Nofe’ al Madaniy rohimahullohning hayotlari (70-169-hijriy yillar)

BismillahirRohmanirRohiym

Qur’oni Karimni nozil qilganva uni maxsus qoidalarga rioya etib tilovat qilishni buyurgan Alloh taologa hamd u sanolar bo’lsin.

Qur’on qorilarining ustozi Rasululloh janobimizga salovat va salomlar bo’lsin.

Azizlar, sizlar bilan bu safar mashhur o’n qiroat sohiblaridan  birinchisi Imom Nofe’ al Madaniy rohimahulloh bilan tanishamiz. Bu zotni qiroat imomlarining muqaddimasida zikr qilishimizning asosiy sababi Madina shahrining barakotidandir. Chunki, bu shahar Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak jasadlari qo‘nim topgan.

Umumiy ma’lumot: to’liq ismi Abu Ruvaym(Abu Abdulloh) Nofe’ ibn Abdurahmon ibn Avu Nu’aym. Madina qiroat maktabi ustozlaridan. Asli Isfahonlik, lekin Madinada mashhur bo’lgan. So’zlaganda og’zidan shirin hid taralar edi. «Ey, Abu Abdulloh har safar qiroatdan dars berish uchun o’tirganingizda hushbo’ylanasizmi» – deb, so’rashdi. U javob berdilar: «Men umuman hushbo’ylanmayman, lekin tushimda nabiy sollallohu alayhi vasallam og’zimga Qur’on o’qiyotganlarini ko’rdim. O’shandan buyon shu hidini sezaman».

Qolun aytadi: «Nofe’ xulqi eng pokiza, qiroati eng yaxshi, taqvodor insonlardan edi. Oltmish yil «Masjidun-Nabiyda namoz o’qigan».

Imom Molik ibn Anas deydi: «Nofe’ qiroatda insonlarning imomidir». Yana bir marta: «Madina ahlining qiroati sunnatdir» – dedi. «Nofe’ning qiroatimi?», deb so’rashganda «ha» – deya, javob bergan.  Ahmad ibn Hanbalning o’g’li Abdulloh aytadi: «Sizga qaysi qiroat yoqadi!?» – deb, so’radim otamdan. U: «Madina ahlining qiroati. U bo’lmasa Osimning qiroati» – dedi.    Bundan tashqari, hadis ilmida ham peshqadam bo’lgan. Lekin hadis ilmidagi maqomi qiroat ilmidagi maqomi bilan barobar bo’lmagan.

Ustozlari: rivoyatlarda kelishiga ko’ra yetmishdan ortiq tobe’inlardan qiroat ilminj o’rgangan. Jumladan, Abdurahmon ibn Xurmuz, Abu Ja’far ibn Qoqo va boshqalar.

Nofe’ Qur’on qiroatini al-A’rojdan, al-A’roj Abu Hurayra roziyallohu anhudan, Abu Hurayra Ubay ibn Ka’bdan, Ubay Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan olgan.

Shogirdlari: ko’plab shogirdlariga qiroatnu o’rgatgan. Ulardan: Molik ibn Amas, Ismoil jbn Ja’far, Qolun, Varsh kabi mashhur zotlar o’rin olgan.

O’limlari: Nofe’ al Madaniy rohimahulloh 169-yil (ba’zi ma’lumotlar170-yil)da vafot etdi.

Bizgacha yetib kelgan mashhur roviylari ikkitadir.

  1. Qolun rohimahulloh(hijriy 120-220).

Umumiy ma’lumot. Abu Muso Iso ibn Mino ibn Vardan ibn Iso Madaniy. Laqabi Qolun bo’lgan. Ustozi Nofe’ al Madaniy uning qiroati a’lo bo’lgani sababli, «Qolun» deb nomlagan. «Qolun» – rum tilida «yaxshi» degan ma’noni bildiradi. Ya’ni Qolun Nofe’ga qiroat qilib bersa, Nofe’ bosh barmog’ini ko’rsatkich barmog’iga ulab,  «Qolun», ya’ni «yaxshi» derdi. Boshqa ma’lumotlarga ko’ra, Qolun asli rumlik bo’lgan

Qulogʻi juda yomon eshitgan. Lekin unga Qurʼon tilovat qilinsa, eshitar va qorining xatosini tuzatar edi. Aliy ibn Hasan al-Hisnjoniy aytadi: “Qolun Iso ibn Minoning qulogʻi umuman eshitmas edi. Unga qattiq baqirsangiz ham eshitmas edi. Lekin Qurʼon oʻqilganida qorining lablariga qarab, uning xatolarini tuzatar edi”.

Ustozlari: Qolun qiroat ilmini Nofeʼ Madaniy, Abu Jaʼfar Madaniy, Iso ibn Vardandan tahsil olgan.

Shogirdlari: Qolundan Ibrohim ibn al-Husayn al-Kisoiy, Ibrohim ibn Muhammad al-Madaniy, Ahmad ibn Solih al-Misriy, Ahmad ibn Yazid al-Halavoniy Ismoil ibn Is’hoq al-Qozi va boshqalar qiroat ilmini rivoyat qilishgan.  Qolun rohimahulloh hijriy 220-yil 100 yoshda Madinada vafot etdi.

  1. Varsh rohimahulloh (hijriy 110-197).

Umumiy maʼlumot: To`liq  ismi Abu Saʼid Usmon  ibn Saʼid ibn Abdulloh ibn Amr Misriy. Hijriy 110-yil Misrda tavallud topgan. Ustozi Nofeʼ Madaniy uni oʻta oq boʻlgani sababli “Varsh” deb nomlagan. O`ta go`zal va dona-dona qiroat qilgan. Muhaqqiq qorilar ustozi, oʻz zamonida Misr diyori qiroat ustozi, ishonchli mustahkam olim, arab tiliga mohir kishi boʻlgan.

Ustozlari: Misrdan Madina shahriga Nofeʼdan qiroat ilmini tahsil olish uchun safar qilgan va Nofeʼdan taʼlim olishga muvaffaq bo`lgan. Rivoyatlarga ko`ra, Nofeʼga bir oyda Qurʼonni to`rt marta hatm qilib topshirgan va Misrga qaytgan.

Shogirdlari: Ahmad ibn Solih al-Hofiz, Dovud ibn Abu Tiba, Yusuf al-Azroq, Yunus ibn Abdulaʼlo, Abul Ashhas Omir ibn Saʼid va boshqalar Varshdan qiroat ilmini olganlar.

Varsh rohimahulloh hijriy 197-yil 87 yoshda Misrda vafot etgan.

Asqarov Akbar