bilan ma’naviy jinoyatlar deb ataymiz. Ana shunday ma’naviy jinoyatlardan g‘iybat, tuhmat, bo‘hton kabilarni sanab o‘tishimiz mumkin. Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ushbu gunohlardan qat’iy qaytarilgan. Alloh taolo aytadi: “… va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir” (Hujurot surasi, 12-oyat).
G‘iybat nima ekanligi haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis rivoyat qilingan: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat nima ekanligini bilasizlarmi?” – deb so‘radilar. Sahobalar: Alloh va Uning Rasuli bilguvchiroqdir, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringizni unga yoqmaydigan sifati bilan eslashingiz”, dedilar. Ular: Agar birodarimizda biz aytgan sifat bo‘lsachi? – deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar unda siz aytgan sifat bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasiz. Agar siz aytgan sifat unda bo‘lmasa, u holda bo‘hton qilgan bo‘lasiz”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Jamiyatda g‘iybat, bo‘hton, yolg‘onchilik kabi ma’naviy jinoyatlarning avj olishi va turli mish-mishlarning tarqalishi oxir oqibat shu jamiyatdagi kishilar o‘rtasida bir-birlariga nisbatan o‘zaro ishonchsizlik, hatto adovat va nafratni yuzaga keltiradi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam katta-yu kichik jinoyatlarning oldini olish maqsadida shunday marhamat qilganlar: Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hajjatul vado’da Hayit kuni Minoda turib aytgan xutbalarida jumladan shunday dedilar: “Albatta, qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringizni to‘kish bir-biringizga haromdir, huddi shu kuningiz, shu oyingiz va shu yeringizning hurmati kabi. Sizlarga yetkazdimmi?!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Xulosa o‘rnida, Alloh taolo barchalarimizni tinchlik va omonlikda, o‘zaro hurmat va izzatda yashamoqlikni nasib qilsin…

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari