Qabr  ziyorati hukmi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islomning ilk davrlarida qabr ziyorat qilishni taqiqlagan edilar. Chunki unda ba’zi johiliya davri odatlari saqlanib qolgan bo’lib, ayrim qabilalar maqtanish va g’ururlanish uchun o’liklarining qahramonliklarini sanab, baqir-chaqir qilar, oshkora yig’i-sig’iga zo’r berar edilar. Islom odob va ahloqi insonlar qalbiga o’rnashgach, qabrlar ziyoratiga izn berildi.

عَنْ سُلَيْمَانَ بْنِ بُرَيْدَةَ عَنْ أَبِيهِ  عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: قَدْ كُنْتُ نَهَيْتُكُمْ عَنْ زِيَارَةِ الْقُبُورِ فَقَدْ أُذِنَ لِمُحَمَّدٍ فِي زِيَارَةِ قَبْرِ أُمِّهِ فَزُورُوهَا فَإِنَّهَا تُذَكِّرُ اْلآخِرَةَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ الْبُخَارِيَّ وَاللَّفْظُ لِلتِّرْمِذِيِّ

Sulaymon ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: 

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Batahqiq, Muhammadga onasini ziyorat qilishga izn bo’ldi. Bas, u (qabr)larni ziyorat qiling. Albatta, ular oxiratni eslatadi”, dedilar”.

Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Lafz Termiziyniki.

Bu hadisdan ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nafaqat izn berdilar, balki bu ishga amr qildilar, targ’ib etdilar. Ulamolar erkaklarning qabr ziyorat qilishlari mumkinligi borasida barchalari ittifoq bo’lishgan. Lekin ayollarning ziyorati borasida esa jumhur ulamolar makruh sanashgan.

عَن أبي هُرَيْرَة رَضِيَ اللَّهُ عَنْه أَن رَسُول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ : » لعن الله زوارات الْقُبُور» . أخرجه التِّرْمِذِيّ 

Abu Hurayra roziallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Alloh qabrlarni ziyorat qiluvchi ayollarni la’nat qilsin”, dedilar”.

Termiziy rivoyati.

Ushbu hadisda ayol kishilarning qabrlar ziyoratiga borishi yaxshi emasligi qattiq ta’kidlanmoqda. Jumhur ulamolar qabr ziyoratiga borib, dod solib yig’lagan, sabrsizlik qilgan va noshar’iy xatti-harakatlar qilgan ayollarga la’nat aytish xosdir, deydilar. Hanafiy mazhabi ulamolari esa makruh emas, deyishgan va bunga yuqorida birinchi keltirilgan hadisni dalil qilib oladilar. Alxoyrur-Romliy: “Agar bunda o’zlarini hafagarchilik, doimgidek yig’i-sig’ilarini, baqir-chaqirlarini yangilash uchun bo’lsa joiz emas. Agar yig’lamasdan  qarindosh-urug’chilik muhabbatini e’tiboridan,  solih kishilarning qabrlarini ziyorati bilan ibratlanish maqsadida borsa, yoshi o’tgan bo’lsa zarari yo’q, bo’yiga etgan qiz bo’lsa makruh bo’ladi,”, deb, ikki hadisni muvofiqlashtirgan.  Ibn Obidin rohmatullohi alayh “Bu go’zal muvofiqlashtirish”, deb e’tirof etgan . Ahmad Izzuddin al-Bayyanuniyning “Tahorat va namoz hukmlari” kitobining “Qabrlarni ziyorat etish va ular  haqqiga duo qilish” bobi 147-sahifasida quyidagicha keltirgan: “Qabrlarni ziyorat qilish erkaklar uchun joiz bo’lganidek, agar fitna xavfi bo’lmasa, oxiratni eslab, o’limdan ibrat olish uchun ayollar ham ziyoratga borsalar joiz. Agar ziyorat safar masofasida bo’lsa, unda, albatta, mahram bo’lishi shart” . Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va boshqa payg’ambarlarning qabrlarini ziyorat qilish esa bundan mustasno. Ayollar o’zlarini yurayotgan yo’llarida biror qabr uchratsalar uning haqqiga duo qilishlari mumkin. Qabr ziyoratida ziyoratchining duosi

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا عَنِ النَّبِيِّ قَالَ: أَتَانِي جِبْرِيلُ فَقَالَ: إِنَّ رَبَّكَ يَأْمُرُكَ أَنْ تَأْتِيَ أَهْلَ الْبَقِيعِ فَتَسْتَغْفِرَ لَهُمْ قَالَتْ: قُلْتُ كَيْفَ أَقُولُ لَهُمْ يَا رَسُولَ اللهِ قَالَ: قُولِي السَّلاَمُ عَلَى أَهْلِ الدِّيَارِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُسْلِمِينَ وَيَرْحَمُ اللهُ الْمُسْتَقْدِمِينَ مِنَّا وَالْمُسْتَأْخِرِينَ وَإِنَّا إِنْ شَاءَ اللهُ بِكُمْ لَلاَحِقُونَ. وَفِي رِوَايَةِ السَّلاَمُ عَلَيْكُمْ أَهْلَ الدِّيَارِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُسْلِمِينَ وَإِنَّا إِنْ شَاءَ اللهُ لَلاَحِقُونَ أَسْأَلُ اللهَ لَنَا وَلَكُمُ الْعَافِيَةَ. رَوَاهُمَا مُسْلِمٌ

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: 

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga Jabroil kelib: “Robbing seni ahli Baqiy’ga kelib istig’for aytishingga amr qiladir”, deb aytdi”, dedilar. Oisha roziyallohu anho: “Ularga nima deyman, ey Allohning Rasuli?” dedim. “Assalomu ala ahlid diyarim minal mo’miniyn val muslimiyn va yarhamullohu al-mustaqdimiyna minna val musta’xiriyn. Va inna inshaallohu bikum lalahiqun. (Mo’minlar va muslimlardan bo’lgan diyor ahliga salom. Alloh bizdan o’tganlarni va qolganlarni rahm qilsin. Albatta, biz ham, inshaalloh, sizlarga qo’shilamiz)”, deb ayt”, dedilar”.

Boshqa bir rivoyatda:

 “Assalomu alaykum ahlid diyarim minal mo’miniyna val muslimiyn. Va inna inshaallohu bikum lalahiqun. As’alulloha lana va lakumul afiyata. (Mo’minlar va muslimlardan bo’lgan diyor ahliga salom. Albatta, biz ham, inshaalloh, sizlarga qo’shilamiz Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so’rayman), deyilgan.

Muslim rivoyat qilgan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِيَّ أَتَى الْمَقْبُرَةَ فَقَالَ: السَّلاَمُ عَلَيْكُمْ دَارَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ وَإِنَّا إِنْ شَاءَ اللهُ بِكُمْ لاَحِقُونَ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam maqbaraga keldilar va: “Assalomu alaykum dora qavmim mo’miniyn. Va inna inshaallohu bikum lahiqun”, dedilar”.

Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan. Har birimiz ushbu muborak duolarning ma’nosini anglab, yod olishimiz va vaqtida o’qib yurishimiz lozim.

Qabr ziyorati odoblari

Avvolo, niyatni to’g’rilamoq, ixlos bilan, xolis Alloh uchun ziyorat qilmoq lozim.   Ziyorat paytida tahoratli bo’lish sunnatdir.  Qisqa muddat bo’lsa ham dunyo mashg’ulotlarini tark etib, oxiratni o’ylamoq. Ziyoratgohda viqor bilan, sokin yurmoq.  Qabr ahllariga salom bermoq. Tik turib duo qilish (Nabiy sollallohu alayhi vasallam Baqi’ga chiqqanlarida shunday qilganlar) . «Yasin» surasini o’qishi, bo’lmasa, «Ixlos» surasini o’n bir marta  yoki bilgan surasini o’qib savobini o’lganlarga atash.   Mo’minlarning yaxshi sifatlarini esga olish   Ziyoratdan qaytishda behad sokin bo’lishi kerak. Vallohu a’lam!

Zikr ahlidan so’rang