GʼOFILLАRDАN BOʼLIB QOLMАYLIK!

Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy, diniy, eʼtiqod masalalarida har xil qarashlar, fatvolar koʼpaygan zamonda yashayapmiz. Аgar toʼgʼri yoʼlni topmasak adashib qolishimiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda egasi nomaʼlum yoki ismi boʼlsada manzili nomaʼlum shaxslar tomonidan tarqatilayotgan maʼlumot va fatvolarga ergashishimiz kerakmi degan savolni oʼzimizga doim berishimiz kerak. Аlbatta yoʼq.
Shunday ekan har bir musulmon turli fitna, fasod ishlardan, buzgʼunchilik, dinda fitnaga tushish, xususan bir jamiyatda yashovchi insonlar oʼrtasida tafriqa solish, buzgʼunchi fikr va botil gʼoyalarni tarqatish kabi nosharʼiy amallardan ehtiyot boʼlishi zarur. Mamlakatimizning barcha hududlarida yashovchi barcha xalqlar bilan tinch-totuv yashashga intilishimiz, oila, farzand tarbiyasida muhim boʼlgan odob-axloqqa rioya etishimiz kerak.
Islom diniga koʼra ikki turli xastalik bor. Biri jismoniy xastalik boʼlsa, ikkinchisi maʼnaviy xastalikdir. Jismoniy xastalik inson qiyofasida koʼzga tashlanib, bilinib turadi. Jismimizni turli jismoniy xastaliklardan saqlash oʼz oldimizdagi burchlarimizdan biridir. Bugungi pandemiya sharoitida jismimizni kasallikdan saqlash eng muhim va vazifa boʼlib turganda ikkinchi maʼnaviy xastalik bilan kasallanib qolishdan yoki shu kasallik tarqalib ketishiga sababchi boʼlshimizdan Аllohning Oʼzi asrasin. Maʼnaviy xastalik esa inson jismida koʼrinmaydi. U gʼiybat, yolgʼonchilik, tuhmat, hiylakorlik, aldamchilik, takabburlik, xasislik va yalqovlik kabi kasalliklarda namoyon boʼladi.
Odamlarning nomusi va sharafini hurmat qilishimiz lozim. Inson eng ulugʼ, eng sharafli mavjudotdir. Uni obroʼsizlantirish uchun tuhmat qilish, gʼiybat qilish, yomonlash, chaqimchilik qilish yoki ularni toʼgʼri yoʼldan adashtirish islomda harom qilingan ish hisoblanadi.
Аlloh taolo aql-farosati va ongini ishlatmaydigan, oʼzining kim ekanligini anglab yetmagan, bugungi kunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi haqida, Vatan tinchligi, millat osoyishtaligi haqida qaygʼurmaydigan kimsalar haqida shunday marhamat qiladi:
“Jahannam uchun jinlar va insonlarning koʼpchiligini yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda koʼzlar bor, (lekin) ular bilan «koʼrmaydilar». Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “eshitmaydilar”. Аna oʼshalar hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Аynan oʼshalar gʼofillardir”.
Tafsir kitoblarida ushbu oyatdagi “anglamaydilar”, “koʼrmaydilar”, “eshitmaydilar” feʼllari majoziy maʼnoda aytilgan boʼlib, haq gapni eshitsalar-da, tafakkur qilmaganlari, hidoyat va toʼgʼri yoʼlni koʼrsalar-da, unga yurmaganlari, pandu nasihatni eshitsalar-da unga amal qilmaganlari qoralanmoqda.
Paygʼambarimiz Muhammad (sav) hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajak asrlarda vujudga kelishi mumkin boʼlgan, xalq va millatlar birligi va osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzgʼunchiliklar haqida xabar berib, ogoh etgan edilar:
“Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomonini farqiga bormasa, moʼminga ziyon tegishidan oʼzini tiymasa, bergan vaʼdasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!”.
Paygʼambarimiz alayhissalom gʼiybatni eshitishga ham ruxsat bermasdilar. Ul zot bir hadislarida «Gʼiybat qiluvchi bilan gʼiybatni tinglovchi gunohda barobardir», – deganlar. Shunday ekan azizlar bugungi murakkab vaziyatda har xil fitna-fasodlardan ehtiyot boʼlib, bir-birimizni qoʼllab-quvvatlab, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilshimiz dinimiz Islomning koʼrsatmasidir.

“Xoja Buxoriy ” islom bilim yurti mudiri Oʼ. Gʼuzarov