Moʼmin kishining ziynati – uning axloq va muomalasining goʼzalligidadir

Kim biror kishini yaxshilik qilishga chaqirsa, uning savobi, yaxshilikni qilgan kishining savobichadir.
(Hadis)
Har bir moʼmin inson oʼzi yashab turgan zaminida doʼst boʼlsin yoki dushman boʼlsin, u bilan goʼzal muomalada boʼlishi matlubdir. Chunki moʼminlik yaxshilik, xayirlik va barokatlik alomatidir. Moʼmin kishi moʼmin insonlar ichida xuddiki, goʼzal yuzni chiroyli qilib turgan holdek boʼlishi matlubdir. Shuning uchun ham, moʼmin kishining odobi hamma tarafdan – sirtqi tarafidan ham, ichki tarafidan ham, uning xatti-harakatida ham, oʼzini tutishida, oldi-berdisida, qiladigan barcha tasarrufotlarida ham eng goʼzal tarzda namoyon qila olishi kerakdir. Moʼmin kishining kiyim – boshi faxr uchun emas, zebu ziynatga boy koʼrinish uchun kiyishi kerak emas, balki kishi koʼzida sodda, toza, sipo va ozoda holda boʼlib yurishi kerakdir. Moʼmin kishi oʼzini tutishida, muomalasida birovning koʼngliga qattiq botadigan soʼzlarni gapirmaydi. U oʼzining feʼli va axloqi bilan hurmat – eʼtibor qozona oladigan kishi boʼladi. Moʼmin kishi har bir soʼzini durni ipga tizib chiqqan kabi soʼzlamogʼi joizdir. Har bir soʼzini gapirganda, asosli ravishda soʼzlashi, soʼzlaganda nuqsonsiz soʼzlamogʼi kishilarda savol tugʼdirmasligi uning odobidandir. Ogʼzidan chiqadigan har bir soʼzini aqli bilan charxlab, oʼylab gapirishi oʼzini hurmatiga mos boʼlgan tarzda soʼzlamogʼi darkordir. Muomala bobida ham sunnatga muvofiq harakat qilish kerak. Misol uchun, jamoat ichiga kirganda, ha deganda qimirlab, atrofdagilarni oʼziga jalb qilishi kerak emas. Kirganda ham, odob bilan kirib, oʼtirganlarga salom berib kirishi, odamlarni toʼrtib, oʼrib old qatorda oʼtirishmas, balki boʼsh turgan, koʼzi yetgan joyga sekin oʼtirib, oʼtirgan joyida atrofdagi kishilar bilan hol soʼrab qoʼyishi kerakdir, chunki paygʼambarimiz s.a.v.ning odatlari shunday boʼlgan. Oʼtirgan joyida ham notoʼgʼri xatti-harakatlar qilib, koʼpchilik ichida soqolini oʼynab, uzugini barmogʼiga oʼynatib, atrofiga alanglashi, keraksiz soʼzlar bilan koʼp bidirlab, oʼzidagi narsalar bilan maqtanishlik, birovni gapirib, ustidan mish-mish tarqatishlik moʼmin kishiga xos boʼlmagan holatdir.
Kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, unga oʼsha yaxshilikni qiluvchiga berilgan ajrcha ajr berilur. (hadis)
Аytish joizki, insonlar eʼtibor bermaydigan, eʼtibor bersa ham amal qilmaydigan koʼp holatlar mavjud. Shuning uchun kichik eslatma qilishlikni oʼzim uchun lozim deb bildim, zero, eslatmoq moʼminlar uchun manfaat keltirur. Goʼzal muomala, axloq va odob moʼmin kishining ziynatidir.
Birovlarning musibati ustidan hech qachon kulma! Kambagʼalning huzurida boĭligingni gapirma! Bemorning huzurida sogʼligingni gapirma! Kuchsizning huzurida kuchingni gapirma! Baxtsizning huzurida baxtingni gapirma! Mahbusning huzurida erkingni gapirma! Bepushtning huzurida farzandlaringni gapirma! Yetimning huzurida otangni gapirma! Ularning musibatidan kulsang, alami ortadi. Johilliging bilan ularni tiriklaĭ gŭrga tiqasan!
Senga dastlab yaxshi munosabat qilgan kishiga eʼtibor berma, sen bilan oxirigacha yaxshi munosabatda qoladigan kishiga eʼtibor ber!
Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadisi shariflarida marhamat qilinadiki: Jannatga doxil qiluvchi sabablarning eng asosiysi – Аllohdan qoʼrqishdir, taqvodir, muttaqiy, xush axloqli qul boʼlmoqdir.
Inson goʼzal axloqli boʼlsa, ishlari yurishadi, insonlar bilan muomala, munosabatlari yaxshi yoʼlga qoʼyiladi, boshqalarga ham foydasi yetadi. Boshqalarning baxtli boʼlishiga sababchi boʼladi… Yomon axloqli inson esa, boshqalarning xafagarchiliklariga, jamoat tartibining buzilishiga sababchi boʼladi. Bir qancha kelishmovchiliklar, notinchliklarni yuzaga keltiradi. Аlloh Taolo insonni goʼzal axloqi tufayli jannatga kirgizadi…ᅠ
Аbdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh goʼzal axloqqa bunday taʼrif beradi: “Goʼzal axloq – ochiq chehrali boʼlish, insonlarga doimo yaxshilik qilish va ularga aziyat yetkazadigan narsalarni bartaraf etishdir”.
Oʼqiganda yoqimli va qilish osondek koʼringan bu amallar aslida dinimizda eng ulugʼ savobga erishish mumkin boʼlgan maqbul ibodat sanaladi. Paygʼambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Qiyomat kuni tarozuda goʼzal axloqdan oʼzga ogʼirroq keladigan narsa yoʼq”, deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Shu nuqtai nazardan, asli fitratimizda bor boʼlgan, bizga olam-olam savoblar keltiradigan goʼzal axloqni “uygʼotish” unchalik qiyin ish emas.
Qayerda va qaysi joyda boʼlishimizdan qatʼiy nazar Аllohdan qoʼrqishga chaqirib Paygʼambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qaerda boʼlsangiz ham, Аllohga taqvo qiling, agar birorta gunoh qilsangiz albatta, uning ortidan biror savobli ishni qilinki, qilgan gunohingizni oʼchirib yuborsin, insonlarga chiroyli xulq bilan muomala qilgin” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Goʼzal axloq – shirin soʼz, yaxshi muomala, muhabbat, tabassum, marhamat koʼrsatish, avvalo, insonning oʼzidan boshlanishi kerak. Yaʼni, inson oʼziga yaxshilik qilib, boqiy dunyoda xayr va saodatga erishishi uchun ana shu yaxshiliklarga qoʼl urishi lozim. Zero, bu amallar oʼz oʼrnida uni halovat va baxt koʼchasiga olib kiradi…

Nilufar Berdiyeva
“Xoja Buxoriy” oʼrta maxsus islom bilim yurti oʼquv-uslubiy boʼlim boshligʼi