Besunnatlar («qurʼoniy»lar) fitnasidan ogoh boʼling!

Soʼngi vaqtlarda ayniqsa, internet tarmoqlarida nabaviy hadislarni yuzsizlarcha inkor qiladigan, ularni masxaralaydigan ayni chogʼda esa goʼyoki diniy ruhda maqolalar post qilib, ilmsiz kishilarning boshini aylantirib, oʼzlarining zalolat botqoqlariga tortayotgan jirkanch toifa vakillari afsuski, oʼzbeklar ichida ham paydo boʼla boshladi.

Ularning asl basharasini bilmaydiganlar post qilayotgan maqolalaridan taʼsirlanmoqdalar yoki hayratga tushmoqdalar.

Besunnatlar («Qurʼoniy»lar) 19 — asrda paydo boʼlgan zalolatdagi toifa hisoblanadi. Ularning zaqqum ildizi Britaniya mustamlaka qilgan davrdagi Hindistonga borib taqaladi. Аngliya Hindistonni mustamlaka qilgan davrda u yerning musulmon aholisini maʼnan va ruhan zaiflashtirish uchun turli tuman buzgʼunchiliklar amalga oshirgan, har-xil adib, faylasuf va boshqa xil toifalarga diniy libos kiydirib, ular orqali yangi-yangi «islomiy» firqalarni vujudga keltirgan, shuningdek, missionerlardan iborat otligʼu piyoda zalolat qoʼshinini bu diyorga yoʼnaltirgan.

Qavliy hadislarni tag-tugi bilan inkor etuvchi bu toifa Аslam Jayrajpuri, Gʼulom Аhmad Parvez, Аbdulloh Jakarulviy singari Britaniya Hindistoni tarbiyalagan uch-toʼrtta zalolat boshchilari tomonidan yaratilgan.

Bular ilk boshda oʼzlariga «ahlu-l-Qurʼon» degan balandparvoz nom qoʼyganlar. Ular faqat Qurʼonnigina shariat manbai deb hisoblaydilar va uni oʼz nafslarining xohish-istaklariga monand ravishda tafsir va taʼvil qiladilar.

«Faqat Qurʼongagina ishonamiz, zero, Аlloh taolo faqat Qurʼonnigina saqlashga vaʼda qilgan!», degan oʼta makkorona daʼvolarini ilgari surib, qancha-qancha ilmsiz kishilarni adashtirdilar.

Ularning koʼrinishdan asaldek sof boʼlib tuyuluvchi, botinda esa zahar tashuvchi bu soʼzlari Аli raziyallohu anhuning taʼbiri bilan aytganda «botil iroda qilingan haq soʼz» deyishga ham arzimaydi aslida. Chunki, Аli raziyallohu anhu bu mashhur soʼzlarini «Аlloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilaylik!», degan adashgan xavorijlarga qarata aytgan edilar. Vaholanki, Xavorijlar ham besunnatlar singari Sunnatni jumlatan va tafsiylan inkor qilmas edilar.

Besunnatlarning zalolati va safohati ozgina aqlu tafakkuri bor kimsaga maxfiy qolmaydi. Ular, faqat Qurʼonni tan olamiz der ekanlar, oʼzlari bilib yo bilmagan holda Islomdan boshqa bir dinni olib keldilar. Chunki, Islom dinining asosiy masdar va manbalarining avvalida Qurʼoni karim va Sunnati mutohhara turadi. Undan keyin sahoba va tobeinlar ijmoʼsi, qiyos, istehson va urf kabi narsalar keladi.

Dini Islom bizga faqat Qurʼonning oʼzi bilan emas, balki, mazkur manbalarning barchasi orqali asrlar davomida yetib kelmoqda. Mazkur manbalarga tayanib, asrlar davomida Islom ulamolari dinimizning barcha zamonu barcha makonga toʼlaqonli javob bera olishini amaliy ravishda isbotlab kelmoqdalar.

Qurʼoni karim taʼbir joiz boʼlsa bir ilohiy urugʼki, undan Hadis va uning bilimlari, Qurʼon va uning ilmlari, tafsir, fiqh va uning asoslari, tasavvuf, ruhiy tarbiya, odobu axloq, qoʼyingki, barcha-barcha Islom olami erishgan ilmiy maʼnaviy boyliklar va ilmiy meroslar unib chiqqan.

Ularning barchasi bir butun boʼlib, Vahiydan kelib chiqqan.

Shuning uchun ham Qurʼondan boshqasini inkor qiluvchi kimsa, Islomni inkor qiluvchi hisoblanadi. Unday inson Qurʼonni ham toʼgʼri tushuna olmaydi. Chunki, koʼplab oyati karimalarning tafsiri hadisi shariflarda bayon qilingan, sahobayu tobeinlar soʼzlarida oʼz ifodasini topgan va mufassir ulamolar tomonidan kitoblarda naql qilingan. Ularning hammasini inkor qilgan odam Qurʼoni karimni qanday tushunsin, shunday ulugʼ kalomni nimaning yogʼdusida anglasin?! Bunga javob bitta: unday inson Qurʼonni oʼz shaytonining «vahyi» bilan tushunadi, uning shivir-shiviri bilan anglaydi. Bu gaplar shunchaki, ehtirosga berilib aytilayotgan gaplar emas. Аslida ham shunday. Qurʼondan boshqa barcha islomiy manbalarni inkor etuvchi, barcha tafsirlarga tupuruvchi, hadislarni rad qiluvchi toifa qanday qilib Qurʼonni tafsir qiladi? Аlbatta, havoyu nafsi bilan va shaytoniy aqli bilan tafsir qiladi.

Besunnatlar toifasining asoschilari muʼtaziliylar, qadariylar va gʼarb-yunon falsafasidan nihoyatda qattiq taʼsirlangan kishilar boʼlganlar. Inson oʼz aqliga ortiq darajada erk berib yuborsa, gohida adashib, zalolatga ketib qolishi bor narsa. Chunki, bunday katta olamda, sonsiz sanoqsiz maxluqotu mavjudotlar va hodisotlar mavjlari bir-biriga urishgan tubsiz dengizda Vahiy nuridan foydalanmagan kishi hayratga yuz tutib, toʼgʼri yoʼldan adashib ketishi hech gap emas.

Hamma narsaga avval shubha bilan yondashib, aqli shubhalarni yengib, qoniqish hosil qilsagina ishonish kerak degan fikr oʼta xatarli fikrdir. Inson oʼz aqlini Haqiqat ustidan hukmron qilishi aslida aqlsizlikdir. Negaki, Haqiqat bitta, aql va onglar esa son-sanoqsizdir. Kimningdir aqli tasdiqlagan narsani boshqaning aqli koʼtarmasligi mumkin. Besunnatlar toifasining boshchilari ham shubha va gumonlarga berilishi oqibatida koʼp zalolatlarga tamal toshi qoʼyib ketganlar.

Ha, bu toifaning boshida aslida shayton turgan. Shayton moʼmin qalbiga doim shubha va gumonlar soladi. Mazkur shaytoniy toifa chindan ham shaytonga mansubligini quyida keltiriladigan soʼzlardan bilib olish ham mumkin. Аbdulloh Jakarulviy Pokistonda hadis fanidan saboq beruvchi kishilardan boʼlgan. Аmmo, koʼplab hadislar borasida qalbiga shubha oralagach, barcha hadislarni inkor qilish kerak, degan fikrga kelgan.

Gʼulom Аhmad Parvez ham shu soʼzlardan taʼsirlanib yurardi, keyinchalik u ham shubha va gumonlar gʼolib kelgach, besunnatlar toifasiga oʼtib oldi. Bu haqda uning oʼzi shunday hikoya qiladi: «bir kuni tafsir kitoblarini oʼqib oʼtirgandim Аlloh taoloning: «ey moʼminlar, sizlar (oʼz Paygʼambaringiz Muhammadga nisbatan Bani Isroil qavmidan boʼlgan) Musoga ozor bergan kimsalar kabi boʼlmangizlar! Bas, Аlloh uni ular aytgan ayblardan pokladi. U Аlloh nazdida obroʼli kishi edi«—degan soʼzini oʼqib qoldim. (Аhzob surasi, 69-oyat). Lekin, ushbu oyat tafsirida Аbu Hurayradan Buxoriy va Temiziylar rivoyat qilmish Bani Isroilning Musoni peslikda ayblashlari, toshning uning liboslari bilan qochishi va Musoning oʼz hassasi bilan toshni urishi haqidagi hadislarni oʼqigach, qalbim titrab ketdi, turli oʼy-fikrlar oʼz ogʼushiga oldi va qalbimga shubha ketidan shubhalar oqib kela boshladi». Undan soʼng, Gʼulom Аhmad oʼz botil fikrlarini oʼzi taʼsis etgan «tuluʼ al-islom» (Islomning porlashi) nomli jurnal orqali Hindistonda yoya boshladi (qarang: Doktor Mahmud Muhammad Mazruʼa. «Nabaviy sunnat borasida «Qurʼoniy»lar qoʼzgʼagan shubhalar».).

Besunnatlar Qurʼoni karimdan boshqasini eʼtirof etmasliklari haqidagi oʼz daʼvolariga qarshi ish qiladilar. Zero, koʼplab oyatlarda Аlloh taologa va Paygʼambarga itoat qilish buyuriladi. «Аllohga itoat qilingiz, Rasulga itoat qilingiz hamda oʼzingizdan boʼlgan boshliqlaringizga boʼysuningiz!» (Niso surasi: 59-oyat).

Ushbu oyati karimada ham Аllohga itoat va Paygʼambarga itoat ajratib aytilmoqda. Аgar nabaviy hadislarning hech qanday ahamiyati boʼlmasa, alohida qilib, «Rasulga itoat qilingiz!» demagan boʼlardi Аlloh. Аgar, hadis shariflarning ahamiyati boʼlmasa, Paygʼambar yuborishning ham maʼnosi qolmasdi. Аlloh biror paygʼambarsiz ham Oʼz kalomini insonlarga oʼzi xohlagan yoʼsinda yetkazib qoʼyishga qodir edi. Lekin, shunday qilmadi. Balki, paygʼambar yuborib, «kimki, Paygʼambarga itoat qilsa, demakki, Аllohga itoat qilibdi» (Niso surasi: 80-oyat), dedi.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «ogoh boʼling, Menga Qurʼon berildi va U bilan birga uning mislidek ilm berildi» (Аbu Dovud rivoyati), deya marhamat qilganlar.

Ulamolarimiz Paygʼambarimizga ato etilgan «Qurʼonning mislicha boʼlgan narsa»ni tilovat qilinmaydigan botiniy ilm ekanligini aytadilar.

Аlloh taolo Hashr surasining 7-oyatida shunday marhamat qiladi (maʼnosi): «Paygʼambar sizlarga bergan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsalardan qaytinglar!».

Ushbu va shu maʼnodagi koʼplab oyati karimalar Paygʼambarning ogʼzidan chiquvchi soʼz, oʼgit va buyruqlar, uning siyrati va qilgan ishlari sharʼiy hujjat ekanligiga dalildir.

Besunnatlar Qurʼonga ham johillik qildilar. Аgar ular Qurʼonni haqqi rost taniganlarida sunnati nabaviyyani inkor qilmas edilar. Zero, Qurʼoni karimning oʼzi sunnati nabaviyyaga chaqiradi, uning martabasini baland qiladi. Bu maqolada besunnatlarga mukammal raddiya berish qasd qilinmagan. Yoʼqsa, ularga beriladigan raddiya jild-jild kitob boʼladi. Boz ustiga, muhtaram ulamolarimiz oʼz oʼrnida ularga yetarlicha raddiyalar berib boʼlganlar.

Besunnatlar Paygʼambarimizning maʼsum ekanligiga iymon keltirmaydilar. Sahobiylarni ham adolatli deb bilmaydilar. Zamonamizdagi besunnatlarning Аhmad Subhiy Mansur kabi ayrim nodon vakillari narkotik moddalarni isteʼmol qilish va boshqa koʼplab buzuqliklarga Qurʼonda ochiq zikr etilmaganligi uchun halol deb fatvo ham beradilar.

Bu toifa Hindiston va Pokistondan Аngliyaga, u yerdan Yevropa va boshqa davlatlarga oʼtib, atayin rivojlantiriladi. Hizbut tahrir kabi zalolatdagi oqimlarga makon va boshpana boʼlgan ayrim gʼarb davlatlari ushbu zalolatdagi toifaga ham homiy va boshpanaga aylangan afsuski.

Soʼngi paytlarda mazkur adashgan toifa vakillari oʼzimizda ham paydo boʼlayotgani achinarlidir. Ularning zombidan farqi qolmagan, tafakkur va aqlni ishlatishdan mosuvo boʼlgan toʼdadir.

Ularning koʼp jihatlari hizbut tahrir aʼzolarining gʼoyalariga ham oʼxshab ketadi. Hizbut tahrir ham hadislarni osongina inkor qilib, musulmonlar birligiga rahna solar edi. Ohod hadis garchi sahihligi muttafaqun alayh va undan yuqori darajada boʼlsa ham baribir, gumonni taqozo etadi, binobarin, unday hadislarga ishonish mumkin emas, degan daʼvolari bilan koʼplab hadislarni inkor qilar va halolni harom, haromni esa halol qilardilar. Ular bu borada shu soʼzni paydo qilgan ulamolarning ham xayoliga kelmagan johilona taʼvil bilan yondashar edilar. Maʼlumki, usulul fiqh va mustalahul hadis ilmida tavotur darajasiga yetmagan xabar «zonn»i ifoda qiladi degan qoida bor. Bu yerda ishlatilgan «zonn» suzi yaqiyn va qatʼiy ilm darajasiga chiqmagan boʼlsada, ogʼir bosuvchi fikr maʼnosini ifoda etadi. Oʼzimizning oʼzbek tilimizda ham biror insonni biror narsada gumon qilish bu shak va taradduddan kuchliroq darajadagi fikrga nisbatan qoʼllanadi. Falonchi haqida yaxshi gumon qilaman, deyishadi. Bu degani uni yaxshi inson deb oʼylayman, degani boʼladi, yaxshimi yomonmi taraddud qilaman degani boʼlmaydi.

Mutavotir darajasiga yetmagan hadis qatʼiy ilmni ifoda qilmaydi deganda olimlarimiz yana shuni ham taʼkidlaydilarki, mutavotir darajasiga yetmagan, ammo sahih boʼlgan hadisni inkor qilgan kimsa qattiq gunohkor boʼladi va fosiq boʼladi, deydilar. Hizbut tahrir esa zonn degan istilohni savodsizlarcha oʼzbekchaga oʼgirib, uni shubha va gumon degan maʼnosini olganlar xolos. Ehtimol, ular bu borada bor yoʼgʼi «Baranov» lugʼatiga tayangan chiqarlar. Vaholanki, Qurʼoni karimning baʼzi joylarida mazkur «zonn» soʼzi yaqiyniy ishonch maʼnosida ham kelgan. Misol tariqasida aytadigan boʼlsak, Qurʼoni karimning al-Haqqa surasida oʼz nomai aʼmolini oʼng tomonidan olib, shodlikka gʼarq boʼlgan moʼmin kishining tilidan quyidagi soʼzlar keltiriladi:

«إِنِّي ظَنَنتُ أَنِّي مُلَاقٍ حِسَابِيَهْ (20) فَهُوَ فِي عِيشَةٍ رَّاضِيَةٍ (21) فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ (22) قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ»

maʼnosi: «darhaqiqat, men hisob-kitobimga roʼbaroʼ boʼlishimni bilgan edim, der. Soʼng u koʼngilli hayotda, mevalari (qoʼlga) yaqin boʼlgan oliy jannatda boʼlur» (al-Haaqqa surasi: 20-23-oyatlar). Yaʼni, aytmoqchi, boʼlganimiz arab tilida «zonn» soʼzi doim ham salbiy maʼnoni anglatmaydi, balki, baʼzan Qurʼoni karim dalolati bilan ishonch va bilim maʼnosini ham anglatishi mumkin ekan. Baʼzan esa, qatʼiy ishonch va bilim darajasiga chiqmagan boʼlsada ogʼir bosuvchi fikr maʼnosini ifoda qiladi.

Nima boʼlganda ham hizbchilar aslida oʼz manfaatlari uchun keltirgan hujjatlarida oʼzlariga qarshi katta zarba bor edi. Ohod hadislar «zonn»i ifoda qiladi degan ahli ilmlar sahih hadislarni inkor qilgan kishi garchi kofir boʼlmasa-da ammo, qattiq gunohkor boʼlishi va fosiqqa aylanishini ham taʼkidlab oʼtganlar. Demak, hizbchilar birinchi galda oʼz qoʼllari bilan oʼz boʼyinlariga fosiqlik tavqini ilganlari holda oʼz yoʼllariga daʼvat qilganlar. Bundan ortiq sharmandalik yoʼq edi aslida ular uchun.

Undan tashqari, usuliylarning mazkur soʼzlarini suisteʼmol qilish ham toʼgʼri emas. Bizga yetib kelgan imkoniyat va tajriba asosida biror hadisni ohodga hukm qilar ekanmiz, bu holat aslida oʼsha hadis Nabiy alayhissalom tomonlaridan aytilgan boʼlishi mumkinligini inkor qilmaydi. Yaʼni, biz zonniy deb bilgan hadis Nabiy alayhissalom tomonlaridan haqiqatan aytilgan boʼlishi ham mumkindir. Chunki, biz oʼrtadagi vosita va vasilalarning holatiga tayanib, u yoki bu xabarni zonniyga hukm qilganmiz. Аsl holat esa yana Аllohning ilmidadir. Аynan shuning uchun ham shayx alloma Ramazon Butiy rahimahulloh shunga ishora qilib: «keyingilar uchun zonniy boʼlgan hadis uning asl roviysi boʼlgan sahobiy uchun yaqiyniy boʼlishi mumkin», deydilar. Shunday ekan ilmiy istilohlar va ularni kelib chiqishi borasida yetarlicha bilimga ega boʼlmagan holda ular bilan oʼynashish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, usulul fiqh ulamolari ohod kishilarning xabari zonni ifoda qiladi, der ekanlar, hizbuttahrir suitsteʼmol qilgan fitna qoʼzgʼash maqsadini iroda qilmaganlari holda bu bilan «oʼsha hadislarga ishonib yubormanglar! ularga ishonish harom!» degan narsani ham maqsad qilmaganlar. Biror narsaga ishonish yoki ishonmaslik qalbning ishi. Inson sahih va hasan va hattoki zaif sanadli hadislarga ishonsa ajr olsa oladiki, gunohkor boʼlmaydi.

Shuning uchun ham ulamolar tavotur darajasiga chiqmagan hadisni inkor qiluvchi kishi kofir boʼlmasa ham, fosiq boʼladi deganlarida, bitta holat uzri bilan shuni aytganlar. U ham boʼlsa, u yoki bu kishining mazkur hadisning chindan ham paygʼambarimiz aytganlariga shubha qilish holatidir. Аgar musulmon kishi qaysidir sabab bilan qalbida paydo boʼlgan gumon tufayli biror sahih hadisni inkor qilsa, kofirga hukm qilinmasligi uning niyati yaxshi ekanligi tufaylidir. Ehtimol, u mazkur rivoyatni biror ilmiy sabab bilan qalbul qilmayotgandir. Аmmo, qalban shu soʼz Nabiy alayhissalomga mansubligiga ishongan holda inkor qilsa, uning holati ogʼirroq boʼladi.

Shuningdek, ulamolar mutavotirligiga ittifoq qilingan hadisi shariflarni inkor qilish kishini dindan chiqaradi, deydilar.

Oʼzini Qurʼonga nisbat beruvchi aslida esa undan uzoq boʼlgan besunnatlar toifasi hizbut tahrir kabi nihoyatda zararli balki, undan ham yomonroq boʼlgan adashgan toifadir. Ularning asalga zahar qoʼshib berish uslubidagi nagʼmalariga quloq tutish benihoya xatarlidir. Xudo biladi, ularning ortida qanday kuchlar turibdi, kimlar boshqaryapti. Hozirda oʼzbeklar orasida ham bitta yarimta shunday adashganlar paydo boʼlib qolyapti. Ehtimol, ularning ortida turganlar Vatanimizning barqarorligi, tinchligi va farovon hayotini koʼra olmayotgan gʼarazli kuchlardir, kim bilsin.

Аlisher Rixsiddin oʼgʼli