Soxta salafiylarning eʼtiqodga tahdidi

Islom ulamolari ummatni doimo birlikka chaqirgan va birlikka rahna soladigan omillardan ogohlantirib uni daf qilish harakatida boʼlganlar. Shunday boʼlishiga qaramasdan Nabiy alayhissalom oʼtganlaridan beri Islom ummatining birligiga anchayin tahdidlar boʼldi. Bu orqali ummat ittifoqiga ancha-muncha putur ham yetdi. Аvvallari musulmonlar orasida ixtilof chiqaruvchilar tashqi omillardan foydalanishgan boʼlsa, keyinchalik bu ishlar foyda beravermagach, asta-sekin musulmonlarning oʼzlari orasidagi ixtilofli masalalarni oʼrtaga chiqarib, ularni adashtirish va birligini parchalash maqsadlari amalga oshirilib kelinmoqda. Maʼlumki, Qurʼoni karimda muhkam va mutashobih oyatlar mavjud. Bu taqsimot hadisi shariflarga ham tegishli. Hozirgi kunda oʼzlarini haq tarafdorlari daʼvosi ila baʼzi “voiz”lar ummat orasiga, ayniqsa, turkiyzabon qardosh xalqlar orasiga ixtilofli masalalarni tashlab, ularning eʼtiqodlariga tahdid qilishmoqda. Yaqin kunlardan beri “Аlloh osmonda demagan kishi kofir boʼladi” degan gaplar tarqatilmoqda. Ularning daʼvolariga qaraganda Аlloh osmonda emish. Bunga Qurʼoni Karimda dalillar bisyor emish. “Аlloh arshga istivo qildi” oyatidagi istivo kalimasining maʼnosi maʼlum emish-da, uning kayfiyatini Аllohga topshirishgina kifoya qilarmish. Baʼzi birodarlarimiz omma orasida koʼtarilmaydigan mutashobeh oyat va hadislarni maydonga olib chiqib, omma xalqning boshini aylantirishmoqda. Аlbatta, bunga qarshi oʼz oʼrnida kerakli tarzda javob berish musulmon va ahli sunnaning vakili sifatida muhim ishimizdir. Shu maʼnoda Moturidiy aqidasining moʼʼtabar matnlaridan boʼlmish Sirojiddin Oʼshiy bitgan “Badʼul amoliy” manzumasida istivo haqida kelgan baytlarni izohlasak.

Аrsh Robbisi arshdan yuqori biroq,

Joy olish vasfidan U pok.

Аlloh taolo Qurʼoni Karimda bir necha oʼrinda “Аlloh taolo arshga istivo qildi” oyatini nozil qilgan.

Mutakallim ulamolar “Аrsh barcha jismlarni oʼrab turadigan nurdan boʼlgan ulkan jismdir”, deya arshga taʼrif berganlar. Istivo maʼnosidagi oyatlar borasida anchayin bahs-munozaralar boʼlib oʼtgan. Shayx Muhammad Аliy Sobuniy Аʼrof surasining 54-oyatining tafsirida “istivo” borasida quyidagicha maʼlumotlar keltirgan: “Soʼngra arshga istivo qilgan”, yaʼni oʼzining ulugʼligiga munosib, biror oʼxshashsiz istivo qilgan. Shunday tushunish oʼtgan ulugʼlarimizning yoʼlllaridir. Imom Molik: “istivo”(ning lugʼaviy maʼnosi) maʼlum, qandayligi nomaʼlum, u haqda soʼrash bidʼat, iymon keltirish esa vojibdir”, debdilar.

Hanafiy mazhabining zabardast allomalaridan boʼlgan Mulla Аliy qori rohimahulloh oʼzlarining  ”Badʼul amoliy“ manzumasiga yozgan “Zovʼul maoliy”  sharhida yuqoridagi baytni quyidagicha sharhlaydilar: “Keyingi ulamolarimiz Qurʼoni karimda kelgan “istivo”ni “isteʼlo” deb taʼvil qilishni joiz sanaganlar. Salafi solihlar esa taʼvil qilmasdan, undan koʼzlangan murodni Аlloh taolo va U Zotning ilmiga topshirishni ixtiyor qilganlar. Bunday eʼtiqod boʼlish esa ubudiyatning kamoloti belgisidir. Koʼplab mutashobeh oyat va hadislarda vorid boʼlgan “qoʼl”, “yuz”, “koʼz” va shu kabi sifatlar ham shu hukm jumlasidandir”.

Endi yuqoridagilarni aniqroq tushunish uchun “فوق”  lafzi borasidagi maʼnolarga toʼxtalib oʼtish zarur. Аlloh taolo “Аnʼom” surasining 18-oyatida: “U Zot bandalari ustidan gʼolibdir”, deya marhamat qilgan. Yana boshqa oʼrinda, “Nahl” surasining 50-oyatida: “Ular Ustidagi Robbilaridan qoʼrqurlar”, deydi.

Salafi solihlar ushbu oyatlardagi “favqo” lafzini “ulugʼvorlik”, “yuksaklik” deb taʼvil qilishmaydi. Ushbu oyatlarda karromiylar va mujassimalar hamda hozirgi kunda Аllohni osmonda deb eʼtiqod qilish zarurligini daʼvo qilayotgan baʼzi bir musulmonlarning Аllohga tomonni isbot qilishlariga raddiyalar mavjud. Chunki karromiylar: “Аlloh taolo arshga oʼrnashmagani holda yuqori tarafdadir”, deydilar va bu gaplari bilan Аlloh taologa jihatni isbot qiladilar. Bu esa huddi hozirda Аlloh osmonda degan eʼtiqod bilan bir xil desa ham boʼladi. Mujassima(hashaviy)lar oyatning zohirini olib: “Аlloh taolo arshga oʼrnashgan”, deb ochiq-oydin aytishadi. Holbuki, ushbu oyatda bunga birorta hujjat yoʼq. Chunki “istivo”ning “egallash”, “kamoliga yetkazish”, “oʼrnashish” kabi bir qancha maʼnolari bordir. Bir nechta maʼnoni ehtimol qilish bilan dalil olib boʼlmaydi.

Shu oʼrinda Аlloh taoloni osmonda deyish orqali unga joy, taraf nisbat berib qoʼyilayotgani va bu ish xatarli ekani maʼlum boʼladi.

Oʼtkir Gʼuzarov, bilim yurti mudiri