Shamollarning fizik xususiyatlariga diniy va dunyoviy shtrixlar

Shamol — atmosferada havoning yer sirtiga nisbatan gorizontal harakati.
Darhaqiqat, Ona zaminimiz uzra vaqti-vaqti bilan turli xil yoʼnalishlarda shamollar paydo boʼlib qoladi. Baʼzi kunlari kun davomida esib tursa, baʼzida esa haftalab davom etadi. Shamollar esishini biz tabiatning odatiy hodisasi deb qabul qilishga allaqachon koʼnikib qolganmiz. Аslidachi,
Ulugʼ Yaratguvchi Zot Oʼzining muborak kalomida:
“Аlloh shamollarni yuborgan zotdir…” deb marhamat qiladi . (Fotir-9)
Demak, aslida shamollar oʼz-oʼzicha toʼsatdan paydo boʼlib qoladigan hodisa boʼlib qolmay, balki, butun borliqni mukammal holatda yaratib, hikmat bilan boshqarib turgan Аlloh taoloning izni irodasi ila yuzaga kelar ekan.
Koinot saltanatidagi barcha yoritqichlarning oʼz orbitalarida qatʼiy intizom asosidagi harakatlaridan tortib, atom hamda elektronlarning ham oʼta aniqlikdagi harakatlari – yagona Yaratguvchining xohishi ila sobit boʼlib turganda, shamollarning ham ona zaminimizda oʼz holicha paydo boʼla olmasligini anglab olish fursati allaqachon yetib kelgandir.
Zero Аlloh taolo Zumar surasining 62- oyati karimasida bizga marhamat qiladiki:
“Аlloh har bir narsaning yaratuvchisidir” .
Ha, albatta, bu olamdagi barcha narsalarni yaratuvchisi yolgʼiz Аlloh taolodir. Shu jumladan shamollarni ham. Yer yuzasida havoning oʼz-oʼzidan harakatga kelishi mumkin emas. Ulkan galaktikalarni, yoritqichlarni va hatto eng kichik zarrachalarni ham intizomli, bardavom harakatlanishlari faqatgina yolgʼiz Аlloh taoloning izni-irodasi bilangina mavjuddir.
Аlloh taolo Oʼz kalomida yana shunday marhamat qiladi. Yaʼni:
“… va shamollarning yoʼnalishida aql yuritadigan qavm uchun oyat-belgilar bor” .(Josiya-5)
Demak, shamollarni nafaqat paydo boʼlishi, balki ularni yer yuzasida aynan qaysi mintaqada, qaysi tomonga, qanaqa yoʼnalishda, qancha muddatga va hatto qanaqa tezlikda esishi ham oʼz-oʼzicha sodir boʼladigan holat emas ekan. Ha, aynan shamollarni yoʼnalishida ham “aql yuritadigan qavm uchun oyat-belgilar bor” ekan. Darhaqiqat, Furqon surasining 2- oyati karimasida marhamat qilinadiki:
“… har bir narsani oʼlchov ila oʼlchab yaratgan Zotdir”
Ha bu dunyoda hech bir narsa oʼlchovsiz, hisob kitobsiz yaratilgan emas. Shu jumladan shamollarning tezligi, ularning yoʼnalishi, masofasi va hatto esish davri ham. Planetalarning kattaligi, ularning harakatlanish tezliklari, oraliq masofalari mukammal hisob kitob asosida yaratilganligi Аlloh taoloning Haqligiga, Qodiru barkamol Zot ekanligiga taslim boʼlishimizga kifoya emasmi? Jismlarning massasi, zichligi xilma-xil boʼlgan holda, fizikaviy hamda kimyoviy xossalari ham naqadar turli-tuman. Havodagi kislorod miqdori nega aynan 21 % ga teng? Koʼpayib yoki kamayib ketsa ahvol nima kechardi? Nega muayyan oraliqdagi tovush toʼlqinlarinigina eshita olamiz? Аlloh taolodan boshqa kim ham butun olamni bu qadar aniq “oʼlchov ila oʼlchab” yarata olardi? Аlbatta hech kim!
Parmon RАSULOV, Xoja Buxoriy nomli oʼrta maxsus islom bilim yurti oʼqituvchisi