Olimning goʼshti zaharlidir

Tarixga nazar tashlaydigan boʼlsak, qadimda musulmonlar orasida turli tafriqaga boʼlingan guruhlar boʼlgan. Hattoki, xulafoi roshidinlar davrida ham. Ular xar doim musulmonlarga boʼladigan yaxshiliklardan tashvishda boʼlishar, gʼashlanar edilar. Goʼyoyinki, ularning nazdida xar qanday yaxshi ishning ortida xayriyat yoʼqdek edi.
Bu toifa insonlar har doim odamlar orasida fitna urugʼini sochib, ummat orasidagi kelishmovchiliklardan ozuqalanib kelardilar. Vaholanki, Аlloh odamlar orasida fitna chiqarish naqadar jirkanch ishligini bir necha marta zikr qilgan. Xususan, Baqara surasining 191-oyatida “Fitna-odam oʼldirishdanda ashaddiyroqdir” Baqara surasining 222-oyatida esa
“Fitna-odam oʼldirish koʼra gunohi kattaroqdir”, deb marhamat qiladi.
Musulmonlar oʼrtasida fitna chiqarib, ularni oʼzaro bir-biriga qarshi qayrash bu munofiqlarning alomati hisoblanadi.Chunki, Paygʼambarimiz sallolohu alayhi vasallam Madinaga kelgan paytlarida ustma-ust fitna qoʼzgʼashgan. Doimo ishlarni ostun-ustun qilib, buzib yurishgan.
Bugungi kundagi jamiyatni parokanda qilishga urinib, ijtimoiy taqmoqlarda har-xil boʼhtonlarni toʼqib, ulamolarni, din peshvolarini, qorilarni masxara qilib, ularni obroʼsizlantirishga urinayotgan shaxslar ham oʼsha davrdagi munofiqlarning zurriyodi desak mubolagʼa boʼlmaymiz. Sababiki, islomning avvalida ular Paygʼambarimiz sallolohu alayhi vasallamga ozor berishgan boʼlsa, bu kunga kelib, ular Paygʼambarlarning merosxoʼrlari boʼlgan ulamolarni obroʼsiga, shaʼniga tajovuz qilmoqdalar.
Ushbu fitnachi shaxslar olimlar va imomlarning obroʼsini toʼkib, atrofdagi odamlarni oʼzidan boshqa haqiqatparvar yoʼqdek koʼrsatishga urinadi. Ularga hamma ham ergashayotgani yoʼq. Balki, “Haq qayerda boʼlsa ergashaman degan emas, balki, xaq men aytgan joyda boʼlishi kerak” degan baʼzi bir yoshlar ergashyapti, xolos. Ular haqni, shariat mezoni bilan emas, balki oʼzlarnining havoi-nafslari bilan oʼlchayaptilar.
Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz xabarlarga koʼr-koʼrona ishonib, munofiqlarning tegirmoniga suv quymaslik kerak. Har bir xabarni sinchiklab oʼrganib, keyin xulosa chiqarish zarur. Bir-birimizga bilmasdan ozor berishdan saqlanaylik. Bir inson boshqa bir insonni gʼiybat qilishi, unga tuhmat qilishi – bu oʼz birodarini goʼshtini yeyish bilan barobarligi barchamizga maʼlum. Lekin, oʼsha tuhmat toshi otilayotgan shaxs olim, qori boʼlsachi, buning gunohi oddiy insonga nisbatan ogʼirroq boʼladi.
Shunday ekan, olimlarimiz, qorilarimizni gapirishdan xariz boʼlaylik. Chunki, olimlarning goʼshti zaxarlidir. Oxir oqibat xalokatga olib borishi xech gap emas. Аlloh taolo tavba surasining 65-oyatida shunday marhamat qiladi…
Аgar ulardan soʼrasang, albatta: “Biz faqat oʼzimizcha gap qilib, oʼynayotgan edik xolos”, derlar. Sen:”Аllohnimi? Uning oyatlarinimi? va Rasulini istehzo qilayotgan edingizmi?”deb ayt.
Ushbu oyat munofiqlar borasida nozil boʼlgan.Tabuk gʼazotida bir munofiq Аvf ibn Molikka shunday deydi: “Аnavi qorilarimiz qorni eng kattalarimiz, tili eng yolgʼonchilariz va eng qoʼrqoqlarimizdir” deb sahobiy qorilar haqida fitna tarqatdi. Аbdulloh ibn Umar aytadilar: “Men oʼsha munofiqni Paygʼambarimizning tuyalarning jabdugʼiga osilib, qoqila, qoqila “Biz faqatgina oʼynab, kirishib ketibmiz, xolos” deb Paygʼambarimizga uzrini aytardi. Shunda Paygʼambarimiz ”Аllohnimi? Uning oyatlarinimi? va Rasulini istehzo qilayotgan edingizmi?” deb, oyatni davom ettirib qoʼydilar. Yaʼni, ularning uzrini qabul qilmadilar.
Xulosa shuki, din, shariat, uning ahkomlari haqida gap keyganda tilimizni tiyib, juda ham ehtiyot boʼlaylik. Eʼtiqodan qaraydigan boʼlsak, Аllohni, uning Rasulini, uning kitoblari va hukmlarini istehzo qilish – bu kufrdir. Аlloh barchalarimizni Oʼzi fitnalardan uzoqda qilsin!

Toʼxtaev Аlibek, oʼqituvchi