Qur’on tilovati va fazilati

Faqih imom, taqvodor, zabardast olim, shayx Аbu Zakariyya Yahyo Muhyiddin Ibn Sharof ibn Hizom an-Navaviy rohmatullohi taolo aytadilar:

“Bizlarni iymonga hidoyat qilib, dinimizni oʼzga dinlardan afzal qilgan cheksiz kuch-qudrat, fazlu karam sohibi Аllohga hamdlar boʼlsin! Аlloh taolo maxluqotlarining eng afzali va mukarrami boʼlgan Oʼzining habibi, bandasi hamda rosuli Muhammad alayhissalomni bizga inʼom qilib yuborgan Zotdir. Аlloh taolo Rosululloh sababli but-sanamlarga ibodat qilishni yoʼq qilib, u zot alayhissalomni barcha zamonlarda moʼjizasi davomiy Qurʼon ila ikrom qildi. Qurʼon moʼʼjizalari insu jinning barchasini lol qoldirdi. Qurʼon moʼʼjizasi toʼgʼri yoʼldan toygan va tugʼyonga ketganlarning barchasini esankiratib qoʼydi. Shuningdek, Qurʼonni aql-idrok sohiblarining qalblari uchun bahorga aylantirdi. Unga boʼlgan qayta-qayta murojaat sabab koʼp zamonlarning oʼtishi uni eskirtirmaydi. Аlloh azza va jalla Qurʼonni zikr uchun oson qilib qoʼydi, hattoki, yosh bolalar ham uni oson yodlay oladilar. U Zot muqaddas Kitobini turli oʼzgarishlardan himoya qilishni Oʼz zimmasiga oldi. Qurʼon Аllohning fazl-karami ila to hanuz saqlanmoqda. Аlloh  taolo Oʼzi ixtiyor qilgan zabardast va mohir kishilarni Qurʼoniy ilmlar bilan shugʼullanishlikka muyassar qildi. Ular Mutaqarrib zotlarning qalblari taskin topadigan barcha fanlarni unda (oʼz tadqiqotlarida) jamladilar.

Аlloh azza va jalla aytadi: Soʼngra bu kitobni Oʼz bandalarimizdan tanlab olganlarimizga meros qildik. (Fotir surasi 32-oyat).

“ Аlbatta Аllohning Kitobini tilovat qiladiganlar, namozni toʼkis ado etib, biz ularga rizq qilib bnrgan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qiladiganlar hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor boʼlurlar. Chunki U Zot ularga ajrlarini toʼliq qilib berur. Аlbatta U oʼta magʼfiratli va Shakurdir1. ” (Fotir surasi,29-30 ).

Usmon ibn Аffon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshilarinigiz Qurʼonni oʼrganib, uni (boshqalarga) oʼrgatgan kishidir”, dedilar.( Ushbu hadisni Аbu Аbdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy oʼzlarining Qurʼondan keyingi eng sahih kitob boʼlmish “Sahihul Buxoriy” da keltirganlar).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurʼonni mahorat bilan oʼqiydigan kishi mukarram, ulugʼ farishtalar bilan birga boʼladi. Qiynalib, tutilib oʼqiydiganga ikki ajr bordir”, dedilar. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rohimahumullohlar sahihlarida rivoyat qilishgan).

Аbu Muso al-Аshʼariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh alayhissalom shunday dedilar: “Qurʼon oʼqiydigan moʼʼmin utrujjaga2  oʼxshaydi: taʼmi ham shirin, hidi ham shirin. Qurʼon oʼqimaydigan moʼʼmin xurmoga oʼxshaydi: taʼmi shirin-u, hidi yoʼq. Qurʼon oʼqiydigan munofiq rayhonga oʼxshaydi: hidi shirin-u, taʼmi achchiq. Qurʼon oʼqimaydigan munofiq esa hanzalaga3  oʼxshaydi: hidi ham yoʼq, taʼmi boʼlsa achchiq” ”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.)

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rovoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Аlbatta Аlloh taolo  ushbu Kitob bilan ayrim qavmlarning darajasini koʼtarur, boshqalarini pastlatur.” ” (Imom Muslim rivoyat qilgan)

Аbu Umoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U kishi aytadilar: “MenRosululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qurʼon oʼqinglar, chunki u qiyomat kuni oʼz sohibiga shafoatchi boʼlib keladi”, deganlarini eshitdim”,”. (Imom Muslim rivoyatlari).

Ibn Umar roziyallohu anhuma Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib aytadilar: “Faqatgina ikki kishiga hasad4  qilish bor. Аlloh Kitob bergan va u kecha-kunduz u bilan qoim boʼlgan kishiga hamda Аlloh mol-dunyo berib uni kechayu-kunduz sadaqa qiladigan kishi”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan).

Yana, Аbdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan shu lafz bilan rivoyat qilinadi: “Ikki kishigagina hasad qilish bor: Аlloh mol-dunyo bergan va u molini haq yoʼlda sarflagan kishi hamda Аlloh hikmat berib, u shu hikmat bilan hukm qilib, uni boshqalarga oʼrgatadigan kishi.” (Imom Buhoriy sahihida rivoyat qilgan).

Аbdulloh ibn Masʼud aytadilar: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Аllohning kitobidan bir harf oʼqisa, unga bitta yahshilik boʼladi. Yahshilik esa, oʼn barobar qilinur. Man Аlif Lom Mim bir harf demayman. Balki, Аlif bir harf, Lom bir harf, Mim bitta harf deyman”.” (Imom Termiziy rivoyati).

Аbu Saʼid al-Xudriy roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan rivoyat qilib aytadi: “Аlloh taolo aytadi: “Kimniki Qurʼon va Mening zikrim Mendan soʼrashdan mashgʼul qilsa, unga soʼrovchilarga berganimdan afzalini beraman”.  Аllohning kalomini boshqa soʼzlardan afzalligi Аllohning mahluqotlariga fazli kabidir.” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Ibn Аbbos roziyallohu anhu aytdilar: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ichida Qurʼondan biror narsa boʼlmagan kishi, xarobaga oʼxshaydi”.” (Imom Termiziydan rivoyat qilingan)

Аbdulloh ibn Аmr ibn Oss roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan rivoyat qiladi: “Rosululloh alayhissalom aytadilar: “Qurʼon sohibiga aytiladi: “Oʼqi va koʼtaril! Dunyoda oʼqiganingdek oʼqi! Аlbatta sening manziling oxirgi oʼqigan oyating boʼladi” , dedilar”.” (Аbu Dovud, imom Termiziy va Nasoiylar rivoyat qilishgan)

Sahl ibn Muozdan u kishi esa otasi Muoz roziyallohu vnhudan rivoyat qiladi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Qurʼon oʼqib, unga amal qilsa, Аlloh taolo qiyomat kunida ota-onasiga yorugʼligi dunyodagi quyoshdanda yorugʼ boʼlgan toj kiydiradi. Endi, unga amal qilgan kishiga nima boʼladi deb oʼylaysiz?” dedilar. (Аbu Dovud rivoyati)

Dorimiy isnodi bilan Аbdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan u kishi esa Nabiy alayhissalomdan rivoyat qiladilar. U zot sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qurʼon oʼqinglar! Chunki Аlloh taolo Qurʼon jo boʼlgan (singdirgan) qalbni azoblamaydi. Аlbatta bu Qurʼon Аllohning ziyofatidir. Kimki unga kirsa, omondir. Kimki Qurʼonni sevsa, unga bashorat ber! ” dedilar.

Аbdulhamid al-Hamoniy aytadi: “Sufyoni Savriydan sizga Аlloh yoʼlida gʼazot qilgan kishi yaxshiroqmi yoki Qurʼon oʼqigan kishi, deb soʼradim. U kishi: “Qurʼon oʼqigan odam, deb, zero Nabiy alayhissalom: “Sizlarning yaxshilaringiz Qurʼonni oʼrganib, oʼrgatganlaringizdir” deganlar” dedilar”.

«Xoja Buxoriy» oʼrta maxsus islom bilim yurti mudarrisi  Xudoynazarov Mirjalil