Tinchlikni saqlash, uni mustahkamlash kundalik ishimiz, muqaddas burchimizdir

Dinimiz taʼlimotlarida ham ziyrak, hushyor moʼmin beparvo moʼmindan afzalligi uqtiriladi. Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalariga agar birovning yomon ish qilayotganini koʼrsalar, qoʼl bilan, boʼlmasa til bilan, unga ham kuchi yetmay, ojiz qoladigan boʼlsa, hech boʼlmasa qalbida u ishga norozilik bildirish lozimligi, aslo beparvo oʼtib ketmaslikni oʼrgatar edilar.
Bugun dunyoda yuz berayotgan turli voqea-hodisalar, tahdidlar birgina oʼsha davlat yoki mintaqa hayotiga daxldor degan odam adashadi. Chegara bilmas bu xavf-xatarlar butun insoniyatning, taraqqiyotning dushmanidir. Аtrofimizda boʼlayotgan geosiyosiy jarayonlar, diniy ekstremizm, terrorizm, narkobiznes, millatlararo nizolar butun insoniyatga katta ofatlar keltirishini hammamiz koʼrib, bilib turibmiz.
Vatanimizni koʼz qorachigʼidek asrash, uning tinchligi va barqarorligini himoya qilish, salohiyatini yanada yuksaltirish mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning muqaddas burchidir. Yurtimiz yildan yilga obod boʼlib, xalqimiz farovonligi yil sayin ortib bormoqda. Ozodlikni sogʼinib, ozodlik yoʼlida kurashib oʼtgan ota-bobolarimizning mashaqqatli mehnati, orzu umidlari va intilishlari roʼyobga chiqdi. Istiqlol Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi, xalqimizning tinch va farovon hayot kechirishi uchun zamin yaratdi.
Аzaldan yurtimizda tinchlik va totuvlik, hamkorlik va hamjihatlik ruhi yuksak qadrlangan. Chunki insonlar ongini ezgu fikr egallasa, har qanday kelishmovchilik, buzgʼunchilik va yovuzlik rad etiladi. Ezgu fikrning ifodasi boʼlgan soʼz yaxshilik va xushmuomalalikning keng yoyilishiga, bu oʼz navbatida, ezgu amallarning chuqur ildiz otishiga, har bir insonning oʼz vazifasini samimiy va sidqidildan ado etishiga va shu yoʼl bilan mamlakat rivoji hamda bunyodkorlikka yoʼl ochadi.
Yuqorida taʼkidlab oʼtganimiz kabi, inson uchun tinchlik va xotirjamlik zarur va bu muqaddas dinimizning, davrimizning talabidir. Bu xususida Paygʼambarimiz Muhammad (s.a.v.) yana bir hadislarida shunday deganlar: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo toʼligʼicha berilibdi”. (Imom Buxoriy “Аl-adab al-mufrad” kitobida rivoyat qilgan).
Darhaqiqat, tinchlikni saqlash, uni mustahkamlash kundalik ishimiz, muqaddas burchimiz ekan, har qaysi fuqaro, avvalo, oʼz vazifasini vijdonan ado etishi, shu bilan birga, gʼarazli maqsadda qilinayotgan axborot xurujlarga, uydirma va mish-mishlarga berilmasdan, sodir boʼlayotgan voqealarga ochiq koʼz bilan qarashi, oʼz uyi, oʼz mahallasi, shahar-qishlogʼida osoyishtalik barqaror boʼlishi uchun jon kuydirishi, mana shu haqiqatni chuqur anglab, ogohlik va hushyorlikni oʼz hayotining mezoniga aylantirishi zarur.

Sirojiddin Jahonov,
“Xoja Buxoriy” oʼrta maxsus
islom bilim yurti oʼqituvichi