SAXOVAT – OLIYLIKKA YeTAKLOVChI FAZILATDIR..

Dinimiz ta’limotlarida dunyo hayoti imtihon, sinov maydoni hisoblanadi. Shuning uchun dunyoda hamma mo‘min yoki hamma boy emas, yoki umr faqat yaxshi kunlardan iborat emas. Bu Alloh taoloning irodasi va adolati. Bu adolatning sirini anglashdan banda ojiz. Alloh taolo bandalariga uning taqdiri va taqsimiga rozi bo‘lish, imon keltirib, solih amallar qilishni buyuradi.

Dunyodagi imtihondan yaxshi o‘tish uchun boriga shukr qilish, haloldan topib, ezgulikka sarflash, saxiy bo‘lishni buyuradi. Uni baxillikdan, haddan oshib ketishdan qaytaradi. Kambag‘allikda tushkunlikka tushmaslik, Allohning rahmatidan umid uzmaslik, sabr-toqatli bo‘lish, halol kasb-kor bilan ahvolini o‘nglashni buyuradi.

Saxovat – bu ikki toifa o‘rtasini bog‘lovchi, ularni ulfat qiluvchi va har ikkisini dunyo imtihonidan yaxshi o‘tishiga yordam beruvchi amallardan biridir. Qur’oni karimning yetmishdan ortiq oyatlarida odamlarga infoq-ehson qilish, ya’ni saxovat haqida gap ketadi. Isrof va baxillik qilmasdan ehson qilinsa, albatta Alloh taolo uning o‘rnini to‘ldiradi. Bu haqda oyati karimada shunday deyiladi: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Bandalar tongga yetadigan har bir kunda ikki farishta tushadi. Ulardan biri: “Ey, Alloh! Infoq-ehson qiluvchining moliga xalaf (o‘rnini to‘ldiruvchi) bergin”, – desa, boshqasi: “Ey, Alloh! Baxilning moliga talofat bergin” – deydi” (Muttafaqun alayh). Darqiqat, Alloh taolo farishtalar tomonidan saxiy va baxil haqida qilingan duoni ijobat qiladi. Chunki farishtalarning duosi qabul.

Saxovatdagi yana bir asosiy qoidalardan biri ehsondan keyin minnat va aziyatning bo‘lmasligidir. Mana shunday go‘zal yaxshilikning mukofotini Alloh taolo o‘z zimmasiga oladi: “Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, keyinchalik bergan narsalari ketidan minnat va ozor yetkazmaydigan kishilar uchun Parvardigorlaridan mukofot bordir. Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” (Baqara surasi, 262-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ehsondan keyingi minnat va aziyat yomonligidan ogohlantirib shunday deydilar: “Uch kishi borki, Alloh taolo ularga Qiyomat kuni gapirmaydi ham, qaramaydi ham, ularni (gunohlardan) poklamaydi ham va ularga alamli azob bo‘ladi. Ular – berganini minnat qiluvchi, izorini (kiyimini kibr bilan) sudrab yuruvchi va molini yolg‘on qasam bilan o‘tkazuvchi kishilardir” (Imom Ahmad “Musnad” kitobida rivoyat qilgan).

Xulosa o‘rnida, hech qachon ota-ona, yaqinlar va qo‘ni-qo‘shnilarimizga saxovatni unutmasligimiz kerak. Ayniqsa, shu kunlarda muhtojlarga yordam berish yanada savobli ishdir. Aksincha, narx-navoni sun’iy ravishda oshirish, ayrim mahsulotlarni haddan oshiq ko‘p g‘amlab qo‘yish – qiyinchilikda faqat o‘zini o‘ylash xudbinlikdir.

Alloh taolo barchamizga tavfiq berib, saxovatli bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin….

Muzaffar Qosimov

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus

islom bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy

ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari