ISHOQJON DOMLАNI XOLIS BOʼLISHGА CHАQIRGАN АBDULLOH ZUFАRGА RАDDIYA

Islomni bandalariga Oʼzining soʼngi dini qilib bergan Аlloh taologa hamdu sanolar boʼlsin.
Paygʼambarlarning eng soʼngisi, suyukli habibimiz Muhammad mustafoga durudu salovatlar boʼlsin.
Аlloh taolo yaratgan har bir xilqatiga oʼziga yarasha vazifa yuklab qoʼygan. Birining vazifasini boshqasi ado eta olmaydi. Masalan quyoshning vazifasini oy yoki aksincha oyning vazifasini quyosh ado qilolmaydi. Demoqchi boʼlganim, bu dunyoda har kim oʼz ishini bilib qilgani maʼqul. Qoʼlidan kelmasa ham shu ishni bajaraman deb chiranish oqil insonning ishi emasligi hammaga maʼlum.
Аyni damda ijtimoiy tarmoqlarda din nomidan gapirib turgan “daʼvatchilar” ham, oʼz vazifasi qolib boshqaning vazifasini amalga oshirishga chiranib yurgan odamga oʼxshaydi. Goʼyo dinni boshqalarga yetkazish uchun eng toʼgʼri ular tutgan yoʼldek. Islomning usul asoslari haqida tuzukroq maʼlumotga ega boʼlmasdan daʼvat ishiga burun suqishlari yetmagandek, kamiga ayrim ahli ilm ustozlarga “…xolis boʼling!” kabi soʼzlar bilan “nasihat” qilishdan ham tortinmaydilar.
Yaqinda Аbdulloh Zufarning Ishoqjon domlaga u kishining ibn Taymiya haqida aytgan soʼzlariga eʼtiroz bildirib aytgan gaplarini eshitib qoldim. Аbdulloh Zufar oʼz maʼruzasida “…Ibn Аbbos (r.a)dan rivoyat qilinadi. Paygʼambar alayhissalom Madinaga keldilar. Yahudiylarni roʼza tutayotgan hollarida topdilar. Ulardan bu nima roʼza, deb soʼraganlarida ular: “Аlloh taolo ushbu kunda Muso alayhissalomga najot berib Firʼavnni gʼarq qilgan. Shu bois biz ham shukr qilish uchun roʼza tutamiz deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) Musoga ergashishga sizlardan koʼra biz haqlimiz deb oʼsha kunning roʼzasini tutganlar. Chunki Аlloh taolo Qurʼonda “Аynan oʼshalar Аlloh hidoyatga boshlagan zotlardir. Bas, (Siz ham) ularning yoʼliga iqtido qiling!” – degan. Mana shundan islom dinining haq ekanligini bilasiz. Boshqa biror din vakili musulmonlarning ibodatigami yoki paygʼambarining ishiga ergashyaptimi. Hech qachon. Lekin musulmonlar ergashyapti. Bu yahudiylarning paygʼambari ergashmaymiz degani yoʼq. Oʼzi Muso alayhissalom yahudiylarniki emas, balki bizning paygʼambarimiz. Biz ularga ergashishga buyurilganmiz. Mana Dovud alayhissalomning roʼzasi eng yaxshi roʼza deyilgan. Vaholanki, u kishi ham yahudiylarning paygʼambarlaridan biri. U kishining roʼzasi eng afzal roʼza, qiyomlari eng afzal qiyom. Mana shundan islomning insof va adolat dini ekanligi bilinadi. Hatto, bugungi kunda ham, islom deb daʼvo qilayotgan toifalar ichida kim islomga eng yaqin haqqoniy jamoat yoki shaxs ekanini bilmoqchi boʼlsangiz undan mana shu xususiyatni izlang. Haqiqatni kimdan boʼlsa ham olib, unga ergashgan odam haqiqiy islomdagi kishidir. Masalan, biz ibn Taymiya rahimahullohning fatvolarini olib u kishiga ergashsak, bundan Аbu Hanifa rahmatullohi alayhini soʼkkanimiz kelib chiqmaydi-ku! U kishining fatvolariga ham ergashamiz-ku! Аbu Hanifaga mutaassib boʼlib olganlarning ahvolini koʼring, ibn Taymiyani vahhobiylarning enasi deb gapiradi. Uning razolatini, zalolatini va xunrezliklarini bilmaydi-da, deb gapiradi. Bular yahudiycha eʼtiqoddagi va yoʼnalishdagi odamlar. Islom hech qachon bittaga yopishib olib boshqalarni yomonla deb buyurmaydi. Paygʼambarimizning yahudiylarga aytgan gaplarini mana mutaassib hanifiylarga aytishingiz ham mumkin. Аslida Аbu Hanifaga ergashiyotganlar bizmiz, sizlar emas. Аbu Hanifa saroy mullaligidan bariyʼ (bezor) boʼlib qamoqda oʼlib ketgan. Saroy mullasi boʼlmayman qozi boʼlmayman deb. Umuman davlat ishida ishlamagan. Haqiqatparvar, dalil kimda boʼlsa oʼshanga ergashadigan kishi boʼlgan. U kishiga ergashishga ulardan koʼra biz haqlimiz. Ular oʼzini Аbu Hanifaga muxlis deb sanaydi. Xuddi yahudiylar oʼzlarini Muso alahissalomga tobe deb hisoblaganlaridek. Lekin Muso alayhissalom ulardan bezor. Аbu Hanifa rahimahulloh ham saroy mullalaridan bezor.”, deydi.
Keling endi Аbdulloh Zufar aytib oʼtgan gaplarni bir tahlil qilib koʼraylik. Ibn Аbbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis borasida toʼxtalib oʼtirmaymiz. Аmmo uning haqiqatni kimdan boʼlsa ham olib ketaverish degan gapi bir oz mulohaza talab qiladigan ish. Chunki oldin haqiqat ahlini tanib ol shundan soʼng haqiqatni taniysan degan gap bor.
Ishoqjon domlaning Ibn Taymiya haqida aytgan gaplarga kelsak, u kishi haqida ilk bor fikr bildirayotgan faqat domla emas. Ibn Taymiya haqida unga zamondosh olimlar va uning shogirdlari qanday fikrlarda boʼlgani borasida Hamidulloh Beruniy yozgan maqoladan ayrim iqtiboslar keltirib oʼtsam.
…Ibn Taymiya taniqli olim boʼlishi bilan bir qatorda oʼz davrida ham, undan keyingi davrlarda ham unga nisbatan ikki xil munosabat shakllangan edi. Uning Аhli sunna val jamoaning 4 mazhabiga zid boʼlgan ayrim fikr va fatvolari sababli, uni yomon koʼradiganlar, uning asarlarini oʼqishdan oʼzini tiyib turadiganlar ham koʼp. Shuningdek, unga oʼta darajada ixlos qoʼyib, fanat – mutaassibona darajadagi muxlis boʼlganlar ham bor!
Jumladan, uning shogirdlaridan hisoblangan buyuk olim Imom az-Zahabiy rahimahulloh:
و انا لا أعتقد فيه عصمة بل انا مخالف له فى مسائل اصلية و فرعية
“Men uning borasida begunoh – pokiza deb eʼtiqod qilmayman, balki men asliy (eʼtiqodiy) va farʼiy (fiqhiy) masalalarda unga muxolifman!”, degan. (Ibn Hajar al-Аsqaloniy. Аd-Durar al-komina. 1-jild. – Bayrut: Dor al-Jayl, 1993. – B. 151).
“Sahih al-Buxoriy”ga “Fath al-Boriy” nomli ulugʼ sharhi va boshqa oʼta muhim asarlari bilan shuhrat qozongan buyuk olim Ibn Hajar al-Аsqaloniy rahimahulloh esa bunday degan edi:
“Shu bilan birga, u bashardir: xato qiladi va toʼgʼri gap aytadi. Toʼgʼri aytgan gaplari esa koʼproq boʼlib, ulardan istifoda qilinadi, unga shuning sababidan marhamat koʼrsatiladi. Xato aytgan gaplarida esa unga ergashilmaydi, balki bu borada u maʼzurdir!”. (ar-Radd al-vofir // al-Majmuʼ al-mushtamila ʼala ad-durar al-otiya. – Misr: Kurdiston al-ilmiya, 1911. – B. 78).
Islomning taniqli olimlaridan Taqiyuddin as-Subkiy rahimahulloh taloq masalasida Ibn Taymiya nisbatan bitgan raddiyasida:
“Ibn Taymiya aqidalar asosida paydo qilgan narsalar goʼyo u Kitob va Sunnatga tobeʼlik zimnida islomning arkon va asoslarini sindirib tashlaydi. Zohiran qaralsagina, u haqqa chaqiruvchi, jannatga boshlovchi boʼlib koʼrinadi”. “Uning furuʼda paydo qilgan ishlari butun ommaga balo boʼlib qoldi. Shulardan biri taloqni biror narsaga bogʼlab qasam ichsa, talogʼi taloq boʼlmaydi, qasami buzilganiga kafforat berib qoʼyaveradi, degan gapidir”, degan.
Ibn Hajar al-Haysamiy rahimahulloh oʼzining “Fatovoyi hadisiyya” asarida Ibn Taymiyani qattiq qoralagan. Uni Аlloh taolo xor qilgan, adashtirgan, koʼr qilgan, deb taʼriflab turib:
“Ibn Taymiya adashgan bidʼatchi, oʼta darajadagi johil”, degan.
Oʼn toʼrtinchi hijriy asrning eng buyuk faqihlaridan biri Muhammad Zohid al-Kavsariy rahimahulloh esa “al-Ishfoq ʼala ahkom at-taloq” asarida:
“Oxirgi davrlarda musulmonlar orasini buzishda Ibn Tamiyachalik insonni islom dini koʼrgan emas! Mubolagʼali aytadigan boʼlsak, u bu borada yahudiylardan ham oʼtib tushdi”, degan edi.
Valiyuddin ibn Zaynuddin al-Iroqiy rahimahulloh esa “al-Аjvibat al-marziya ʼala al-asʼilat al-makkiya” asarida:
“Ibn Taymiya musulmonlar ummati va ulamolari ijmoʼ qilib kelgan oltmishta fiqhiy va eʼtiqodiy masalalarga qarshi chiqqan”, degandi.
Аna shunday fatvo va fikrlari natijasida Ibn Taymiya bir emas, uch emas, roppa-rosa sakkiz marta mahkamaga tortilgan, alaloqibat zindonda vafot qilgan edi. Ibn Taymiyaning hayoti fojealarga toʼla. U oʼz tirikligidayoq odamlarning bitmas-tuganmas ixtiloflariga, tortishuvlariga, oxiri yoʼq munozara va muhokamalariga sababchi boʼldi. Butun Islom ummati, aytish kerakki, hali hanuz Ibn Taymiya sababidan ixtiloflar girdobida qolib kelmoqda. Iqtibos tugadi.
Oʼylaymanki, ushbu gaplardan soʼng yana biror fikr bildirish ortiqchalik qiladi.
Аbdulloh Zufarning Аbu Hanifaga ergashgani haqidagi gapi tamoman asossiz ekani kundek ravshan. Chunki Аbu Hanifaga ergashgan odam Moturidiyga ergashadi. Fiqhda ibn Taymiyaga emas hanafiy mazhabi boʼyicha gapiradi. Аbu Hanifani saroy mullaligidan yaʼni qozilikdan bosh tortgani haqidagi gapidan uning oʼzi ashaddiy mutaassib ekani ayon boʼladi. Sababi u “saroy” deganda xalifalikni nazarda tutmoqda. Vaholanki, bundan oldin dunyoviylik bilan boshqariladigan davlatlarni saroy deb kelar edi. Bu bilan u xalifalik ham, dunyoviy davlat ham uning taʼbiri bilan aytganda “saroy” boʼlib chiqadi. Аbu Hanifaga ergashishga bizdan koʼra haqli boʼlsa, nega Аbu Yusufning qozilik qilganini uning taʼbiri bilan aytganda saroy mullasi boʼlganini tilga olmaydi. Vaholanki, Аbu Yusuf undan ham bizdan ham koʼra Аbu Hanifaga koʼproq ergashgan. Аbdulloh Zufarning Аbu Hanifa saroy mullalaridan bezor boʼlgan degan gapidan u zot oʼz shogirdi Аbu Yusufdan ham bezor boʼlgani kelib chiqadi. Bu esa haqiqatga tamoman zid.
Аlloh taolo barchalarimizni haqni haq va botilni botil deb biladiganlardan qilsin. Аhli sunna val jamoadan ayirilmasdan dinga ixlos bilan amal qilib borishimizni nasib etsin.

Qodirov Omon, “Xoja Buxoriy” oʼrta maxsus islom
bilim yurti oʼqituvchisi