“INSON SO’ZIDA NIHONDIR”

Insoniyat yaratilgandan buyon, u bilan birga shodlik va qayg’u, xursandchilik va alam, engillik va og’irlik, omad va baxt, boylik va qashshoqlik, ko’z yosh ila kulgu, yaxshilik va yomonlik, yo’qotish va ega bo’lish, harom va halol, nafs va aql, shirin va achchiq hayot borlig’iga sabri va shukri sinovda bo’lgan holda yashash uchun kelgandir aslida…  Allohga shukurlar bo’lsinki, bizni xalok bo’lganlardan keyin dunyoga keltirdi ya’ni, “Rahm qilingan ummat” nomini bergandir. Hazrat payg’ambar insonlarni farqlash xususida: “Inson so’zida nihondir”, – deganlar. Darhaqiqat, inson vujudi o’rmonga o’xshaydi. Agar ogoh bo’la olsangina, bu vujuddan chekinmog’ing lozimdir. Chunki, vujudimizda minglab bo’rilar, to’ng’izlar…, yaxshi – yomon, halol va harom minglab sifatlar bor. Qaysi atvor ustun bo’lsa, shuning hukmi hukmdir. Ma’dan tarkibida oltin misdan ko’proq bo’lsa, oltin hisoblanadi. Vujudingda qaysi tabiat ustun bo’lsa, shunga moslashishing kerakdir. Inson ba’zan bo’ri bo’lsa, ba’zi lahzalarda Yusufdek xushsurat bo’ladi. Ko’ngilda har lahza boshqa bir tuyg’u bosh ko’taradi… Inson ba’zan shaytonlashadi, ba’zan malakka aylanadi, ba’zan tuzoq bo’ladi, ba’zan yirtqich hayvon kabi…! Inson yozda qishni istaydi, ammo qish kelishi bilan undan ham voz kechadi, istamaydi. Biror holatga qat’iyan rozi bo’lmaydi. Na borlik, na yo’qlik, na issiq, na sovuqdan xushlanadi… Mavlono Rumiy hazratlari aytganlaridek, “Inson toqqa o’xshaydi, tog’ qanday aldanadi, qanday qilib ilonga aldanadi? Sho’rlik odam o’zini tanimadi, bilmadi, fazilat maqomidan nuqson olamiga quladi. Inson o’zini arzon sotdi. Shohi edi, o’zini xirqaga yamoq qildi!”

Rivoyat qilinishicha:

Ulamolardan (olimlardan) bir zot yosh va go’zal ayolni imtihon etish uchun bunday dedi:

  • Senday go’zal bir ayolning shunday xunuk eri bo’lishi yaxshi emas.

Eri xunuk, kir yuradigan, noxush odam bo’lgan bu go’zal xotin ul olimga ushbu go’zal javobni berdi:

  • Ey Hakim! Siz ko’p yanglish so’zladingiz. Gapingiz to’g’ri emas. Bunday so’zlarni sizday olim odamdan eshitib ko’p ranjidim. Chunki erimning Alloh taolo oldida bir savobi borligidan bo’lsa kerak, meni ul savobga nisbatan bir mukofot o’laroq nasib etgandir. Balki men biror ish qilgan bo’lishim mumkin. Haq taolo bu gunohimning jazosi sifatida meni unga bergandur. Janobi Haqning bergan taqdiriga rozi bo’lish kerak.

Ul olim go’zal ayolga:

  • Bolajonim, men seni dindor va aqlli bir ayol ekanligingni sezgan edim, shuning uchun imtihon qilib ko’ray, degandim. Qizim, ayollarda Jannatga kirish uchun eng buyuk nishon (alomat) erlarining yomon fe’llariga sabr qilmoqdir. Bu sabr ularni Jannatga olib boradi. Jannatiy soliha ayolning nishon va alomati eriga itoat etmog’i, erining xotirini xush tutishi, eri yo’qligida xayr – duo etmog’i va erining mol – mulkini saqlab, ehtiyot qilmog’i kabi xususiyatlardan iboratdir. Mening bu aytganlarim soliha ayolning Jannatga kirishi uchun bir nishondir, – deb nasihat qilgan ekan.

…illo, achchiq – shirinni ko’z bilan ko’rib bo’lmaydi. Basirat ahli ularni oqibat panjarasidan ko’ra oladi. Oqibatni ko’rgan ko’z to’g’rini ko’ra oladi…

XULOSA o’zingizdan…

Nilufar Ahatovna