Oilada ayolning vazifasi

Oilada ayolning vazifasi
Alloh taolo butun insoniyatni yaratib, ularni ikki xil erkak va ayolga ajratdi. Yer yuzida tartib va intizom qaror topishini esa, aynan mazkur ikki jinsga bevosita bog‘ladi. Odam atoni yaratib, O‘z ishlarida chevar bo‘lgan Rabbimiz, yerda insoniyat uchun nima foydayu nima zarar ekanini bilgan holda unga Momo havoni juft qilib berdi. Alloh taolo erkak va ayolni umumiy ishlarda teng huquqlik qilib yaratgan bo‘lsa-da, ammo har biriga munosib bo‘lgan vazifalarda bir-biridan farqli qilib qo‘ydi. Jumladan, savobli ishlarda erkak va ayolga teng ajr berilishi xususida Qur’oni karimda shunday kelgan: “Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
Alloh taolo ayollarga ona bo‘lishdek, sharafli va o‘ta og‘ir mas’uliyatni aynan ularga xoslab berdi. Shu bilan birga erkaklarni jismonan kuch talab qiluvchi ishlarga, jumladan, kasb qilib ahli oilasiga nafaqa berish hamda boshqaruv ishlarni ularning zimmasiga yuklab, erkaklarni ayollardan bu xusuda afzal qilib yaratgan. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi: “Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o‘z me’yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir. Ayollarga nisbatan erkaklarda bir daraja (ziyodalik) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir” (Baqara surasi, 228-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi sharifda ayollarning vazifalari xususida quyidagicha marhamat qiladilar: Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki xotin kishi besh (mahal) namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, nomusini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning xohlagan eshigidan kirgin!” – deb aytiladi”, – deganlar (Imom Tabaroniy “Mo‘’jamul avsat”da rivoyat qilgan).
O‘z navbatida erkaklar ham ayollarga g‘amxo‘rlik qilishlari lozim. Jumladan hadisi sharifda shunday deyilgan: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Bir dinor Alloh yo‘lida infoq qilding. Bir dinor qul ozod qilish uchun infoq qilding. Bir dinor miskinga infoq qilding. Bir dinor o‘z ahlingga infoq qilding. Bularning ichida savobi ulug‘rog‘i o‘z ahlingga infoq qilganingdir”, – deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ularga nafaqa qilish boshqa xayr-ehsonlardan ham ko‘ra afzalroq sanaladi. Erlar ham asossiz ravishda hali uni, hali buni ta’qiqlashga shoshilmasdan ularga shariat nuqtai nazaridan kelib chiqib, yaxshi muomalada bo‘lishlari talab qilingan.
Alloh taolo yurtimizdagi barcha fuqarolarni tinch-totuvlikda hayot kechirishlarini bardavom qilib, mushfiq ayollarimizni baxtimizga sog‘-omon qilsin…

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari