Har bir holatga aqida bilan qarash kerak

Abu Tolibga o‘lim soati yaqinlashgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldiga keldilar. Abu Tolibning huzurida Abu Jahl va Abdulloh ibn Abu Umayya bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amakilariga dedilar:

– Ey amaki! «La ilaha illalloh» deng. Allohning huzurida men o‘zim sizga guvoh bo‘laman.

Shunda Abu Jahl va Abdulloh ibn Abu Umayya deyishdi:

– Ey Abu Tolib! Abdulmuttolibning dinidan qaytasanmi?!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi gaplarini takror qilaverdilar. Abu Jahl va uning sherigi ham o‘zlarining gaplarini takrorlayverishdi. Nihoyat Abu Tolib: «Men Abdulmuttolibning dinidaman», dedi. U «La ilaha illalloh» deyishdan bosh tortdi va shu holida vafot etib ketdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Modomiki qaytarilmas ekanman, sizga istig‘for aytaveraman», dedilar. Shunda Alloh taolo: «Payg‘ambar va mo‘’minlar uchun do‘zax egalari ekanligi ayon bo‘lgan mushriklarga, garchi ular yaqin qarindoshlari bo‘lsada, istig‘for aytishlari durust emasdir», degan oyatni nozil qildi.

Har yili bashariyatga mislsiz xizmatlar qilgan qandaydir olim vafot etadi. Ammo u Islom dinida bo‘lmaydi. Ba’zi musulmonlar shunda hatto insoniy mehr-shafqat bilan mukammal aqida o‘rtasini aralashtirib tashlab, jannatning kaliti go‘yo ularning qo‘lida turgandek yuqoridagi kabi kishilarni jannatga kiritib qo‘yishadi. Hatto ba’zilar: «Alloh qanday qilib falon dorini ixtiro qilgan olimni azoblashi mumkin?! Axir u qancha-qancha insonlar hayotini saqlab, insonlarning dardiga malham bo‘lgan-ku! Alloh qanday qilib Tomas Edisonga azob berishi mumkin?! Axir u uylarimizni nurafshon bo‘lishiga hissa qo‘shgan-ku!», deyishadi. Go‘yo jannatning kaliti dori ixtiro qilish va lampochka ixtiro qilishda ularning nazdida.

Boshqa tomondan nazar soladigan bo‘lsak, ba’zi musulmonlar ham musulmon bo‘lmasdan vafot etgan falon olimni darrov do‘zaxga kiritib qo‘ya qolishadi. Go‘yo do‘zaxning kaliti ularning qo‘lida turgandek. Ikkinchi guruhning xatosi birinchi guruhning xatosidan yengil bo‘lsada, ikkisi ham xatodir.

Biz ilm va ulamolarni ehtirom qilamiz. Ularning insoniyatga qilgan xizmatlarini qadrlaymiz. Ammo bu boshqa masala, jannat va do‘zax masalasi boshqa narsa.

Abu Tolibning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni himoya qilishi dori yoki lampochka ixtiro qilishdan afzal va ahamiyatli ish edi. Ammo uning bu himoyasi unga yordam bera olmadi. Chunki u shirkda vafot etdi.

Xuddi shuningdek, ishga hissiyot bilan emas, aqida bilan qarash kerak. Shunga sobit iymon keltirishimiz lozimki, Allohdan o‘zga odil va rahmli zot yo‘q!

Bir shaxsni ushlab olib uni qat’iy do‘zaxiy deyishimiz Allohga nisbatan beadablikdir. Biz umumiy qilib: «Kimga Islom yetib borsa, u islomni eshitsa va rad qilsa do‘zaxga kiradi», deyishimiz kerak. Shunga mustahkam ishonishimiz lozimki, ish avvalda ham, oxirda ham Allohnikidir. Istasa azob beradi, istasa mag‘firat qiladi.

Insonlar qabrda dori ixtiro qilganlari, lampochka ixtiro qilganlari, qurgan ko‘priklari haqida so‘ralishmaydi. Avvalda ham, oxirda ham so‘raladigan narsa bu aqidadir.

Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ikrima roziyallohu anhu musulmon bo‘lib kelayotganini eshitib sahobalarga: «Huzuringizga Ikrima musulmon bo‘lib kelayapti. Uni otasi(Abu Jahl)ni so‘kmanglar. Chunki o‘likni so‘kish tirikni xafa qiladi», deganlar va hatto so‘kishdan qaytarganlar. Shar’iy nass bo‘lsa albatta mustasnodir.

Dinimizda taslim bo‘lish lozim bo‘lgan narsalar orasi bilan insoniyligimizni, kishilarga bo‘lgan shafqatimizni, ularning mehnatini qadrlashimizni aralashtirib tashlamasligimiz lozim.

Allohga bo‘lgan odobimiz yuzasidan bir kishining ismini aytib, qat’iy qilib falonchi do‘zaxiydir deyishimiz kerak emas. Buni dinimizda sobit bo‘lgan umumiylik bilan aytmog‘imiz lozim. Alloh taolo bizga ta’lim o‘laroq deydi:

«Kim islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qoladi».

Abdulqodir Polvonov
tayyorladi