ILM BOYLIKDАN USTUNDIR.

ILM BOYLIKDАN USTUNDIR.
“Ilm gapning koʼpligida emas.
Ilm qoʼrqishning koʼpligidadir”

Islom dini ilmga qanchalik eʼtibor berishini, iymon va ixlosdan keyin ilm hamma narsadan ustun turishini koʼrsatadi. Chunki ilm boʼlmasa, namoz, roʼza, zakot, haj va boshqa amallarni oʼrganish, ado etish ham mumkin emas.
“Bir vaqtlar Misrda aka-uka yashar edi. Biri ilm oʼrgandi, biri esa boylik orttirdi. Ilm oʼrganganini oʼz zamonasining eng buyuk olimi boʼldi. Uning ukasi esa Misrning eng badavlat kishisi boʼldi. Boy boʼlgan uka faqir boʼlib qolgan ilmli akasiga mensimay qarar, uni doim kamsitardi.
– Men boy boʼldim, buyuk saltanat egasi boʼldim. Sen esa faqir va yoʼqsil, miskin va nochor qolding, – derdi. Olim boʼlgan akasi uning soʼzlariga hech eʼtibor bermas va oʼzini magʼrur tutar edi. U boy ukasiga shunday derdi:
– Ey oʼzini bilmagan qardoshim! Tushunmasdan ogʼzingga kelgan soʼzni gapirma! Men Janobi Haqqa qancha shukronalar qilsam arziydi. Chunki meni oʼz paygʼambarlariga voris qildi, yaʼni menga ilm sarvati (boylik)ni berdi. Mening nazarimda ilmdan buyuk, ilmdan fazilatliroq boshqa narsa yoʼqdir. Sen esa Firʼavnning, Xomonning va Qorunning merosiga ega boʼlding. Sen umringni mol toʼplamoqqa bagʼishlading. “Molimning boshida choʼponlik qilayin, qoʼriqlayin”, deb umring besamar ketdi. Sen oʼlganingdan soʼng eski sopolni ham olib ketolmaysan. Shuning uchun sen, molingni boshqalar uchun toʼplagansan. Senga Аllohning savol-javobidan va azobidan boshqa narsa qolmaydi. Men esa oyoq ostida chirqiragan bir qushcha kabi xoksorman. Sen esa ignang bilan hammani chaqadigan, ozor beradigan qizil qovoqari kabisan. Men insonlarga azob beradigan quvvat bermagani uchun Janobi Haqqa qanchalar shukrona qilsam ham kamdir.”
Аlbatta, ilm sohibi mehr va hurmat koʼradi, ilmdan benasib kishi esa umrini behalovat oʼtkaradi. Ilm oʼz sohibi bilan oxiratga qadar boradi. Boylik bu dunyoda qoladi, egasi esa hisobini berolmasa, jahannamga tushadi. Ilm insonning sharafini yuksaltiradi. Boylik insonni qoʼriqlamaydi. Mol-dunyoni egasi qoʼriqlaydi.
Bugun ilmu maʼrifat qadrlimi, molu dunyo, mansab va shunga oʼxshash oʼtkinchi narsalar qadrlimi? Hozirgi hayotimizda ilm xalqasiga oʼzini urgan qadrlimi yoki soʼmu dollarlar “xalqasi”ga oʼzini urgan qadrlimi….?
“Kim ilm talab qilsa, oʼtgan narsalarga kafforat boʼlur”.
Talabi ilm ibodat ekanligini bilamiz. Talabi ilm savob ish ekanini ham bilamiz alhamdulillah. Bilishimiz kerakki, talabi ilm baʼzan oʼtgan gunohlarning yuvilishiga ham sababdir. Bu narsa Islom dinini talabi ilmga qanchalik ahamiyat berishini koʼrsatadi. Gunohga yoʼl qoʼymagan banda yoʼq. Demak, har bir banda oʼz gunohining yuvilishiga muhtojdir. Tavba bilan, boshqa ibodatlar bilan gunohlar yuvilib turadi, ammo baʼzi birlari talabi ilm bilan yuviladi. Аna oʼsha gunohlarimizni yuvish uchun ham talabi ilm qilishimiz kerak. Bundan hech kimga emas, faqat oʼzimizga foyda keltiramiz xolos. Ha, ilm talabida boʼlsak gunohlarimiz, albatta yuvilajak!
“Kim ilm talab qilish yoʼliga tushsa, Аlloh unga jannatning yoʼlini yengillashtiradi”.
Ilmga bundan ortiq targʼib boʼlmasa kerak. Har bir insonning oliy maqsadi – jannat. Jannatga erishish uchun u har narsaga, har qanday qiyinchiliklarga tayyor turadi. Ilm talab qilish esa, jannatning yoʼliga tushishning boshi ekan. Ilm yoʼli bilan borgan odam oxiri jannatning eshigi oldidan chiqqay inshaalloh!

“Xoja Buxoriy” oʼrta maxsus islom bilim yurti
Nilufar Berdieva